Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin tor doirada muzokara o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin tor doirada muzokara o‘tkazdi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Ko‘ksaroyda 19-oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti davlat tashrifining asosiy tadbirlari boshlandi. Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin tor doirada muzokara o‘tkazdi.

Prezidentimiz oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari keyingi ikki yilda yanada mustahkamlanganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Moskva shahrida Birinchi Prezdentimiz Islom Karimovga haykal o‘rnatilgani va tantanali ochilgani uchun O‘zbekiston xalqi nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.

«Rossiya O‘zbekistonning strategik sherigi. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mamlakatlarimiz hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi va barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanmoqda. 

Keyingi bir yilning o‘zida yuqori darajada saksondan ortiq tashriflar tashkil etildi. Hududlar o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Bugun Toshkentda Hududlararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Rossiya hududlari, jamoatchiligi va biznesining mingdan ortiq vakili ishtirok etmoqda.

Joriy yil boshidan hozirgacha tovar ayirboshlash hajmi o‘ttiz foizga o‘sdi. Yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda», — dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari yana bir strategik loyiha — mamlakatimizda birinchi atom elektr stansiyasi qurilish loyihasi boshlanayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Madaniy-gumanitar aloqalar kengayib borayotgani ta’kidlandi. Joriy yilda ilk bor O‘zbekiston-Rossiya media-forumi o‘tkazildi, tashrif arafasida Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida Ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi.

«Bu keyingi paytlarda hamkorlikda erishilgan yuqori marralarga bir nechta misol, xolos. Davlat tashrifingiz O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari rivojiga yangi, kuchli impuls bag‘ishlashiga ishonaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Vladimir Putin davlatimiz rahbariga taklif uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Rossiyaning ishonchli ittifoqchisi, strategik sherigi ekanini ta’kidladi. Prezidentimizning Rossiyaga o‘tgan yilgi davlat tashrifidan keyin ikki tomonlama munosabatlarda, hamma sohalarda asosli o‘zgarishlar bo‘lganini qayd etdi.

Uchrashuvda amaliy hamkorlikni kengaytirish, turli sohalarda yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring