Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev yoshlarni xorijda o‘qitish uchun katta mablag‘ ajratishni topshirdi

Shavkat Mirziyoyev yoshlarni xorijda o‘qitish uchun katta mablag‘ ajratishni topshirdi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 18-dekabr kuni zamonaviy kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘ldirish, bilimli yoshlarni strategik sohalarga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirgi paytda xorijda doktorantura va magistraturada o‘qitish, malaka oshirish va stajirovkani tashkil qilish bo‘yicha dastlabki ehtiyoj 3,5 mingdan ortiq. Yurtimizda xalqaro ilmiy va amaliy tajriba ega 600 nafardan ziyod vatandoshlarimizga ehtiyoj mavjud. 1000 ga yaqin xorijiy olimlar va ekspertlarni jalb etishga talab bor.

Ya’ni, bugun kechiktirib bo‘lmaydigan, oddiy ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj 5 mingdan ziyodni tashkil etadi. Agar ishlab chiqarishdagi talab ham inobatga olinsa bu raqam kamida 50-100 baravarga oshadi.

– Bu hali bugungi ehtiyoj. Yaqin va uzoq istiqboldagi iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan bizga qaysi soha uchun qanday mutaxassis kerak bo‘ladi? Shuni hozirdan chuqur o‘ylashimiz, zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlarni tarbiyalashimiz kerak. Bu masala bizning kelajagimiz, bizning ertangi kunimiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining joriy yil 25-sentabrdagi farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etilgan edi.

Jamg‘arma oldiga o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni doktorantura va magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qitish, turli soha mutaxassislarining malakasini oshirish va stajirovkasini tashkil etish, xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularni mamlakatimizda bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga jalb qilish, chet eldagi universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qo‘mak berish vazifalari qo‘yilgan.

Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun 2019-yilda davlat budjetidan 45 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, bu mablag‘ yanada oshiriladigan bo‘ldi.

Yig‘ilishda shu yo‘nalishdagi ishlarni to‘g‘ri tashkillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Vazirlar Mahkamasiga “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda barcha vazirlik va idoralar kesimida xorijda kadrlar tayyorlash, stajirovkasini tashkillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Oliy ta’lim vazirligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasiga kadrlarni xorijga yuborish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni aniqlab, tanlov e’lon qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Jamg‘arma Tashqi ishlar vazirligi, Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda xorijda qimmatli tajribaga ega bo‘lgan vatandoshlarimiz to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirib borishi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mamlakatlar va mutaxassisliklar kesimida vatandoshlar to‘g‘risida ma’lumotlar reyestrini tezroq ishga tushirishi zarurligi qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga jalb etilayotgan har qanday xorijiy investitsiyaning ma’lum bir qismini malakali mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirish kerakligini alohida ta’kidladi.

Yig‘ilishda yana bir masala – istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish, ularning kasb malakasini uzluksiz oshirib borishga ko‘maklashish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Respublika bo‘yicha vazirlik, idora va tashkilotlarda rahbar kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida o‘tkazilgan tanlovning dastlabki bosqichidan so‘ng 8 ming 334 talabgordan 3 ming 825 nafari keyingi bosqichlarga tavsiya etildi. Yakunda 50 nafar yuqori malakali kadr tanlab olinadi.

Prezident tanlovning final bosqichi ishtirokchilarini qisqa muddatli kurslar orqali malakasini oshirish kerakligini ta’kidladi. Tanlov g‘oliblarining stajirovkasi qaysi rivojlangan mamalakatda, qaysi tashkilotlar va qanday mezonlar asosida o‘tkazilishini aniq belgilash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Prezident ko‘rsatib o‘tgan masalalar ijrosi yuzasidan mutasaddi rahbarlar hisobot berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring