Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tadbirkorlik, isitma va konsilium. Yangi farmon bizga nima beradi?

Tadbirkorlik, isitma va konsilium. Yangi farmon bizga nima beradi?

Foto: Prezident matbuot xizmati

2020 yilning 27 oktyabrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida» farmoni e’lon qilindi. Aynan mana shu farmon doirasida Qarshi shahrida «Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi» ochildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kuni kecha ushbu klinika faoliyati bilan tanishib chiqdi.



Bu klinika bizga nima beradi? Hayotimizda va tadbirkorlik muhitida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Maqola shu haqda...

Xavotir
Farmon e’lon qilingandan so‘ng turli fikrlar bildirildi. Kimdir xursand, boshqalarda esa xavotir paydo bo‘ldi. Qaysidir korxona yopilib ketmaydimi? Odamlar ish o‘rinlarini yo‘qotmaydilarmi? Aksariyat savollar shu yuzasidan bo‘ldi.

— Yo‘q, bu bo‘yicha fuqarolar umuman xavotir olmasalar bo‘ladi, — deydi jurnalistlar savoliga javoban Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sunatulla Bekenov. — Prezident farmoni aksincha, korxonalar o‘rtasidagi raqobatni oshirish va iqtisodiyot rivojlanishi uchun qabul qilingan. Davlatning bozordagi o‘rni qancha ko‘p bo‘lsa, tadbirkor oldidagi to‘siq shuncha katta bo‘ladi. Masalan, davlat idorasi biror xizmatga extiyoj sezsa, eng avvalo davlat unitar korxonalariga murojaat qilishni istaydi. To‘g‘rimi? Bu esa tabiiyki raqobat muhiti yo‘qolishiga olib keladi. Shunday ekan, davlat aktivlarini xususiylashtirish iqtisodiyot uchun faqat manfaatli bo‘lishi mumkin.

Tanish-bilishchilik?
Albatta farmon yuzasidan yana qo‘shimcha savollar bor! Xususiylashtirish jarayoni shaffof o‘tadimi, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilmaydimi, tadbirkor huquqlari poymol etilmaydimi? Bularning barchasiga javob topish shart. Sunatulla Bekenovning aytishicha, aynan shunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikalari tashkil etilmoqda.

—Xususiylashtirishdan maqsad budjetga pul tushirish emas — davlat pul uchun korxonalarni sotib yubormayapti. Balki iqtisodiyotni rivojlantirish va tadbirkorlikni sog‘lomlashtirish maqsad qilingan. Klinikalar ham shu maqsadda ochilmoqda. Aytaylik, mana jurnalistlarda ham shuncha savol bor ekan. Tabiiyki tadbirkorlar va fuqarolarda ham bo‘ladi. Klinikada esa barcha savollarga javob topish mumkin bo‘ladi, — deydi mutasaddi.

Konsilium
Klinikadan maqsad shuningdek yana tadbirkorlardagi muammolarni ham hal qilish hisoblanadi.

— Tibbiyotda konsilium, degan atama bor — turli soha shifokorlari bemorga tashxisni birga qo‘yadi va davo choralarini belgilaydi. Biz ham tadbirkorlardagi ehtimoliy muammolarni shu yo‘l bilan hal qilishni maqsad qilganmiz. Har qanday muammoning sababi va oqibatlari bo‘ladi. Biz oqibat emas, sababga qarshi kurashishimiz kerak. Masalan, isitma — kasallik sababi emas, balki oqibatidir. Uni yo‘qotish uchun avvalo muammoning ildizini topish kerak. Klinikamizda hokimlik, soliq, gaz, elektr va boshqa idoralar vakillari bo‘lishadi. Qaysidir tadbirkorning faoliyatida muammo yuzaga kelsa, birgalikda o‘rganishadi va hal qilishadi.

Asos bormi?
Bularning barchasi juda yaxshi albatta. Ammo bu chora-tadbirlar faqat qog‘ozda qolib ketmaydimi? Aytaylik, o‘sha sanab o‘tilgan idora vakillari klinika talablariga bo‘ysunadimi? Bunga qanday asos mavjud?

— Klinika Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish va soha muammolarini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan qabulxonasi tizimida faoliyat yuritadi. Shunday ekan, bizda istalgan ijro hokimiyati vakili bilan bevosita ishlash imkoniyati bo‘ladi, — deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sunatulla Bekenov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring