Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

TIV Qozog‘istondagi o‘zbekistonliklar bo‘yicha bayonot berdi

TIV Qozog‘istondagi o‘zbekistonliklar  bo‘yicha bayonot berdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qo‘shni Qozog‘istondagi vaziyatni muntazam ravishda kuzatib bormoqda. Bu haqda vazirlik rasmiy vakili xabarida ma’lum qilindi. 

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari – Nur-Sultondagi Elchixonasi, Olma-ota va Aqtaudagi bosh konsulliklarida tezkor shtablar tashkil etildi.

Qiyin ahvolda qolgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Talabalar bilan aloqa o‘rnatildi. Ularga zarur yordam ko‘rsatish ishlari olib borilmoqda. Nur-Sulton shahridagi aeroportda parvozini kutayotgan fuqarolar issiq ovqat bilan ta’minlandi.

Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari bilan ularning qarindoshlari va yaqinlari o‘rtasida aloqa o‘rnatishda tezkor yordam ko‘rsatilmoqda.

Olmaotadan O‘zbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati tuzildi. Ular «Uzbekistan airways» kompaniyasining navbatdagi reyslari orqali Vatanga qaytariladi. Hozirda Olmaota aeroporti yopiqligicha qolmoqda.

O‘zbekistonning diplomatik va konsullik muassasalari Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari vakillari bilan joylarda doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Hozirda O‘zbekiston fuqarolarining hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q.

Vazirlik eslatib o‘tadiki, mamlakatimiz fuqarolari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Nur-Sulton (telefon raqami: +7 771 020 36 73), Olma-ota (telefon raqami: +7 777 950 44 33) va Aqtau (telefon raqami: +7 777 599 00 51) shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq TIV Qozog‘iston bo‘yicha bayonot berib, vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga umid bildirishini ma’lum qilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring