Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andrey Sidorov: «Hujumchi sifatida fikru yodim hamisha raqib darvozasini ishg‘ol qilishga qaratilgan, maydondagi boshqa o‘yinchilardan farqimiz ham — shu»

Andrey Sidorov: «Hujumchi sifatida fikru yodim hamisha raqib darvozasini ishg‘ol qilishga qaratilgan, maydondagi boshqa o‘yinchilardan farqimiz ham — shu»

Andrey Sidorov (chapdan birinchi)

Foto: AFC

Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bugun Toshkent vaqti bilan 23:50 da poytaxtimizga yetib kelishdi. «Xabar.uz» muxbiri Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi hujumchisi — finalda Vetnam olimpiyachilari darvozasiga hal qiluvchi golni urgan Andrey Sidorovdan ekslyuziv intervyu oldi.

— Men uchrashuv tugashiga sanoqli daqiqalar qolganda maydonga tushgan bo‘lsam-da, ich-ichimdan gol urishimni his qilayotgan edim. Hozir bu gaplarim odamlarga balandparvoz so‘zdek tuyulishi mumkin, ammo hujumchi sifatida fikru yodim hamisha raqib darvozasini ishg‘ol qilishga qaratilgan. Bizga shunday o‘rgatishgan, maydondagi boshqa o‘yinchilardan farqimiz ham — shu.

Ammo maydonda doim ham hujumchilar gol uravermaydi, uchrashuv qahramoni istalgan ampluada o‘ynovchi futbolchi bo‘lishi mumkin. Finalda bu menga nasib etganidan, yurtdoshlarimiz orziqib kutgan g‘alabaga hissamni qo‘sha olganimdan benihoya xursandman. O‘yindan so‘ng darhol uyimdagilarga qo‘ng‘iroq qildim. Ular ham o‘zlarida yo‘q shod edilar.

Fursatdan foydalanib, menga ishonch bildirib, final uchrashuvida maydonga tushirgan murabbiyimga minnatdorchilik bildiraman. Uning, O‘zbekistonimning, millionlab muxlislarimizning ishonchini oqlay olganimdan baxtiyorman.

Kezi kelganda yarim tun, qahraton qish, izillagan sovuq bo‘lishiga qaramay bizni kutib olishga chiqqan davlat va hukumat rahbarlariga, futbol muxlislariga rahmat deyman!

Muxbirimizning «Kelgusi rejalaringiz qanday?», degan savoliga: «Hozircha bu haqda o‘ylamayapman», deb javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, final uchrashuvida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi vetnamliklarni 2:1 hisobida mag‘lub etgan edi. E’tiborlisi, o‘yinning 118-daqiqasida maydonga tushgan Andrey Sidorov 120-daqiqada burchakdan yo‘llangan zarbani Vetnam darvozasiga aniq yo‘llashning uddasidan chiqdi.

Mavzuga doir:

Ravshan Haydarov: «Terma jamoa o‘yinining o‘zgarishi va chempion bo‘lishida Oqto‘ba fojiasi katta ta’sir ko‘rsatdi»

Eksklyuziv! Akrom Komilov Koreyaga qay tarzda gol urganini aytib berdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring