Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Biryo‘la ikkita Respublika oliy sport mahorati maktabiga yangi rahbar tayinlandi

Biryo‘la ikkita Respublika oliy sport mahorati maktabiga yangi rahbar tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining tegishli buyrug‘i bilan Xolmatov Komil Turniyazovich Suv sporti turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga direktor etib tayinlandi.

Komil Xolmatov 1966 yilning 7 may sanasida Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida hamda Respublika pedagogika ilmiy tekshirish instituti (aspirantura)da tahsil olgan.

Mehnat faoliyatini esa Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasida boshlagan. So‘ngra Respublika Baynalminal madaniyat markazi ish boshqaruvchisi, Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati Markaziy kengashi tashkiliy va kadrlar bo‘limi boshlig‘i, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Qashqadaryo viloyati filiali direktori, O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya instituti Milliy va Xalqaro kurash turlari kafedrasi o‘qituvchisi, O‘zbekiston «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati mintaqaviy kengashi xodimi, sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi yo‘riqchi-uslubchisi, suv sporti turlari bo‘yicha Respublika oliy sporti mahorati maktabi direktori, 2018-yildan hozirgi vaqtga qadar sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport vazirining tegishli buyrug‘i bilan Yusupov Azimjon Radjapovich sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga direktor etib tayinlandi.

Azimjon Yusupov 1976 yilning 13 aprelida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida tug‘ilgan. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutida tahsil olgan.

Mehnat faoliyatini shu ilm dargohida talabalar kasaba uyushmasining qo‘mita raisi sifatida boshlagan. 2004-yildan Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti kasaba uyushmasi qo‘mita raisi, so‘ngra Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti moliya va iqtisod ishlari bo‘yicha prorektori, 2010-2014-yillarda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti huzuridagi akademik litsey direktori, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi «Ma’naviyat targ‘ibotchisi» nodavlat ta’lim muassasasi ijrochi direktori lavozimlarida ishlagan.

2019-yil 11-yanvardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Komil Xolmatov hamda Azimjon Yusupovlarga mas’uliyatli lavozimlarda omad tilab qoladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring