Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘ofur Rahimov mashhur bokschi Rufat Risqiyevga maktub yozdi (foto)

G‘ofur Rahimov mashhur bokschi Rufat Risqiyevga maktub yozdi (foto)

Foto: Boks federatsiyasi matbuot xizmati

Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylari va a’zolari mashhur bokschi Rufat Risqiyevning xonadonida bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati «Daryo.uz»ga ma’lum qildi.

Kecha, 23-may chorshanba kuni amalga oshirilgan uchrashuvda Rufat Risqiyev xonadonida dildan suhbat bo‘ldi. Sobiq chempion terma jamoa a’zolariga o‘z maslahatlarini berdi.

Shuningdek, boks bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolari afsonaviy o‘zbek sportchisiga AIBA vaqtinchalik prezidenti G‘ofur Rahimovning maktubini yetkazishdi.

Foto: Boks federatsiyasi matbuot xizmati

«Siz boks bo‘yicha jahon chempioniga aylangan birinchi o‘zbek sportchisisiz. Aynan siz tufayli O‘zbekistonda buyuk chempionlar avlodi yetishib chiqdi. AIBA ijroiya qo‘mitasi a’zolari va men sizga va sizning oilangizga siz uchun og‘ir bo‘lgan hozirgi damlarda barcha tomonlama qo‘llab-quvvatlov taqdim etishga tayyormiz», — deyiladi maktubda.

Eslatib o‘tamiz, 2016-yilning sentyabr oyi oxirlarida Toshkent shahridagi 16-shifoxonada shifokorlar venalar trombozining og‘irlashishi sababli Rufat Risqiyev o‘ng oyog‘ining tizzadan pastini kesib tashlash uchun jarrohlik amaliyotini o‘tkazgandi.

Foto: Boks federatsiyasi matbuot xizmati

Ma’lumot uchun, 68 yoshli Rufat Risqiyev – 1974-yilgi jahon chempioni va 1976-yilgi Olimpiya o‘yinlarining kumush medali sovrindori. AQSh, Kuba, Avstriya, Sobiq Yugoslaviya, Ispaniyada o‘tkazilgan xalqaro turnirlar g‘olibi.

Foto: Boks federatsiyasi matbuot xizmati

Markaziy Osiyodagi ilk xalqaro toifadagi professional boks hakami. «Hurmat Belgisi», «Buyuk xizmatlari uchun», «El-yurt hurmati» ordenlari kavaleri. Yaqin o‘tmishda – O‘zbekiston professional boks federatsiyasining vitse-prezidenti, ayni paytda – nafaqada.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring