Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalistlar o‘rtasida mini-futbol musobaqasi o‘tkaziladi. G‘olib jamoaga — 10 million so‘m

Jurnalistlar o‘rtasida mini-futbol musobaqasi o‘tkaziladi. G‘olib jamoaga — 10 million so‘m

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ko‘magida televideniye, radio, matbuot nashrlari, internet saytlari, nashriyot-matbaa ijodiy uylari jamoalari o‘rtasida Agentlik kubogi uchun mini-futbol musobaqasi o‘tkazilishini e’lon qildi.

Musobaqa 5 ta guruhga bo‘lingan jamoalar o‘rtasida tashkil etiladi.

“A” guruhida mamlakatimiz televideniyelari, “V” guruhida radiokanallari, “S” guruhida respublika gazeta va jurnallari tahririyatlari, “D” guruhida internet tarmog‘ida OAV sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan veb-saytlar, “E” guruhida Agentlik tizimidagi korxonalarning jamoalari o‘zaro bellashadilar.

Jamoalar yo‘nalishidan kelib chiqib, bitta tahririyatdan yoki bir yo‘nalishdagi bir nechta tahririyat vakillaridan tuzilishi, jamoa a’zolarining umumiy soni 8 nafardan kam bo‘lmasligi lozim.

Uchrashuvlar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan ajratiladigan tajribali hakamlar ishtirokida mini-futbol qoidalariga ko‘ra tashkil qilinadi.

Musobaqada ishtirok etish uchun arizalar hamda jamoalar ro‘yxati joriy yilning 1 noyabridan 15 noyabriga qadar O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan qabul qilinadi. Jamoalar musobaqada ishtirok etish haqida:

- ariza;

- jamoa ro‘yxati;

- jamoa a’zolarining har biri OAV yoki nashriyotda ishlashi haqidagi ma’lumot nusxasini taqdim etishi lozim.

G‘oliblar quyidagi ko‘rinishda mukofotlanadi:

1-o‘rinni egallagan jamoa a’zolarining har biriga kitoblar jamlanmasi, musobaqa kubogi hamda jamoaga 10 million so‘m pul mablag‘i.

2-o‘rinni egallagan jamoa a’zolarining har biriga kitoblar jamlanmasi hamda jamoaga 8 million so‘m pul mablag‘i.

3-o‘rinni egallagan jamoa a’zolarining har biriga kitoblar jamlanmasi hamda jamoaga 6 million so‘m pul mablag‘i.

Shuningdek, “Eng yaxshi o‘yinchi”, “Eng yaxshi to‘purar”, “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng yaxshi yarim himoyachi” hamda “Eng yaxshi himoyachi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanadi va pul mukofoti hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Futbol uchrashuvlari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining sun’iy qoplamali maydonlarida 2018 yilning 1-5 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring