Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Manchester: «Siti» seriali to‘xtadi, «Yunayted»niki davom etmoqda

Manchester: «Siti» seriali to‘xtadi, «Yunayted»niki davom etmoqda

Foto: «iSport.ua»

Angliya premer-ligasining 27-turi markaziy uchrashuviga 7-mart kuni Manchester shahri mezbonlik qildi. Derbi! 21 o‘yindan beri (barcha turnirlarda) tinmay g‘alaba qozonib kelayotgan «Manchester Siti» o‘z maydonida turnir jadvalidagi eng yaqin ta’qibchisi «Manchester Yunayted»ni qabul qildi.

APL chempionligi uchun kurashda «shaharliklar» yaqqol peshqadam, biroq derbida «qizil iblislar» g‘alaba qozonib, raqibining chempionlik sari shashtini sal so‘ndirishdi, qolaversa, ularning g‘alabali seriyasiga (21 ta o‘yinda g‘alaba, shundan 15 tasi APLda) nuqta qo‘yishdi.

O‘yin «Siti» uchun omadsiz boshlandi: 2-daqiqadayoq darvozasi tomon o‘n bir metrlik belgilandi — Brunu Fernandeshdan aniq zarba!

Doim bosiq va puxta o‘yinlari bilan raqiblarini oson yengib kelgan «MS» tezkor goldan so‘ng o‘ziga o‘xshamadi.

«Yunayted» esa 50-daqiqada ikkinchi golni (Lyuk Shou) kiritib, yakunda «safar»dan zafar bilan qaytdi.

«Manchester Yunayted» APL doirasida ketma-ket 22 o‘yindan buyon safarda mag‘lubiyatga uchramayapti.

Mag‘lubiyat, garchi u azaliy raqib va eng yaqin ta’qibchidan qabul qilib olingan bo‘lsa ham, «ManSiti»ning chempionlik kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatmasligi aniq: 65 ochkosi bor, «Yunayted»da esa 54 ochko. Har ikkisi ham 28 tadan o‘yin o‘tkazgan.

Biroq «MYu»ning ta’qibchilari juda yaqin: 3-o‘rindagi «Lester» hisobida 28 o‘yindan so‘ng 53 ochko bor.

«Chelsi» (47) va «Everton» (46) ham yetakchi beshlikda, biroq «Chelsi» bitta (27), «Everton» ikkita kam (26) o‘yin o‘tkazgan.

«Manchester Siti» — «Manchester Yunayted» — 0:2

Gollar: Fernandesh (2, penalti), Shou (50)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring