Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mundial-2018 yulduzlari: Rossiya kimga omad keltiradi?

Mundial-2018 yulduzlari: Rossiya kimga omad keltiradi?

Germaniya terma jamoasi — «Konfederatsiyalar kubogi — 2017» g‘olibi

Foto: FIFA.com

Mundial—2018 yulduzlari: Rossiya kimga omad keltiradi?

Keyingi yili Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etishi kutilayotgan yulduz futbolchilarning ba’zilari uchun rus maydonlari omadli hisoblanadi. «FIFA.som» sayti Germaniya, Belgiya, Argentina va Portugaliyaning Rossiyaga yoqimli xotiralar bilan tashrif buyuradigan futbolchilari haqida hikoya qildi.

Yulian Draksler, Germaniya terma jamoasi yarim himoyachisi

Rossiyadagi yoqimli xotira: Chili – Germaniya – 0:1

Qachon: 2017 yil 2 iyul.

Qayerda: Sankt-Peterburg, «Sankt-Peterburg» stadioni

Yulian Draksler joriy yilgi Konfederatsiyalar kubogida «bundestim»ning barcha uchrashuvlarida maydonga tushgan uch futbolchidan biri hisoblanadi. Chiliga qarshi final bahsida jamoa sardori o‘zini haqiqiy liderlardek tutdi. Yuqori tezlik, kuchli zarbalar, zarbaga bo‘lgan texnika va birga-bir vaziyatlardagi faollik tufayli 23 yoshli futbolchining maydon markazidagi harakatlari jamoadoshlariga katta yordam berdi.

Bu turnirda Draksler Germaniya terma jamoasi tarixidagi eng yosh sardor bo‘lish bilan bir qatorda Konfederatsiyalar kubog‘i g‘olibligi hamda eng yaxshi futbolchiga atalgan sovrin — «Adidas» oltin to‘pi»ga ham ega chiqdi. Keyingi yil yozda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati unga qanchalik omad keltirishini vaqt ko‘rsatadi.

Draksler mazkur turnirda yangi unvon oldi. U maydonda va uning tashqarisida barcha mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olib, eng zo‘r sardorga aylandi. U sheriklari bilan oson til topishdi va jamoamizning miyasiga aylandi. Boshqa futbolchilarni o‘z ortidan ergashtira oldi. U bilan ishlash juda yoqimli.

Yoaxim Lyov,
Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi

 

Romelu Lukaku, Belgiya terma jamoasi hujumchisi

Rossiyadagi yoqimli xotira: Rossiya – Belgiya – 0:2

Qachon: 2010 yil 17 noyabr

Qayerda: Voronej, Kasaba uyushmalari markaziy stadioni

Joriy yilning sentyabr oyida «MYu» hujumchisi Yevropa chempionlar ligasida SSKAga ikkita to‘p kiritib, jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Biroq bu hujumchi tomonidan Igor Akinfeyev darvozasiga kiritilgan dastlabki dubl emas. Belgiyalik 2010 yilda ham Voronejdagi o‘rtoqlik uchrashuvida ikkita to‘p kiritgan edi. O‘shanda, terma jamoa libosidagi ilk o‘yinida ishtirok etayotgan 17 yoshli futbolchi uchrashuvning 2- daqiqasidayoq dastlabki to‘pni kiritgan. Mana yetti yil o‘tib, uning hisobida terma jamoa uchun urilgan 31 ta gol mavjud. Romelu mundialda ham to‘purarlik qobiliyatini namoyish eta olarmikan?

Romelu Lukaku
Foto: Sportbox.ru

Ikkita golli vaziyat — ikkita gol! Arshavinni to‘liq «zararsizlantirib», Rossiya uchun hech qanday imkoniyat qoldirmadik. Bugungi kunda dunyoning eng kuchli o‘ntaligiga kiruvchi Belgiya terma jamoasi aynan Voronejda «dunyoga kelgan» edi.

Jorj Likens,
Belgiya terma jamoasi sobiq murabbiyi

 

Lionel Messi, Argentina terma jamoasi hujumchisi

Rossiyadagi yoqimli xotira: «Spartak» – «Barselona» – 0:3

Qachon: 2012 yil 20 noyabr

Qayerda: Moskva, «Lujniki» stadioni

Messi Rossiyaga qarshi Argentina terma jamoasi safida ikki marta, shuningdek, Chempionlar ligasi guruh o‘yinlarida rus jamoalariga qarshi o‘ynagan. Garchi superyulduz jamoalari yuqorigi bahslarning birortasida mag‘lub bo‘lmagan bo‘lsa-da, Lionel ularning faqat bittasida – 2012 yili «Spartak»ka qarshi bahsda raqib darvozasiga yo‘l topa olgan. O‘sha kuni 68 ming muxlis bilan to‘lib-toshgan «Lujniki»da ikkita to‘p kiritgan Messiga Jahon chempionatida to‘p kiritish nasib qilarmikan?

Lionel Messi
Foto: Eurosport

Men «Lujniki»da «Spartak»ka qarshi chempionlar ligasi bahsida o‘ynaganman. Ammo bu umuman boshqa stadion: zamonaviy, katta, chiroyli va qulay

Lionel Messi
(2017 yildagi Rossiya – Argentina o‘rtoqlik o‘yinidan so‘ng)

 

Krishtianu Ronaldu, Portugaliya terma jamoasi hujumchisi

Rossiyadagi yoqimli xotira: «MYu» – «Chelsi» – 1:1 (penaltilar bo‘yicha – 6:5)

Qachon: 2008 yil 21 may

Qayerda: Moskva, «Lujniki» stadioni

Portugaliyalik yulduz uchun Rossiya maydonlari begona emas. U Konfederatsiyalar kubogida terma jamoa, Chempionlar ligasida «Real» uchun bir necha gollar kiritgan. Ammo uning uchun eng qadrli o‘yin, shubhasiz, «MYu» safida 2008 yilgi «Lujniki»dagi Chempionlar ligasi finali hisoblanadi. Aynan Ronuldu final bahsidagi ilk golga mualliflik qilgan. Garchi o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida faqatgina u o‘n bir metrlik jarimani amalga oshira olmagan bo‘lsa-da, o‘sha kuni omad «MYu»  tarafida edi.

Krishtianu Ronaldu — YeChLdagi ilk g‘alabasini Rossiyada qo‘lga kiritgan
Foto: Futbol24

Rossiyada bir necha bor maydonga tushganman. Chempionlar ligasidagi ilk g‘alabaga ham aynan Moskvada erishganman. Rossiya menga omad keltirgan. Konfederatsiyalar kubogini yuta olmagan bo‘lsak-da, u biz uchun qiziqarli va foydali bo‘ldi.

Krishtianu Ronaldu

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring