Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Neftchi» — «Turon»: tartibsizlik yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

«Neftchi» — «Turon»: tartibsizlik yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: «Twitter.com»

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda «Neftchi» va «Turon» o‘rtasida vujudga kelgan janjallashuv ifodalangan videotasvir ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, Joriy yilning 1-dekabr kuni soat 14:00 da «Istiqlol» stadionida Farg‘onaning «Neftchi» va O‘zbekiston tumanining «Turon» «Pro liga» jamoalari o‘rtasida futbol musobaqasi bo‘lib o‘tgan. Uchrashuv yakuniga ko‘ra «Neftchi» jamoasi 1:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi. «Neftchi» PFK o‘yinchilari uchrashuv hakamidan norozi bo‘lib, janjallashgan. Janjal davomida o‘yingohga tashrif buyurgan «Neftchi» jamoasining taxminan 8 nafar muxlisi maydonga tushib, tartibbuzarlikni keltirib chiqarishgan.

Shu vaqtda, «Neftchi» va «Turon» jamoalari futbolchilari, zaxiradagi o‘yinchilari, murabbiylari va stadion styuardlari maydonga janjalni to‘xtatish va tinchlantirish uchun tushgan. Farg‘ona viloyati IIB xodimlari sa’y-harakatlari bilan janjal to‘xtatilib, qonunbuzarlar ushlanib, maydondan chetlashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, janjal oqibatida bosh hakamning yuz qismi lat yeyishi va tanasining shilinishi, yordamchi hakamlarning esa tanalariga turli ko‘rinishda jarohatlar yetkazilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 277-moddasi 3-qismi «v» (ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda sodir etilgan bezorilik) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Hozirda jinoyat ishi doirasida 6 nafar shaxs gumonlanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan bo‘lib, yana 2 nafar fuqaroning shaxsini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, yana 5 nafar fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganliklari uchun tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Tergov harakatlari davom etmoqda hamda tartibbuzarlik sodir qilgan barcha shaxslarning qonun oldida javob berishi ta’minlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring