Osiyo chempioni Odilbek Hamrobekov «Malibu»ni otasiga sovg‘a qildi

Osiyo chempioni Odilbek Hamrobekov «Malibu»ni otasiga sovg‘a qildi

Foto: the-afc.com

O‘zbekiston milliy axborot agentligi saytida Osiyo chempioni, Qarshining «Nasaf» klubi yarim himoyachisi Odilbek Hamrobekovdan intervyu e’lon qilindi.

Namangan viloyatida tug‘ilib o‘sgan futbolchi «Nasaf»da qanday paydo bo‘lganini izohlar ekan, «Navbahor»ga taktikasi to‘g‘ri kelmagan»ini aytadi.

Futbol sirlarini maktabda ustozim Mahmudjon Rahimov o‘rgatgan. U kishining tavsiyasi bilan To‘raqo‘rg‘onga bordim. «Navbahor» futbol maktabida tahsil olishni rejalashtirgan edim. Lekin o‘yin taktikam ularga to‘g‘ri kelmadi chog‘i, meni maktabga qabul qilishmadi. 2011 yil Qarshidagi «Nasaf» futbol akademiyasiga yo‘l oldim va Qarshida tahsilni davom ettirdim. O‘shandan buyon «Nasaf» klubi sharafini himoya qilib kelyapman.

«Shifokorlaringga rahmat degin»

Ikki yil avvalgi tibbiy ko‘riklardan so‘ng futbol o‘ynamay qo‘yganimda juda ko‘p muxlislar o‘sha vaqtlarda turli fikrlar bildirishgan edi, shu masala yuzasidan klubni, shifokorlarni ayblashdi. Bu bo‘yicha keskin tanqidlar ham bo‘lgan. Mavridi kelganda aytay, men bunday fikrdan yiroqman va noo‘rin fikrlarga qo‘shilmayman. Bunday o‘ylaydiganlarga javobim shundayki, meni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgandan so‘ng futbol o‘ynashdan vaqtincha to‘xtatishdi. O‘sha vaqtdagi murabbiy meni olimpiya saralash uchrashuvlariga olib ketishga rosa harakat qildi. Shiforkorlarga ko‘rsatishdi. Davolanib chiqdim, shunda ham shifokorlar ruxsat berishmadi. Shunda o‘zim ham salomatligimga jiddiy shikast yetgan deb havotirga tushdim. «Nasaf» klubiga katta rahmat aytaman, chunki klub rahbarlari meni yolg‘izlatib qo‘ymasdan Germaniyaga tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga yuborishdi. Germaniyalik shifokor menga: «Borib shifokorlaringga rahmat aytib qo‘ygin, seni futboldan vaqtida to‘xtatishibdi. Endi asta-asta o‘ynasang bo‘laveradi» - dedi. Xullas, Germaniyadan yangi umid va ishonch bilan qaytdim, o‘zgacha bir sog‘inch bilan futbol o‘ynashni boshladim, o‘z ustimda astoydil shug‘ullandim.

«Prezidentning sahifasini kuzatib boraman»

Jamoadoshlarimning barchasiga rahmat! Bilasiz, futbol yakka kurash emas, jamoaviy o‘yin hisoblanadi. Barcha do‘stlarim ko‘magida shu muvaffaqiyatni qo‘lga kiritdik. Shunday Prezidentimiz borligidan faxrlanaman! U kishining «instagram»dagi sahifalarini muntazam kuzatib boraman. O‘sha kuni biz haqimizdagi iliq fikrlarni eshitib, o‘zimga bo‘lgan ishonch yanada kuchaydi. O‘zimga ruhiy dalda, ko‘mak oldim. Oilamdagilar ham juda xursand bo‘lishdi. Oddiy dehqon oilasidanman. «Malibu»ni dadamga sovg‘a qildim. Ota-onamizga qancha sovg‘a bersak shuncha oz.

«Jahon chempionatiga albatta boramiz!»

30 milliondan ortiq xalqimiz jahon chempionatiga chiqishimizni shuncha yildan beri orziqib kutmoqda. Jamoadoshlarim ham buni his qilib turishibdi. Oldimizda turgan o‘sha marra – jahon chempionatiga albatta boramiz! Bunga kuchimiz ham imkonimiz yetadi!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring