Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbek xokkeyi jahonga taniladimi?

O‘zbek xokkeyi jahonga taniladimi?

Foto: «Google.com»

Yaqinda kontinental xokkey ligasi vitse-prezidenti Vitaliy Proxorov O‘zbekiston xokkey klubi xokkey ligasida ishtirok etishini e’lon qildi va 2022 yildagi Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng o‘zbek klubi Kontinental ligaga qabul qilinishi mumkinligini qayd etdi.

Albatta, bu O‘zbekistonning xalqaro sportdagi pozitsiyasini mustahkamlash uchun katta imkoniyat. Ammo shu kungacha xokkey o‘lik hisoblangan mamlakat bunday raqobatga dosh bera olarmikan, degan savol ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Xokkey turnirlari o‘tkazilishiyu, xalqaro ligalarda ishtirok etish u yoqda tursin, shu kungacha O‘zbekistonda hatto xokkey uchun mo‘ljallangan sport arenasining o‘zi ham yo‘q edi. Quruq va issiq sharoit ta’sirida mamlakatimizda eng ommalashgan sport turi futbol bo‘lib, afsuski, bu borada ham kutilgan natijalarga erishildi, deb ayta olmaymiz. Bordiyu xokkeyda ham ahvol shu bo‘lsachi? Yaxshisi, sharmanda bo‘lishdan avval chekina qolaylik degan fikr ayrimlarning xayoliga kelgan bo‘lishi mumkin. Ammo futboldan so‘ng umidsizlikka tushgan sport muxlislari O‘zbekistonda xokkey o‘sha mashhur «Humo» arenasi qad rostlashi tufayligina paydo bo‘lib qolmagani, bundan ancha yillar avval ham quyoshli o‘lkamizda xokkey yashaganini esga olishlari kerak.

Yurtimizning jazirama ob-havosiga qaramasdan bir vaqtlar xokkey yurtimizda anchayin rivojlangan bo‘lib, bu borada yutuqlarga erishilgan, hatto 1972 yilda o‘zbek klubi dunyodagi eng janubiy xokkey klubi sifatida Ginnes Rekordlari kitobiga kiritilgan edi. O‘sha davrni yaxshi eslaydiganlar «ha, endi u paytlar boshqa edi-da» deb aytishadi. Haqiqatdan ham O‘zbekistonga xokkey sobiq ittifoq davrida kirib keldi. Kirib keldi, deb nonni asalga botirmasdan, «olib kirildi» deb hammaga ayon haqiqatni yana bir bor oshkor qilsak ham bo‘ladi, menimcha.

«Oftobda toblangan» o‘zbek sporti uchun qishki sport o‘yini hisoblangan xokkey butunlay begona edi o‘sha davrlarda. Kirib keldi, deb ayta olmasligimizning yana bir sababi bu sport turiga O‘zbekistonda jamiyat tomonidan qiziqish bildirilib, erkin tarzda ommalashishi uchun asosiy faktor bo‘lgan, katta sarf-xarajat talab etuvchi muz saroyining mavjud bo‘lmaganidir. Ammo mamlakatga xokkey «olib kirilishining» nimaga kerak bo‘lib qolganini o‘rganishdan oldin umuman sobiq ittifoqqa xokkey qanday qilib kelib qoldi, degan savolga javob berish lozim.

Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozongan, butun dunyoga o‘z qudratini to‘laqonli namoyish etgan sobiq ittifoqdek kuchli mamlakatga xokkey nimaga kerak bo‘lib qoldi? Ustiga ustak o‘sha paytda sobiq ittifoqda jahonda xokkeydan ancha mashhur hisoblangan futbol gullab yashnagan, xokkeyning ham to‘p bilan o‘ynaladigan «bendi» deb ataluvchi turi millionlar uchun sevimli sport bo‘lib, «rus xokkeyiga» aylanib ulgurgan edi. Yana bir tomondan o‘sha paytda urushdagi g‘alabadan so‘ng o‘zini xorij mamlakatlaridan ustunroq ekaniga ishongan kommunistik mamlakat uchun kanadaliklar xokkeyi hisoblangan shaybali xokkeyni tan olish va o‘z maydonida joriy etish bir qarashda g‘ayritabiiy tuyuladi. Ammo hammasi yana siyosatga borib taqalishi, hech qanday g‘ayritabiiy narsaning o‘zi yo‘qligini ko‘rsatadi.

Urushdan so‘ng sobiq ittifoqda barcha sohalarda eng yaxshi natijalarni qayd etish, jahonning boshqa davlatlaridan qudratliroq ekanini isbotlash siyosati olib borilgan. Tinch davrda jahonning boshqa mamlakatlari bilan ochiqdan-ochiq bellashib, o‘zining ustunligini isbotlash mumkin bo‘lgan yagona maydon bu, albatta, sport edi. Ittifoq o‘zining barcha kuchlarini ushbu maydonga safarbar qildi.

Bu maydondagi asosiy jang Butunjahon Olimpiya O‘yinlaridir. 1948 yilgi Shveysariyada o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlarida sobiq ittifoq sportchilarinig ishtirok etmasligi ham bejiz emas edi. «Tepadagilar» o‘sha paytda ittifoq kam oltin qo‘lga kiritadi, deb hisoblashgan, «asosiysi – ishtirok» tamoyili esa «qizil imperiya» uchun amal qilmas edi. Ammo 1952 yilgi Xelsinkidagi yozgi olimpiadaga ittifoq sportchilari puxta tayyorlanib yo‘l olishadi va uyga oltin medallar bilan qaytishadi. Lekin shu yili sobiq ittifoq Oslodagi qishki olimpiadani o‘tkazib yuboradi. Bunga sabab esa...

Ha, bunga sabab qishki olimpiada o‘yinlarining asosiy sport turi hisoblangan, shu bilan birga kommunistlarning nozik tarafi bo‘lgan shaybali xokkey edi. Sobiq ittifoqqa xokkey nima uchun kerak bo‘lib qolgani ayon. Shu tarzda 1954 yilda shaybali xokkey bo‘yicha jahon chempionatidagi ilk ishtirokidayoq kanadaliklarni xokkeyda mag‘lub etib, jahon chempioniga aylanadi va ittifoqning har sohada «birinchiligini» yana bir bor isbotlaydi.

1969 yili Toshkentda birinchi sport muz saroyi – «Yubileyniy»ni qurish ishlari boshlandi. Mazkur saroyning nomlanishi ham o‘ziga xos edi. Sport saroyi 1970 yilning aprel oyida o‘z eshiklarini ochadi. Oradan bir yil o‘tishi bilanoq «Yubileyniy»da birinchi O‘zbekiston kubogi uchun katta xokkey turniri o‘tkaziladi. Turnirda g‘oliblikni «Spartak» jamoasi qo‘lga kiritadi. Sport saroyi ham qurildi, xokkey ham O‘zbekistonda o‘z muxlislariga ega bo‘la boshladi. Endi mamlakatda o‘z xokkey jamoasini tuzish fursati yetgandi.

Shu yilning o‘zidayoq Toshkentda «Spartak» xokkey jamoasi tuziladi. Shu o‘rinda o‘sha paytda Aleksandr Sakeyev, Rinat Boymuxametov, Yuriy Mitrofanov kabi sibirlik o‘yinchilar o‘zbek xokkeyi dovrug‘ini butun ittifoq bo‘ylab tanitishganini qayd etish lozim. 1973 yili klub nomi o‘zgartirildi va «Binokor» deb atala boshlandi. Klub murabbiylaridan biri bo‘lgan Viktor Stolyarovning o‘sha yillarda bergan intervyusida aytilishicha, o‘sha paytda bolalar xokkey maktablari ham faoliyat yuritgan, ammo ular son jihatdan ancha kam bo‘lgan. Toshkentda xokkey rivojining asosiy muammosi esa muz yetishmovchiligi, ya’ni tabiiy muzli saroylarning mavjud emasligi bo‘lib, sport saroyida ba’zida hatto jamoa o‘yinchilariga ham muz yetishmagan. Demak, iqlim xokkey borasidagi yutuqlarga katta to‘siq bo‘lganligi ko‘rinib turibdi.

2013 yili o‘zbek xokkeyi faxriylari va muxlislari tashabbusi bilan «Binokor» jamoasi qayta tiklandi va O‘zbekiston xokkey federatsiyasiga asos solinadi. 2019 yilning fevral-mart oylarida bo‘lib o‘tgan xokkey bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘zbek xokkeyining yangi davrini boshlab berdi. Chempionatda poytaxtning 4 ta klubi – «Binokor», «Humo», «Semurg‘» va «Toshkent» ishtirok etdi. Keyingi muhim qadam Toshkentdagi «Humo» arenasining rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi. Maqsad sari qo‘yilayotgan yana bir qadam – Jismoniy tarbiya universitetida xokkey kafedrasiga asos solinayotganligidir. Albatta, o‘zbek xokkeyi uchun milliy kadrlarni yetishtirish asosiy masala. Ushbu masalada O‘zbekiston xokkey Federatsiyasi faol harakat qilishi lozim. Bu borada O‘zbekiston xokkey Federatsiyasi vitse-prezidenti Bahodir G‘afurov shunday deydi:

«Federatsiya bugungi kunda xokkeyning viloyatlarda rivojlanishi uchun faol ishlamoqda. Samarqandda muz arenasi qurilish ishlari olib borilyapti. Yaqinda bir qancha viloyatlarda muz maydonlari qurilishi rejalashtirilgan. Xokkeyni ommalashtirish uchun biz chekka hududlarga yetib borishimiz lozim. Aynan shunday hududlardan iqtidorli bolalar chiqishi kerak. Biz ko‘zlangan natijaga erishish mumkinligiga ishonamiz, faqat buning uchun vaqt kerak. Bu bir kunlik yoki 2-3yillik ish emas. Bu borada miqdordan sifatga qarab harakatlanish lozim. Bugun biz respublika bo‘ylab ko‘plab bolalarni xokkey seksiyalariga qabul qilish uchun sharoit yaratishimiz kerak. Buning uchun ko‘p muz, ko‘plab seksiyalar va ko‘plab bolalar kerak. Ular bizga 10-15 yildan so‘ng mahalliy o‘yinchilardan tashkil topgan, raqobatga dosh beruvchi milliy terma jamoani shakllantirishga imkoniyat yaratadi».

Nima bo‘lganida ham xokkey O‘zbekistonga kecha kelib qolgan butunlay begona sport turi emas. Bu borada o‘zbek xokkeyi faxriysi Shukurullo Karimov shunday deydi:

«Muxlislar haqida bir voqeani aytib beraman. O‘sha paytda «Binokor»da «Salavat Yulayev» va «Ak Bars» bilan prinsipial qarama-qarshilik mavjud edi. Ufaga o‘yinga bordik, chiptalar bir oy avval sotib bo‘lingandi. Muz saroyi rahbari «Salavat»da doimo toshkentlik «Binokor» kelganida chiptalar bilan muammo bo‘lishini, bir oy avvaldan chipta qolmaganligini aytdi. Bu nufuzli o‘yinlar edi. Stadion doimo to‘la bo‘lgan. Muxlislar hattoki. biz mehmonxonaning qaysi xonalarida yashashimizni ham bilishardi. Ufalik, qozonlik ishqibozlar bizga muxlislik qilishni istashardi».

Bugungi kunda ham o‘zbek xokkeyining o‘sha paytdagi nufuzini tiklash, bir so‘z bilan aytganda, yillar davomida yashab qolish uchun kurashayotgan O‘zbekistondagi xokkeyni tiriltirish mumkin. O‘zbekistonga xokkey eng avvalo boshqa har qaysi sport turi singari aholi salomatligini ta’minlash uchun kerak. Bundan tashqari, ushbu sport turi orqali xalqaro siyosatda turli aloqalar o‘rnatish, mamlakat iqtisodiyotini moliyaviy jihatdan boyitish mumkin. «Humo» arenasi qad rostlashi tufayli O‘zbekiston xokkey bo‘yicha xalqaro musobaqalarni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bunday turnirlarga mezbonlik qilish O‘zbekistonning bir qator davlatlar bilan ikki tomonlama manfaatli diplomatik munosabatlarni shakllantirishiga xizmat qiladi. O‘zbekiston ham sportga nafaqat madaniyat, balki bugungi kundagi metoiqtisodiy siyosatning muhim qismi bo‘lgan «katta biznes» sifatida qarashni boshlashi darkor. Xokkey O‘zbekistonga albatta kerak va bugun xokkeyni o‘zbeklarga ham kerakligini ta’minlash lozim. Albatta, bu katta vaqt talab etadi. Bugun qaysi chekka hududdagi xonadonning a’zosidan so‘ramang Messi yoki Ronaldoning o‘yindagi turli taktikalari haqida sizga ipidan ignasigacha hikoya qilishi mumkin. Ammo Krosbi yoki Keyn kim ekanligi haqida shahar aholisining katta qismi ham hech qanday tasavvurga ega emasligini taxmin qilish mumkin.

Dunyo xokkey ishqibozlari orasida shunday gap bor: «O‘zbekiston uchun xokkey ekzotika». Bugun oldinda turgan maqsad ekzotikani O‘zbekistondagi ommaviy sport turiga aylantirishdir. Ushbu maqsadga erishish uchun yillar davomida asta-sekin qator qadamlarni bosib o‘tish lozim. Shu orqaligina ko‘zlangan natijaga erishish, xokkeyning O‘zbekiston uchun ekzotika emas, jamiyatning sevimli sport turi va mamlakatning jahon miqiyosida strategik jihatdan shakllanishidagi muhim faktorga aylantirish mumkin.

Husniyabonu ALIMOVA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring