Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekiston futbol klublarini tarqatib yuborish tarafdoriman»

«O‘zbekiston futbol klublarini tarqatib yuborish tarafdoriman»

Shu kunlarda o‘zbek futboli masalasi «trend»ga chiqib ketdi. Terma jamoaning sharmandali mag‘lubiyati, «Paxtakor» futbolchilarining olayotgan maoshi oshkor qilinishi ko‘pchilikda turli xil munosabatlarni yuzaga keltirmoqda.

Ayniqsa, yoshi o‘tib qolgan legionerning Toshkent klubidan yiliga 1,3 million yevro olishi, shuncha pul sarflanayotgan futbolimiz biror kattaroq natijaga erisha olmayotgani e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Taniqli diniy ulamo Mubashshir Ahmad domla bu jarayonga shunday izoh berdi: «Agar shu pullarga zavod-fabrikalar qurilsa, haqiqatda Respublika iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir qiladi. Bu bitta klubning xarajati. Men O‘zbekiston futbol klublarini tarqatib yuborish tarafdoriman».

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov esa milliy jamoamiz xuddi jamiyatimizdek ekanini ta’kidladi.

«Muvaffaqiyatsizliklar – xulosa qilish emas, aybdorni bilish uchun kerak.

Kamchiliklar – e’tirof etish, muhokama qilish va birga yechim izlash emas, bir-birimizni haqorat qilish, yerga urish yoki kamsitish uchun kerak.

Futbolchilarimiz kabi, aholimizning katta qismiga ham rivojlanishga imkoniyat izlashdan ko‘ra, oson pul topish yoki aybdorni aniqlab yuqoriga shikoyat qilish qulayroq bo‘lib qoldi...

Istaganingizcha shikoyat qiling, haqorat qiling, masxara qiling... O‘zingiz o‘zgarmaguningizcha atrofingiz o‘zgarmaydi!

Milliy jamoamiz ham hech qayerga bormaydi!», – degan Alisher Qodirov.

Iqticodchi Otabek Bakirov futbol klublari xarajatlari yuzasidan shunday fikr bildiradi:

«Bir narsani doim eslatish kerak: davlat ishlatadigan har bir so‘mning muqobil xarajatlari bor. Bir narsaga pul ishlatish – boshqa narsaga pul ishlatmaslikka teng. Biz jamiyat sifatida qayerga o‘z pullarimizni ishlatishni hal qilishimiz kerak bo‘ladi. Muammo qaysidir dardi yo‘q futbolchiga ikkita maktabning puli to‘lanayotgani yoki parazit o‘zbek futboli va uning buzuq basharasi bo‘lgan jamoa uchun bir necha o‘n milliard mablag‘ sarflanayotganida emas. Muammo butun boshli iqtisodiy kontekstning, tanlangan taraqqiyot modelining buzuqligida».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring