Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda boksni rivojlantirishga oid farmoyish chiqadi — Saken Polatovdan katta intervyu

O‘zbekistonda boksni rivojlantirishga oid farmoyish chiqadi — Saken Polatovdan katta intervyu

Shu kunlarda koronavirus pandemiyasi tufayli sport musobaqalari va terma jamoalar ishtirokidagi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari bekor qilindi. Eng ahamiyatlisi, joriy yilning yoz faslida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi bo‘lmish Olimpiya o‘yinlari ham bir yil muddatga kechiktirildi.

Bu albatta o‘z navbatida O‘zbekiston boks federatsiyasi rejalariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Shu sababli O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov bilan bir qator masalalar yuzasidan intervyu uyushtirdi.

– Saken Djetibayevich, vaqt ajratib intervyu berishga rozi bo‘lganligingiz uchun rahmat aytamiz. Ancha savollar yig‘ilib qolgandi. Fursatdan foydalanib, Tokio Olimpiadasi uchun 7 ta litsenziya qo‘lga kiritilgani bilan muborakbod etamiz.
– Rahmat. Ha, Iordaniyada o‘tkazilgan litsenzion turnirdan 7 ta yo‘llanma bilan qaytdik. Bu natijalarning zamirida juda ko‘pchilikning mehnati yotibdi. Sportchilarimiz uddalashdi.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekistonda boksni rivojlantirish uchun sharoit yaratib berayotgan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Mamlakatimiz rahbarining sportga, xususan boksga bo‘lgan qiziqishi bizni yana-da ruhlantiradi. Yodingizda bo‘lsa, 2019-yili Yekaterinburgda o‘tkazilgan jahon chempionatidan so‘ng yurtboshimiz bizni shaxsan o‘zlari qabul qilgandilar. Nasib qilsa, yaqin kelajakda O‘zbekistonda boksni rivojlantirishga oid farmoyish chiqadi. Bundan tashqari, musobaqalar, yig‘inlar o‘tkazish uchun sharoit yaratib berayotgan Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga, shuningdek, homiylarimiz – O‘zbekiston temir yo‘llari AJ, «PEPSI», «BUKA» va «Oriyent Finans Bank» kabi tashkilotlarga ham rahmat aytamiz.

– Ayni paytda yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi tufayli barcha sport turlari, shu jumladan boks federatsiyasi rejalariga ham o‘zgartirish kiritilgan. Ushbu masala yuzasidan qanday ma’lumot bera olasiz?
– Darhaqiqat, ushbu xavfli koronavirus sababli rejalarimiz o‘zgarib ketdi. Yaxshi bilasiz, Ammanda o‘tkazilgan litsenzion turnirda Tokio Olimpiadasiga 7 ta yo‘llanma qo‘lga kiritgandik. Qolgan vaznlarda Parijda o‘tkaziladigan litsenzion musobaqa orqali Olimpiada chiptalariga ega chiqmoqchi edik. Bu borada Fransiya poytaxtidagi musobaqa uchun jiddiy reja ishlab chiqilgandi. Bundan tashqari Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini naqd qilib qo‘ygan charm qo‘lqop ustalarimizning tayyorgarlik rejasida ham o‘zgarish bo‘ldi.

– Yigitlarimiz 8 ta vazn toifasida 6 ta litsenziya qo‘lga kiritishdi. Bu O‘zbekistondek boks mamlakati uchun qoniqarlimi?
– To‘g‘ri, biz 8 ta vaznda litsenziyani Osiyo kvalifikatsion musobaqasidayoq qo‘lga kiritmoqchi edik. Musobaqa boshlangunga qadar -75 kg vazn toifasida Bektemir Meliqo‘ziyev bahslarga tayyorlandi. Lekin, ayrim sabablarga ko‘ra litsenzion musobaqada Bektemir Meliqo‘ziyev ishtirok eta olmaydigan bo‘lib qoldi. Uning o‘rniga Ammandagi yig‘inni yakunlab O‘zbekistonga qaytib ketayotgan Fanat Qahramonov yarim yo‘ldan, aniqrog‘i Istanbuldan yana Iordaniyaga majburan chaqirib olindi. Afsuski, oldimizda shunday vaziyat yuzaga keldi. Fanat qaytganidan so‘ng bir yarim kun ichida 6 kilogramm vazn haydashiga to‘g‘ri keldi. Sportchilar juda yaxshi bilishadi — bu oson ish emas. Shunday bo‘lsa-da, u musobaqada ikki raqibini mag‘lubiyatga uchratishga muvoffaq bo‘ldi. Yakunda baribir ushbu jarayonlar bokschimizga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, u jismoniy tomonlama tiklana olmadi. Aslida yaxshi bilasiz, Qahramonov ham iqtidorli bokschi.

Dilshod Ro‘zmetov haqida gapiradigan bo‘lsam, u juda ajoyib, iste’dodli sportchi. Yosh bo‘lishiga qaramay, 2019-yilgi jahon chempionatida finalgacha yetib borgandi. Dilshod Ammandagi musobaqada g‘alaba qozonishni judayam istagandi. Judayam. Bu esa ruhiy tomonlama bokschimizga ta’sir qildi. Afsuski, u hakamlarning tushunarsiz qarori sabab yakunda yutqazib qo‘ydi. U o‘z ustida yana ishlaydi va ishonamizki jahon litsenzion turnirida Tokio Olimpiadasi chiptalariga ega chiqadi.

– Demak, jahon litsenzion turnirida Dilshod Ro‘zmetovga imkoniyat beriladi. -75 kg vazn toifasida musobaqada qaysi bokschi ishtirok etadi?
– Hozircha koronavirus sabab Parijdagi litsenzion turnirning qachon o‘tkazilishi aniq emas. Ushbu vazn toifasida qaysi bokschilar litsenziya uchun kurash olib borishini murabbiylar shtabi hal qiladi. Lekin, sizga ishonch bilan ayta olamanki, bu borada ishlangan aniq rejamiz bor.

– Tokio Olimpiadasining qoldirilishi bokschilarimizga qanday ta’sir ko‘rsatadi deb o‘ylaysiz?
– Ayni paytda barcha mamlakat bokschilari biz bilan bir xil sharoitda. Ba’zi qit’alarda esa hali litsenziya qo‘lga kiritgan bokschilar nomi ham aniq emas. Yaxshi bilasiz, Yevropadagi litsenzion musobaqa ayni o‘tkazilayotgan paytida to‘xtatildi. Endi oldimizda bir yildan ortiq vaqt bor. O‘ylaymanki, ushbu muddat barcha bokschilar tayyorgarligi uchun yetadi. Endi navbatdagi rejani vaziyatdan kelib chiqib, murabbiylar shtabi bilan birgalikda tuzamiz. Karantin yakunlanib, xalqaro musobaqalar boshlanganidan so‘ng bokschilarimiz musobaqalarda ishtirok etishadi. Mana shunday kuchli turnirlar, yig‘inlar orqali bokschilarimiz formasini ushlab turamiz. Umuman olganda, hozirda bokschilarimiz mashg‘ulotlarni tashlab qo‘yishgani yo‘q. Ular nazoratda va o‘z formalarini ushlab turishibdi.

– Navbatdagi rejalar qanday?
– Yuqorida ta’kidlaganimdek, karantin yakunlanganidan so‘ng aniq bir rejamiz haqida ma’lumot bera olaman. Xalqaro musobaqalar, yig‘inlardan tashqari infrastrukturani rivojlantirish bo‘yicha ham katta rejalarimiz bor. Toshkent viloyatidagi Yangiobod shaharchasida katta sport bazasi barpo etishni maqsad qilganmiz. Bundan tashqari, hozirgi bazamizni ham rekonstruksiya qilib, xalqaro standartlarga javob beradigan holatga olib kelmoqchimiz.

Shuningdek, nafaqat yigitlarimizga, balki ayollar boksi, bolalar boksi kabi yo‘nalishlarda ham biz «katta yo‘l«ga chiqib ulgurdik. Bu yo‘nalishda hali qilinadigan ishlar ko‘p. O‘zbekiston erkaklar terma jamoasining qanday kuchga ega ekanligini barcha biladi. Endi qizlarimizni ham shu saviyaga olib chiqmoqchimiz.

– 2019-yili Yekaterinburg mezbonlik qilgan jahon chempionati o‘zbek boksi tarixida o‘ziga xos iz qoldirdi. Bungacha O‘zbekiston terma jamoasi JChda uchta oltin medal qo‘lga kirita olmagandi. Buning siri nimada deb o‘ylaysiz?
– To‘g‘ri aytasiz. Biz ushbu musobaqa orqali o‘zbek boksi tarixida yangi sahifa ochdik deb hisoblayman. Biz jahon birinchiligiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Yekaterinburgdagi jahon chempionati haqida gap ketganida ajoyib xotiralar esga tushadi.

Buning siri? (o‘ylanib). Aytib o‘tganimdek, biz jahon chempionatiga jiddiy, har tomonlama tayyorgarlik ko‘rdik. Yigitlarimiz 40 kun oldin Rossiya hududida yig‘in boshlashdi. Bu mahalliy iqlimga moslashish, adaptatsiya uchun juda muhim hisoblanadi. Ular musobaqa boshlanishiga yaqin Yekaterinburg shahriga yetib borishdi. O‘z navbatida biz ham chempionat boshlanishi oldidan Oybek Kasimov va Sherzod Toshmatov bilan birga bokschilarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun Yekaterinburgga bordik. U yerda bokschilarimiz istiqomat qilayotgan mehmonxonada terma jamoa a’zolari bilan uchrashdik, ular bilan suhbatlashdik.

Ularga ajoyib, motivatsion rolik qo‘yib berdik. O‘sha rolikda 8 nafar bokschimizning oila a’zolari ham ishtirok etishgan va farzandlariga o‘z tilaklarini bildirishgandi. Maxsus ijodiy guruh viloyatlarga borib, bokschilarimizning xonadonida bo‘lishdi, ularning ota-onalari, yaqinlaridan duo olishdi, bokschilarimizning ruxini ko‘taruvchi lavhalar ishlandi. Bundan bokschilarimizning xabari yo‘q edi. Qolaversa, biz O‘zbekistondan Samarqand nonlarini bokschilarimiz uchun olib bordik. Ishonasizmi, o‘sha rolikni ko‘rib bokschilarimiz ko‘zlariga yosh olishdi.

Tasavvur qilyapsizmi, 1 oydan ortiq vaqt davomida oila, vatan sog‘inchida chetda yurgan inson uchun bu qanday ta’sir qiladi? Ortlarida kimlar turganini yana bir karra his qilishdi. Ushbu holatni ko‘rib, hattoki o‘zimizning ko‘zimizga ham yosh keldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, bu yigitlar uchun psixologik tomonlama juda yaxshi ta’sir qildi. Aynan mana shunday jihatlar ham terma jamoaning musobaqalarga tayyorgarligi jarayonida muhim rol o‘ynaydi. Samarqandlik Fanat Qahramonovning buvisi tomonidan yopilgan nonlarning olib borilgani yigitlarga o‘zgacha ta’sir qildi.

– Infratuzilmani rivojlantirish masalasida batafsil gapirib bera olasizmi?
– Hozirda bizda Yangioboddagi bazamizda ikkita sport zalimiz bor. Lekin u yerda o‘zimizning yotoqxona yo‘q. Hozirgi bazamiz Milliy olimpiya qo‘mitasi yordamida qayta ta’mirdan chiqarildi. Lekin, buni yetarli darajada deya olmayman. Shu sababdan ham biz zamonaviy sport zali, yotoqxona, oshxona, reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan katta baza barpo etish niyatidamiz. Ishonamanki, yangi quriladigan sport bazasi uzoq yillar davomida yurtimiz boksi rivoji uchun xizmat qiladi.

– Siz boksni rivojlantirishga oid farmoyish haqida gapirdingiz. Bu qanday bo‘ladi?
– Nasib qilsa, ushbu farmoyish O‘zbekistonda boksni yana bir necha pog‘ona ko‘tarish uchun xizmat qiladi. Bu orqali mamlakatimizda boks ommaviyligini yana-da oshirishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Qisqacha qilib aytsak, bu yaqin 10 yilda boksni yangi saviyaga olib chiqish uchun strategik reja bo‘ladi.

– 2019 yili kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati yuqori saviyada tashkil etildi. Bungacha mazkur chempionat u qadar katta tayyorgarlik bilan tashkil etilmagandi. Bu orqali federatsiya xalqaro musobaqalar o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqdami?
– To‘g‘ri aytdingiz. 2019-yili boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatini yuqori saviyada tashkil etishga harakat qildik va buni uddaladik deb ham o‘ylayman. Chempionatimizda o‘tkazilgan janglar Rossiya telekanali orqali ham namoyish etildi. Bunday muhitda jang qilgan bokschilarimiz xalqaro musobaqa nafasini his qilgan bo‘lsalar ajab emas. Hozircha yosh bokschilar uchun bir qator xalqaro turnirlar o‘tkazyapmiz. Umuman olganda, kelajakda yirik musobaqalar o‘tkazish maqsadimiz ham yo‘q emas. O‘tgan yilgi Respublika chempionati bizga yangi nomlarni taqdim etdi. Aynan mana shunday musobaqalar orqali seleksiya yo‘nalishini ham rivojlantirib bormoqdamiz. Respublikamizning chekka-chekka hududlarida bolakaylar boks bilan shug‘ullanmoqda.

Yana shuni aytishni istardimki, biz 2021-yildan boshlab «Sidney Jekson xotira turniri«ni qayta tiklamoqchimiz. Ushbu musobaqa avval ham o‘tkazilgan. Bu safar endi mazkur turnir «A« klass toifasidagi musobaqa bo‘ladi. Ya’ni, musobaqa nufuzini ko‘taramiz. Unga boks olamida dunyo yetakchilari hisoblangan Kuba, Rossiya, Qozog‘iston, AQSh, Yaponiya, Xitoy, Hindiston kabi mamlakat bokschilarini taklif qilib, yuqori saviyadagi nufuzli musobaqa tashkil etmoqchimiz. Ushbu musobaqani AIBAning 2021-yilgi taqvim rejasiga ham kiritganmiz.

Bundan tashqari Osiyo chempionatini ham tashkil etish rejasi yo‘q emas.

– Keling endi xalqaro munosabatlar haqida suhbatlashsak.
– Federatsiyamiz faoliyatida xalqaro aloqalarni rivojlantirish ham eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Xalqaro aloqalarni mustahkamlash orqali havaskor boksda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Kuba terma jamoasi vakillari bilan Gavanada qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etdik. Qolaversa, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Xitoy, Angliya, Polsha, Vengriya kabi terma jamoasi vakillari bokschilarimiz bilan birga yig‘in olib borishdi.

Ayni paytda Qozog‘iston, Irlandiya, Indoneziya va boshqa bir qator boksi rivojlangan mamlakatlar federatsiyalaridan yig‘in borasida takliflar bo‘lmoqda. Ammo, ularning barchasi bilan yig‘in o‘tkazishning iloji yo‘q. Bu jismoniy tomonlama, vaqt tomonlama imkonsiz. Bu ham yurtimiz boksining qay darajada nufuzga ega ekanligidan darak berib turibdi. Biz bilan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazishni istab ko‘plab mamlakatlardan takliflar kelib tushmoqda. Biz o‘z navbatida murabbiylar shtabi bilan kelishgan holda xorijiy bokschilar bilan qo‘shma yig‘inlarni rejaga kiritamiz.

– O‘zbekistonlik murabbiylar ham ayni paytda xorijiy terma jamoalarda faoliyat olib borishmoqda. Bu ham o‘zbek boksiga berilgan yuqori baho desak adashmagan bo‘lamiz.
– To‘g‘ri aytasiz. Yurtimiz bokschilari kabi murabbiylarimizga ham qiziqish xorijda kuchli. Hozirgi kunda bir qator o‘zbekistonlik mutaxassislar chet mamlakat terma jamoalarida faoliyat olib borishmoqda. Bunga misol sifatida Olim Muhammedov (Janubiy Koreya), Vladimir Shin (Yaponiya), Alisher Rahimov (Nepal), Sherzod Abdurahmonov (Quvayt) va Hasan Muhammedov (BAA)ni keltirishim mumkin. Yuqorida sanab o‘tilgan mamlakatlar aynan o‘zbekistonlik mutaxassis orqali o‘zlarida boksni rivojlantirishni maqsad qilishgan. Shuningdek, ayni paytda boshqa murabbiylarimizga ham chetdan takliflar borligini aytishim mumkin.

– Bilamiz, siz Osiyo boks konfederatsiyasi Ijroqo‘mi a’zosi ham hisoblanasiz. Bu ham xalqaro aloqalarni mustahkamlash yo‘lida ahamiyatga ega.
– To‘g‘ri, o‘zim Osiyo boks konfederatsiyasi Ijroqo‘mi a’zosiman. Bundan tashqari bir qator hamyurtlarimiz, federatsiyamiz mutasaddilari konfederatsiyada komissiya a’zolari hisoblanishadi. Federatsiyamiz bu yo‘nalishda ham ishlamoqda.

– Siz O‘zbekiston boks federatsiyasidan tashqari, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida vitse-prezident sifatida ham faoliyat olib borasiz. Ushbu faoliyatingiz haqida ham gapirib bersangiz. Boshqa sport turlarida litsenziya qo‘lga kiritib ulgurgan sportchilarimizning holati qay darajada?
– Litsenziya qo‘lga kiritgan, litsenzion musobaqaga tayyorgarlik ko‘rayotgan har bir sportchimiz nazoratda. Sport federatsiyalari rahbarlari, murabbiylar tuzilgan reja asosida mashg‘ulotlar tashkil etishgan. MOQ ularni har kuni nazorat qilmoqda. Bu borada tezkor shtab tuzilgan va ushbu shtab sportchilarimiz bilan muloqot qilib turibdi. Hattoki ularga uyda mashg‘ulot olib borish uchun yetarli sharoitlar yaratib berilmoqda. Bu yo‘nalishda ham nazorat o‘rnatilgan.

– Ular ayni paytda nimalar bilan band?
– Sportchilarimiz karantin qoidalariga amal qilgan holda uyda bo‘lib turishibdi. Lekin, bu mashg‘ulotlar to‘xtab qoldi degani emas. Sportchi va murabbiylar o‘rtasida onlayn mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan. Terma jamoalar murabbiylari masofadan turib sportchilarga mashg‘ulot o‘tmoqdalar. Bular federatsiya rahbarlari, MOQ va vazirlik tomonidan ham kuzatib borilmoqda.

Bundan tashqari karantin vaqtida muxlislar zerikib qolmasliklari uchun turli loyihalar amalga oshirilmoqda.

– Suhbat uchun tashakkur. Fursatdan foydalanib, oldinda turgan mas’uliyatli musobaqalarda bokschilarimizga omad tilaymiz.
– Rahmat. Suhbatimiz so‘ngida barcha sportchilarimizga murojaat qilmoqchi edim. Ayni paytda yuzaga kelgan xavfli koronavirus pandemiyasi sabab mamlakatimizda karantin rejimi joriy qilingan. Sportchilarimiz ham qoidalarga amal qilib, o‘rnatilgan tartibda uyda mashg‘ulotlarni olib borishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Belgilangan qoidalarga amal qilsak, ishonamanki ushbu virusdan qutilamiz va yurtimiz bayrog‘ini yana-da yuqorilarga ko‘taramiz.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring