Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Parijda kechadigan «qasos tuni»: kimning «pichog‘i» o‘tkirroq?

Parijda kechadigan «qasos tuni»: kimning «pichog‘i» o‘tkirroq?

Bugun tunda Yevropaning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqasi — UYeFA Chempionlar ligasining finali bo‘lib o‘tadi. Unda Angliyaning «Liverpul» va Ispaniyaning «Real Madrid» jamoalari o‘zaro bahs olib boradi. Parijda qizg‘in bahs bizni kutib turibdi.

Finalga yo‘l

«Liverpul». «B» guruhida «Atletiko», «Portu» va «Milan»ni yer tishlatgan liverpulliklar guruhda 100 foizlik natija qayd etdi. 17 ta gol urib, 6 ta o‘tkazib yubordi. Nimchorak finalda «Inter»ni Juzeppe Meatssada 2:0 hisobida mag‘lub etishga erishdi. Angliyadagi bahsda minimal hisobda mag‘lub bo‘lgan ersa-da, keyingi bosqichga chiqa oldi. 1/8 final ham oson kechdi, deya olmaymiz. Portugaliyada «Benfika»ni 1:3 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa-da, o‘yinda «burgutlar» yomon o‘ynashmadi. Darvin Nunezning benefisiga aylangan ikkinchi o‘yinda esa 3:3 hisobi qayd etilgandi. Bu mavsum sensatsiyasi bo‘lgan «Vilyarreál» Yurgen Klopp shogirdlari tomonidan taslim etildi. Emeri shogirdlari 4 taymlik bahsing bir taymini dahshatli o‘tkaza olgan edilar. Umuman olganda «Liverpul» finalgacha yo‘lni madridliklarga nisbatan osonroq bosib o‘tdi. «Liverpul»ga bu o‘yinlarda bor kuchini ko‘rsatishga zaruriyat bo‘lmadi, balki Klopp bunga yo‘l bermagandir.

«Real Madrid». Karlo Anchelotti shogirdlari bu mavsumda kutilganidan yaxshiroq harakat qilishmoqda. «D» guruhida «Inter», «Shaxtiyor» va «Sherif» kabi jamoalar bilan bahs olib borib, birinchi o‘rinda tugatdi. Bir mag‘lubiyat, besh g‘alaba; 14 ta gol urib, 3 ta o‘tkazib yubordi. Guruhda «Real» shu darajada ojizdek ko‘rindiki, hatto 1/16 final oldidan madridliklarning chempionlik uchun imkoniyati hatto «Vilyareal» bilan bir xil baholandi. Nimchorakda «PSJ»ga qarshi aynan final o‘tkazilayotgan ushbu maydonda 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Ikkinchi o‘yinda esa kutilmaganda Karim Benzemaning hetriki evaziga g‘alabani tortib oldi. So‘ng «Chelsi» bilan ikki o‘yin murosasiz o‘tdi. Yana Benzema «Real» joniga oro kirdi. «Manchester Siti» bilan bahs esa mutlaqo yangi daraja edi. Yarim finaldagi birinchi o‘yinda 4:3 hisobida g‘alaba qozongan manchesterliklar ikkinchi o‘yinning 90 daqiqasigacha finalda edilar, ammo… «Real» dramatik o‘yinda 2 daqiqa ichida 2 ta gol urib, o‘yinni qo‘shimcha taymlargacha olib bora oldi. Yana Karim Benzema jamoani finalga olib chiqdi.

Final: taktika va jamoalarning taxminiy tarkiblari

Klopp tavakkal qilishni xushlamaydigan murabbiylar sirasiga kiradi. Finalda ishonchli tarkibni maydonga tashlashiga shubha yo‘q. Darvozada doimgidek Alisson, himoya markazida esa Konate va Van Deyk, qanotlarda TAA va Robertson o‘ynashi kutilmoqda. Liverpulliklar himoyasi ancha ishonchli. Umuman olganda «Real» superyulduzi Karim Benzemani to‘xtatish Van Deykka, tezkor Vinini zararsizlantirish esa Trend Aleksandr-Arnoldga topshiriladi. Ko‘plab futbol ekspertlari o‘yin taqdiri Arnold va Vinining o‘zaro qarama-qarshiligi hal qilib berishi haqida yozishmoqda.

Markazda esa jarohatlanganlar bor. Xususan, Tiago va Fabinoda jarohatlar bor edi, ammo germaniyalik murabbiy ularning maydonga tusha olishlarini qayd etdi. Ehtimol, ular markazdagi eng yaxshi tanlovdirlar. Shuningdek Xendersonga ham katta vazifa yuklanadi. U Kross va Modrich bog‘liqligini uzishga e’tibor qaratishi mumkin.

Hujum chizig‘i esa shunchaki ideal. Saloh-Mane-Diaz triosi Madrid himoyasiga katta boshog‘riq bo‘lsa kerak. «Liverpul» odatdagi uslubida maydonga tushsa, ajabmas. Keng qamrovli pressing, to‘pni egallab turish, qanotlardan yorib kirish, long-bolllar o‘yinda ko‘p kuzatilishi kutilmoqda. Ko‘plab futbol ekspertlari o‘yinda «Liverpul»ning ustunligini tahmin qilishmoqda. G‘olibni esa bashorat qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa bu o‘yin kambekshunos «Real» bilan bo‘lsa.

«Karlo ota» doimgidek moslashuvchan tarkib bilan maydonda ko‘rinish bersa kerak. Kurtua darvozani qo‘riqlashi, himoya qo‘rg‘onini esa Karvaxal, Militao, Alaba, Mendi tashkil etishi kutilmoqda. Ular bu bahsda Salah, Mane va Diaz uchligini to‘xtatib qolishlari kerak. Shuningdek, Madrid jamosi markazida afsonaviy uchlik Kroos, Kazemiro, Modrich harakat qilishi maqsadga muvofiq tushsa, ajabmas. Ular YeChLning 4 ta finalida maydonga tushgan. Shuningdek, hujumda Valverde, Benzema va Vinisius to‘p surish ehtimoli katta. Karlo Anchelotti Manchesterdagi dastlabki o‘yinni Rodrigo bilan boshlab xatoga yo‘l qo‘ygan edi. Valverdening dastlabki daqiqalarda maydonda bo‘lishi erta gol o‘tkazib yubormaslik uchun birichi choradir. O‘yin tengkurashlar ostida o‘tishi tahmin qilinmoqda.

Final haqida

«Liverpul»ning ko‘plab a’zolari 2018yilda Kiyevdagi finalda «Real»ga qarshi maydonga tushgan edilar. Ular shundan beri katta o‘sishni qayd etishdi. Bir marta APL, bir marta YeChLda g‘alaba qozonishni uddalashdi. Muhammad Salohning jarohati va ko‘z yoshlari Kiyev finalining eng esda qolarli natijasi bo‘lsa, ajabmas. Ammo «Real» bugun avvalgisidan farq qiladi. Beyl avvalgidek «super odam» emas, Ronaldu esa allaqachon jamoadan ketgan. Kiyevdagi Ramos ham bugun boshqa jamoa safida to‘p tepmoqda.

Ikkala jamoa ham o‘zi uchun turli motivlarni to‘plab qo‘ygan. Xususan, Muhammad Saloh «qasos olish bilan tahdid» qilayotgan ersa, «Real» Parijdan olib kelolmagan futbolchisi o‘rnini kubok bilan to‘ldirib qo‘ymoqchi. Bu o‘yinda Karim Benzema «Oltin to‘p»ga naqadar loyiqligini ham isbotlashi kerak bo‘ladi.

Bugun APL LaLigadan afzal ko‘rilayotgan bir davrda «Real Madrid» g‘alaba qozonsa, 2021-2022 yilgi mavsumda TOP-3 o‘rinni olgan Angliya jamoalarini mag‘lub etib, YeChLga erishgan ilk klubga aylanadi. Shuningdek, «Real» o‘n to‘rtinchi, «Liverpul» yettinchi kubogiga juda yaqin turibdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring