Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qishki olimpiada ajoyibotlari: Shamonidan – Sochigacha!

Qishki olimpiada ajoyibotlari: Shamonidan – Sochigacha!

1976 yilgi qishki olimpiada timsollari

Foto: «East News»

Qishki olimpiada o‘yinlari har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan eng katta qishki musobaqa hisoblanadi.

1901 — 1926-yillar mobaynida asosan Shvetsiya poytaxti Stokholmda o‘tkazilgan «Shimoliy Yevropa o‘yinlari»ni tom ma’noda qishki olimpiadaning o‘tmishdoshi deyish mumkin. Asosan Skandinaviya mamlakatlari sportchilari ishtirok etgan «Shimoliy Yevropa o‘yinlari» keyinchalik qishki olimpiya o‘yinlarining vujudga kelishiga zamin yaratgan.

1924

Ilk qishki olimpiya o‘yinlari Fransiyaning Alp tog‘i etagidagi Shamoni shahrida 1924-yilda tashkil etilgan. Uning dasturiga 6 ta sport turi – chang‘ida uchish, biatlon, konkida yugurish, bobsley, figurali uchish va shaybali xokkey kiritilgan.

Dastlabki oltin medal konkida yugurish musobaqasida g‘olib chiqqan amerikalik Charli Jutrouga topshirilgan. Shubhasiz, 1924-yilgi olimpiadaning asosiy qahramoni figurali uchish musobaqasida qatnashgan o‘n ikki yoshli Sonya Xenidir. Darvoqe, u figurali uchish musobaqasida qizlar o‘rtasida yakkalik bahslarida uch karra olimpiada chempioni bo‘lgan yagona sportchi sanaladi.

1928

1928 yilgi olimpiadada ob-havoning o‘zgarishi ayniqsa chang‘ichilarga yomon ta’sir qildi. Gap shundaki, 50 kilometrlik masofaga chang‘ida uchish bahslari davomida harorat 0 darajadan boshlanib, 25 darajagacha ko‘tariladi. Natijada ba’zi sportchilar finishga yetib borishga ulgurishmadi.

Adolf Gitler qishki olimpiada o‘yinlarida. 1936-yil.
Foto: «East News»

1936

Shaxsan Adolf Hitler ochib bergan 1936-yilgi olimpiada o‘yinlarida birinchi marta «Olimpiya olovi» yoqilgan. O‘yinlardan keyin olimpiya shaharchasidagi inshootlardan 1-tog‘o‘qchi diviziyasi «Edelveys»ning shaxsiy tarkibini tayyorlash maskani sifatida foydalanilgan.

Mavzudan tashqari ma’lumot: mazkur diviziyaga Germaniya va Avstriyaning tog‘li o‘lkalari aholisi orasidan 24 yoshdan kichik bo‘lmagan yigitlar saralab olingan. Qorli ob-havoda jangga kirishga mo‘ljallangan harbiy qism 2-jahon urushi davrida sobiq SSSR hududigacha kirib kelgan.

 1940

1940-yildagi olimpiada bahslari ilk bor Osiyo qit’asida, Yaponiyada o‘tkazilishi lozim edi. Biroq yapon-xitoy urushining boshlanib ketishi natijasida o‘yinlarni boshqa joyga ko‘chirishga kelishiladi. Ammo Ikkinchi jahon urushi barcha rejalarni chippakka chiqaradi.

1952

Oslo – olimpiada bahslariga mezbonlik qilgan yagona poytaxt shahar. Mazkur olimpiadada ilk bor olimpiya olovi estafetasi uyushtirilgan, bugungi kunda bunday marosim musobaqaning ajralmas qismiga aylangan.

1976

AQShning Denver shahrida bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan XII olimpiya o‘yinlari iqtisodiy muammolar tufaydi Avstriyaning Insbruk shahriga ko‘chirildi. Mazkur olimpiadada musobaqa tarixidagi ilk tumor – qor bola namoyish etildi.

1980

1980 yildagi Leyk-Plesiddagi (AQSh) olimpiada inshootlari qurilishi yakuniga yetmay qolgach, tashkilotchilar ishtirokchilarni mahalliy bolalar qamoqxonasi binosiga joylashtirishadi. To‘g‘ri, qamoqxona yangi qurilganligi sababli hali jinoyatchilar qadami yetmagan edi. Biroq ikki qavatli yotoq joylar, derazasiz xonalar va ulkan minoralardagi qurol ko‘targan soqchilar sportchilar uchun noqulaylik tug‘dirgani bor gap.  Bu musobaqada tashkilotchilar ilk bor sun’iy qordan foydalanishgan.

1988

Kalgarida (Kanada) bo‘lib o‘tgan olimpiada yamaykalik bobsleychilarning antiqa poygasi bilan yodda qolgan. Ularning maxsus chanasi (bob) ehtiyotsizlik oqibatida yo‘lakdan chiqib ketgan. Tomoshabinlar piyoda qaytayotgan sportchilarni olqishlar bilan kutib olishgan.

Qishki olimpiada ochilishi. 1988-yil.
Foto: «East News»

Mazkur olimpiada chekishga qarshi kurash musobaqasi sifatida ham tilga tushgan. Musobaqa davomida hatto tomoshabinlarga ham chekish taqiqlangan. Yana bir yangilik: Kanadadagi bahslarda ilk bor sun’iy muz hosil qilingan.

 1994

Norvegiyaning Lillexammer shahridagi o‘yinlar tinchlik o‘yinlari deb ham ataladi. Gap shundaki, musobaqalar boshlanishi arafasida Sarayevo shahrida davom etayotgan fuqarolar urushi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbari Xuan Antonio Samaranchning da’vati bilan vaqtincha to‘xtatib turilgan edi.

Ushbu olimpiadada O‘zbekiston ilk bor mustaqil jamoa sifatida qatnashib, hozirgacha yagona bo‘lgan medalni qo‘lga kiritgan.

Qishki olimpiada yopilish marosimi. 1994-yil
Foto: «East News»

XVII olimpiada ramzlari sifatida ilk bor insonlar – norvegiyalik afsonaviy aka-singillar – Xokon va Kristin tanlangan.

 2002

Solt-Leyk-Sitidagi olimpiadaning short-trek bahsida sensatsiya qayd etildi. Boshqa sportchilarning ommaviy yiqilishi natijasida avstraliyalik Stiv Bredberi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Uning g‘alabasi o‘z mamlakatida katta quvonch bilan kutib olindi va uning sharafiga pochta markasi chop etildi.

Siyosiy, mojaroli olimpiada sifatida tarixda qolgan olimpiya o‘yinlarida figurali uchishning juftlik  bahslarida oltin medallar birvarakayiga 4 ta sportchiga taqdim etildi. Hakamlar bahosiga ko‘ra g‘olib deb topilgan rossiyalik juftlik Anton Sixarulidze va Yelena Berejna bilan bir qatorda kanadalik juftliklar ham yuqori probali medallarni qabul qilib olishdi.

 2010

Kanadaning Vankuver shahridagi o‘yinlardan oldingi marafon eng uzoq davom etgan marafon sifatida tarixga kirdi. 106 kun davom etgan «marosim»da 12 mingdan ziyod ishtirokchi 200 dan ortiq aholi punkti orqali 45 ming kilometr masofani bosib o‘tdi.

Olimpiya o‘yinlari boshlanishidan oldin baxtsiz hodisa ro‘y beradi. Gruziya sportchisi Nodar Kumaritashvilining mashg‘ulot vaqtida vafot etishi terma jamoaning ochilish marosimida motam bog‘ichlari bilan chiqishiga sabab bo‘ldi. Olimpiya madhiyasidan keyin sportchi sharafiga bir daqiqalik sukut saqlandi.

2014

Sochi olimpiadasining medallari musobaqa tarixidagi eng kattasi hisoblanadi. Ularning diametri 10 sm, qalinligi 1 sm. Barcha medallarni tayyorlash uchun naqd 3 kg oltin, 2 tonna kumush va 700 kg bronza ishlatilgan.

Sochi olimpiadasi ob’yektlari. 2014-yil
Foto: «East News»

Sochidagi olimpiya inshootlari qulayligi bilan ko‘pchilikka yoqib tushdi. Chunki bir ob’yektdan ikkinchisiga borish uchun bir necha daqiqa kifoya qilar edi. Hatto tog‘li hududlardagi sport majmualaridan daryo bo‘yidagi inshootlarga uzog‘i bilan 30 daqiqada borish mumkin edi. Shuningdek, ushbu olimpiada inshootlari uchun rekord darajadagi mablag‘ sarflandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, musobaqa o‘tkazish majmualarining qurilishi va tashkilotchilik ishlari uchun taxminan 40 mlrd dollar sarflangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring