Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Uzbek Tigers» kubalik bokschilardan revansh oldi

«Uzbek Tigers» kubalik bokschilardan revansh oldi

Foto: «Sports.uz»

Poytaxtimizdagi «Universal» sport saroyi mezbonlik qilgan boks oqshomida hamyurtlarimiz Kubaning «Cuba Domadores» vakillariga qarshi ringga ko‘tarildi.

Kubada bo‘lib o‘tgan birinchi to‘qnashuvda mezbonlar 5:0 hisobida g‘alaba qozongandi, vakillarimizdan ushbu mag‘lubiyat revanshini olish talab etilardi. Qolaversa, bokschilarimizning shaxsiy hisob-kitoblari ham bor edi.

Keskin o‘tgan janglarda bokschilarimiz o‘z raqiblarini katta ustunlikda mag‘lub etishdi. Umumiy hisob – 4:1. 

O‘tgan yili Gamburgda o‘tkazilgan Jahon chempionatida shubhali tarzda g‘alabani ilib ketgan kubalik bokschi bu safar Toshkentda taslim etildi. 49 kg vazn toifasida bo‘lib o‘tgan jangda Hasanboy Do‘smatov revansh olishga muvaffaq bo‘ldi.

2016 yilgi Rio Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan hamyurtimiz Shahobiddin Zoirov bir yarim yillik tanaffusdan so‘ng xalqaro arenalarda jang qilishni boshladi. 56 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Zoirov nomdor raqib – Robeysi Ramires bilan jang olib bordi. Shiddatli zarbalarga boy bo‘lgan ushbu bahsda o‘zbekistonlik bokschi Shahobiddin Zoirov g‘alaba qozondi.

Boks kechasining navbatdagi jangida hamyurtimiz Iqboljon Xoldorov kubalik Andi Kruz Gomes bilan kuch sinashdi. O‘tgan yilgi Jahon chempionati finalida kubalik bokschiga imkoniyatni boy berib qo‘ygan Iqboljon Xoldorov bu safar ham g‘alaba qozonishni uddasidan chiqa olmadi va yana bir mag‘lub bo‘ldi.

To‘rtinch bo‘lib ringga ko‘tarilgan Osiyo chempioni Isroil Madrimov 2016 yilgi Rio Olimpiadasi oltin medal sohibi Arlen Lopesga qarshi ringga ko‘tarildi. O‘zbekistonlik muxlislari qarshisida kubalik bokschiga qarshi ringga chiqqan Isroil Madrimov ortiqcha qiyinchiliksiz raqibini mag‘lub etdi.

Olimpiada va Jahon chempioni Erislandi Savonga qarshi ringga ko‘tarilgan hamyurtimiz Sanjar Tursunov o‘zining eng yaxshi janglaridan birini o‘tkazdi. Jangni faol boshlagan Tursunov jang davomida ustunlikni raqib jamoa vakiliga berib qo‘ymadi va yakunda g‘alaba qozondi, deb xabar berdi «Sports.uz».

«Uzbek Tigers» 4-1 «Domadores de Cuba»

49 kg: Hasanboy Do‘smatov 3:0 Joyannis Oskar Argilagos
56 kg: Shahobiddin Zoirov 3:0 Robeysi Ramires
64 kg: Iqboljon Xoldorov 1:2 Andi Kruz Gomes
75 kg: Isroil Madrimov 3:0 Arlen Lopes
91 kg: Sanjar Tursunov 3:0 Erislandi Savon

Hamyurtlarimiz Jahon boks seriyalaridagi keyingi janglarini 1 mart kuni Toshkentda Kolumbiyaning «Colombia Heroicos» jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring