Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

60 ta xizmat — 60 xil qulaylik... Yagona portalni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Davron Ahmedov bilan suhbat

60 ta xizmat — 60 xil qulaylik... Yagona portalni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Davron Ahmedov bilan suhbat

Yagona portalni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Davron Ahmedov.

Foto: «e-gov.uz»

Aholiga yanada qulayliklar yaratish, ularning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish, davlat xizmatlaridan to‘siqsiz, shaffof va adolatli foydalanishlari uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 2021 yilda bir qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bularga aniqlik kiritish maqsadida, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Davron Ahmedov bilan bo‘lgan suhbatimizda talabgorligi yuqori bo‘lgan, Yagona portalda joriy qilinishi rejalashtirilgan yangi xizmatlarga to‘xtalamiz.

– Davlat rahbarining 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida 2021 yil oxiriga qadar elektron davlat xizmatlarini 60taga oshirib, ularning sonini 300taga, masofaviy xizmatlar ulushini esa kamida 60 foizga yetkazish zarurligi ta’kidlangan edi. Bu nafaqat topshiriq, balki qaysidir ma’noda mas’uliyat hamdir, shunday emasmi?..

– To‘g‘ri aytasiz, Respublikamiz Prezidenti elektron hukumat sohasiga juda katta e’tibor qaratayaptilar. 2020 yil 5 oktyabrdagi «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasining tasdiqlanishi ham so‘zimiz isbotidir. Mazkur qaror doirasida ham 2021 yilda talabgorligi yuqori bo‘lgan davlat xizmatlari ro‘yxatini shakllantirish, tasdiqlash hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy qilish  belgilangan. Bularning barchasi Markazimiz zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Bugungi kunda Markaz tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining ko‘p sonli talab va takliflarini inobatga olgan holda, mavjud davlat xizmatlarini tahlil qilish hisobiga «2021 yilda davlat xizmatlarini ustuvor ravishda elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi» ishlab chiqildi va Bosh vazir tomonidan tasdiqlandi. Ushbu dasturda joriy yilda Yagona portalda 60ta davlat xizmatlarini joriy etish belgilangan. Ushbu ro‘yxatdan asosan aholi tomonidan ko‘p marotaba murojaat qilinadigan, ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilgan, ayniqsa, tibbiyot tizimi bilan bog‘liq qator elektron xizmatlar o‘rin olgan.

Joriy etiluvchi xizmatlarni quyidagi yo‘nalishlarga bo‘lish mumkin: fuqarolik, soliq, tadbirkorlik, bank-moliya, ijtimoiy, telekommunikatsiya, kadastr, ta’lim va boshqa sohalar.

– Ularning bari yangi bo‘ladimi?

– Bir qator xizmatlarni yangidan joriy qilish rejalashtirilgan. Lekin 60ta xizmatning hammasi ham yangi emas. Ichida zamon talabidan kelib chiqib, aholiga yanada qulayliklar yaratish maqsadida avvaldan mavjud bo‘lgan, lekin soddalashtirishni, takomillashtirishni taqozo etadiganlari, zamonaviy til bilan aytganda, ayrim xizmatlar BPR (Business process reengineering) qilinadi, ya’ni optimallashtiriladi.

– Hozirgi kunga kelib topshiriqda belgilangan 60ta elektron xizmatlardan qaysilari YaIDXPda ishga tushirilgan? 

– Ushbu dastur chiqqanidan beri shu kunga qadar Markaz xodimlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, quyidagilari ishga tushirilib, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan foydalanib kelinmoqda:

  • COVID-19ga vaksinatsiyalash (emlash) uchun ro‘yxatga yozilish yoki boshqa ma’lumotlarni olish;
  • Fuqarolarni respublikadan chiqishda kommunal va boshqa xizmatlardan qarzdorligi (cheklov) mavjudligini tekshirish xizmati;
  • Yer osti suvlaridan maxsus foydalanish yoki ularni maxsus iste’mol qilish uchun ruxsatnoma berish;
  • Gidrogeologik xulosa berish;
  • Yer osti quduqlarini burg‘ulash uchun ruxsatnoma olish;
  • Tadbirkorlik sub’yektlari avtomototransport vositasi konstruksiyasini o‘zgartirish bilan bog‘liq faoliyatni boshlaganligi yoki tugatganligi haqida xabardor qilish;
  • Avtomobil yo‘llarini, yo‘l inshootlarini, temir yo‘l kesishmalarini, avtomobil yo‘llari va ko‘chalar bo‘yida joylashgan avtomobillarga benzin quyish, gaz to‘ldirish va gaz quyish stansiyalarini qurish, rekonsturksiya qilish hamda ta’mirlash loyihalarini kelishish va hokazolar.

– Zarurat bo‘lgan holatlarda Yagona portalda chora-tadbirlar dasturida tasdiqlangan xizmatlardan tashqari boshqa elektron xizmatlar ham joriy etilishi mumkinmi?

– Albatta. Yil davomida turli hukumat qarorlari, normativ huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlangan elektron hukumat xizmatlarini ishga tushirish ham asosiy vazifalarimizdan biridir.

Xuddi shunday vazifalar sifatida yaqinda ishga tushirilgan va yoshlar o‘rtasida juda talabgorligi yuqori bo‘lgan «Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball olgan yoshlarga imtihon xarajatlarini to‘liq qoplab berish xizmati»ni ham keltirish mumkin. Ushbu xizmat joriy yil 1 maydan ishga tushirildi va hozirgi kunda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida eng talabgor xizmatlar sifatida e’tirof etilyapti. Hozirgi kunga qadar ushbu xizmatdan foydalanish bo‘yicha 400 ta ariza kelib tushgan.

Shuningdek, joriy yilda Moliya vazirligi bilan birgalikda budjet hisobi hisobchisi sertifikatini olgan jismoniy shaxslarga buxgalteriya hisobi xizmati xodimlarini tayyorlash markazlari o‘qish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida kompensatsiya to‘lab berilishi bo‘yicha xizmatni Yagona portalda joriy qilish rejalashtirilgan.

– Nazarimda, aholi va tadbirkorlarga yangi elektron xizmatlar ro‘yxatidan yana nimalar o‘rin olgani qiziq...

– Bu ro‘yxatda yurtdoshlarimizni yillar davomida o‘ylantirib kelgan «Fuqarolikka qabul qilish va fuqarolikdan chiqishga ariza topshirish xizmati»ning o‘rin olgani ayni muddao bo‘lsa kerak. Avvallari turli idoralar eshigi yonida sarg‘ayib o‘tirish, juda ko‘p ma’lumotnomalar to‘plash, keyin navbat kutish kabi dahmazalar odamlarning ko‘nglini xira qilardi. Hozirgi kunda bu tartib ancha yengillashtirilgan. Ayniqsa, xizmatdan Yagona portal orqali uydan chiqmagan foydalanish, hatto tegishli to‘lovlarni ham amalga oshirishning imkoni borligi bu katta natijadir. Joriy yiilning uchinchi choragida ushbu xizmatni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, yil davomida tadbirkorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ortiqcha ovoragarchilik, byurokratiya, qog‘ozbozlikning oldini olish maqsadida hamda license.gov.uz portalini YaIDXPga integratsiya qilish hisobiga yangi xizmatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Bular asosan litsenziya berish va xabardor qilish turidagi xizmatlar hisoblanadi. Xususan, joriy yilning 15 may sanasiga qadar quyidagi davlat xizmatlari ishga tushirildi:

  • Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish faoliyati uchun xabarnoma yuborish; Umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogolli mahsulotlarni sotish faoliyati uchun xabarnoma yuborish;
  • Ko‘chma savdoni boshlash to‘g‘risida xabarnoma yuborish;
  • Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan ishlash faoliyati uchun xabarnoma yuborish va boshqalar;
  • O‘z-o‘zini band qilgan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish va hokazolar.

– Endi bizga uzog‘imizni yaqin qilayotgan, qulay va oson xizmatlarni taqdim etayotgan, vaqtimizni va naqdimizni tejayotgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali haqida ham qisqacha ma’lumot bersangiz.

– Yagona portal 2012 yil 30 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 378-son qarori asosida tashkil etilib, 2013 yildan «bir darcha» tamoyili asosida ishga tushirilgan. Faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 sentyabrdagi 728-son qarorida belgilangan nizomga asosan amalga oshiradi.

Hozirgi kunda yagona portalda yuridik va jismoniy shaxslarga jami 254ta elektron davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslardan davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha jami 9.3 mln. ariza kelib tushgan. Jumladan, ma’lumotnomalar olish, arizalar to‘ldirish, xabarnoma yuborish, ruxsatnomalar, turli xil guvohnomalar, ish haqi, kreditlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar, nikohdan o‘tishga arizalar yuborish, xullas, bog‘chaga bolalarni navbatga qo‘yishdan tortib, tarbirkorlikka litsenziyalar olishgacha bo‘lgan xizmatlarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Shuning uchun ham portal foydalanuvchilari soni kundan-kunga oshib bormoqda. Masalan, birgina 2018 yilda ular soni 38 mingdan ziyodni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich yarim millionga yetdi.

Bundan tashqari, aholining keng qatlami va yoshlar o‘rtasida YaIDXPni ommalashtirish uchun uning mobil ilovasini ham ishga tushirganmiz. Bugungi kunda mobil ilovada 35ta elektron davlat xizmatlari mavjud.

Lekin biz bu ko‘rsatkich bilan chegaralanib qolmaymiz. Mobil ilovadagi xizmatlar sonini oshirish, qulayliklar yaratish, interfeysi hamda adaptatsiyasini yaxshilash bo‘yicha texnik, tashkiliy va huquqiy ishlarni doimiy ravishda amalga oshirib, yil oxiriga qadar yana qo‘shimcha 30ga yaqin elektron xizmatlarni joriy qilishni rejalashtirganmiz.

– Yaqin muddatlarda shoshilinch ishga tushishi kerak bo‘lgan xizmatlar ham bormi? Masalan, tegishli vaqtda joriy etilsa, ko‘plab yurtdoshlarimizga asqotadigan...

– Hozirgi kunda shunday asosiy rejalarimizdan biri bu – 2021-2022 yilgi o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlar tomonidan hujjat topshirish jarayoni. Aynan shu oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Bilamizki, avgust oyida barcha oliy ta’lim muassasalariga davlat imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Ungacha hujjat topshirish bosqichi bor. Karantindan oldin juda ko‘p abituriyentlarning poytaxtga yoki boshqa yirik shaharlardagi oliy ta’lim muassasalariga bir qator hujjatlarni ko‘tarib borishi, uzundan uzoq navbatlarda turishlarini kuzatardik. O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, bu yil ham ushbu amaliyotni elektron ravishda Yagona portalda joriy qilish ko‘zda tutilgan.

– Aholimiz bank bilan bog‘liq jarayonlarda haligacha hujjatbozliklar ko‘pligidan shikoyat qilishadi. Jumladan, kredit olish uchun murojaat etilganida ish haqi, yana kredit tarixi haqida ma’lumotnomalar. Yagona portalda shu kabi xizmatlarning joriy etilishi ham ko‘zda tutilganmi?

– Albatta, Yagona portalda siz ta’kidlagan ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni olish xizmatlari ishga tushirilgan. Ish haqi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish uchun turli sabablar bilan xonasida bo‘lmaydigan «buxgalter»larni izlab yurardik. Endi bu ma’lumotnomani har kim o‘zi shakllantirishi mumkin. Unda oylik ish haqi, undirilgan daromad solig‘i va boshqa ma’lumotlar ham qayd etilgan bo‘ladi. Mazkur ma’lumotnomaga QR-kod qo‘yilganligi bois uning elektron yoki qog‘oz shaklidagisini istalgan bank sohasidagi xizmatlardan foydalanishda taqdim etish mumkin. Shu bilan birga bemalol oylik maoshingizni kuzatib turishingiz, u haqda ma’lumotlarga ega bo‘lishingiz mumkin.

Kredit tarixi bo‘yicha ma’lumot olish bo‘yicha ishlar ham yakuniga yetib qoldi. Tez orada ushbu xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Shu o‘rinda aholiga yana bir yengillik beruvchi xizmat haqida gapirmoqchiman, bu avtotransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish. Bilasizmi-yo‘qmi, ammo bu juda ovoragarchiligi katta, asabbuzarligi ko‘p jarayonlardan biri edi. Endi shu xizmatni elektron ko‘rinishda joriy etmoqchimiz. Ya’ni avtotransport vositalarini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish hamda davlat raqami va texnik pasportini o‘zgartirish uchun ariza yuborish, avtotransport vositalari oynalari tusini o‘zgartirishga ruxsatnoma kabi xizmatlar masofadan – YaIDXP orqali amalga oshiriladi. Ochig‘i, buni haydovchilarimiz uchun eng zo‘r yangilik deb bilaman.

So‘zim yakunida bir narsani aniq aytib o‘tishim joizki, Yagona portal aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga qulaylik va imkoniyatlar majmuidir. Yagona portal jamoasi bu borada doimiy izlanishda.

Shohida Isroilova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring