Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vazirligi tarixidagi muhim voqea

Adliya vazirligi tarixidagi muhim voqea

Foto: «Huquqiy axborot»

2018-yilning 13-aprel kuni davlatimiz rahbarining «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatlar 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasiga muvofiq davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgandir.

Adliya organlari hujjatlarda nazarda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda, tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etishda «Odilona qonunlarni qabul qilish, jamiyatda qonunga hurmat ruhini qaror toptirish – demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir» degan konseptual g‘oyani hayotga tatbiq etish orqali yagona davlat huquqiy siyosatini amalga oshiradi.

Muhim voqea deya e’tirof etilayotgan hujjatlar qator yangiliklarni qamrab olgan.

Endilikda «respublika – viloyat – tuman (shahar)» uch pog‘onali prinsipi bo‘yicha vertikal boshqaruvni joriy etgan holda tuman (shahar)larda adliya bo‘limlari tashkil etiladi. Bu bilan bevosita joylardagi huquqiy muammolar, fuqarolarning huquq va erkinliklari ularning haqiqiy ehtiyojlari bilan bog‘liq holda ta’minlanishini chuqur o‘rganish, jamiyatdagi aniq huquqiy holatdan kelib chiqib huquqiy targ‘ibotni amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida bir qator yangi boshqarmalar tashkil etildi. 

Joriy yildan boshlab, Adliya vaziri davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida har yili Oliy Majlis Senatiga axborot taqdim etadi.

2018-yil 1-maydan boshlab esa normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Vazirlar Mahkamasiga, O‘zbekiston Prezidenti devoniga faqat Adliya vazirligining huquqiy ekspertiza yakuni bo‘yicha ularni qabul qilishning maqsadga muvofiqligi haqidagi xulosasi mavjud bo‘lgandagina kiritiladi.

Joriy yilning 1-iyulidan boshlab fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDY) organlarining huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, faoliyatini metodik ta’minlash, «FHDYning yagona elektron arxivi» axborot tizimini yuritish, FHDYoning hududiy arxivlariga rahbarlik bo‘yicha vazifalar Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi zimmasiga yuklatilgan holda, FHDY organlari tuman(shahar)lar hokimiyati tasarrufiga o‘tkaziladi.

2019-yil 1-yanvardan esa mamlakatimiz hududida 1993-yil 17-iyungacha qabul qilingan va Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tmagan umummajburiy idoraviy hujjatlar, shu jumladan sobiq SSSRning idoraviy hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotadi.

Adliya vazirligi xalqaro arbitrajlar va sud ishlari masalalari bo‘yicha O‘zbekistonning manfaatlarini himoya qilish sohasida vakolatli davlat boshqaruvi organi etib belgilandi.

Adliya vazirligi huzurida Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tashkil etilmoqda. Institut qonunchilikni va uning tarmoqlarini rivojlantirish sohasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, huquqiy muammolarni o‘rganish, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishni rivojlantirish yo‘nalishlarini aniqlash, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirishga qaratilgan vazifalarni bajaradi.

Yana bir yangilik shuki, joylarda yuridik kollejlarga qabul qilish har bir hududning «yurisprudensiya» yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olgan holda Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan kvotalar bo‘yicha tanlov asosida amalga oshiriladi.

2020/2021-o‘quv yilidan boshlab yuridik kollejlar bitiruvchilari TDYUga hududiy adliya organlarining yo‘llanmasi bo‘yicha test sinovlarisiz yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali kirish huquqiga ega bo‘ladilar.

2018/2019-o‘quv yilidan esa TDYU magistraturasiga shartnoma asosida talabalarni qabul qilish kvotasi 150 tagacha oshiriladi. Mazkur o‘quv yilidan boshlab TDYUning magistraturasiga qabul test sinovlarisiz o‘qitish muddati bir yil bo‘lgan holda amalga oshiriladi.

Muhim o‘zgarishlardan yana biri shuki, Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi negizida TDYU huzurida Xalqaro standartlar bo‘yicha yuridik kadrlarni kasb-hunarga o‘qitish markazi tuziladi. Oliy ma’lumotga ega mutaxassislarni yuridik mutaxassislik bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishidir. Shu bilan birga, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida huquqiy fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari tashkil etiladi. Mazkur kurslarni tugatgan va belgilangan namunadagi diplomni olgan shaxslar davlat organlari va boshqa tashkilotlarning yuridik xizmatlarida ishlash huquqiga ega bo‘ladi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning, shuningdek, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmuni va ahamiyatini aholiga yetkazishga qaratilgan materiallar tayyorlash va efirga uzatish maqsadida «Madaniyat va ma’rifat» teleradiokanali DUK tarkibida «Huquqiy axborot» telestudiyasi tashkil etiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, har ikkala hujjatda belgilangan strategik yo‘nalishlar adliya organlari va muassasalarining istiqboldagi faoliyati uchun poydevordir.

Adliya vazirligi axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring