Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Fransiyada musulmonlar hayoti va islomni o‘rganishga katta e’tibor qaratiladi» – Aix-Marseille universiteti doktoranti bilan suhbat

«Fransiyada musulmonlar hayoti va islomni o‘rganishga katta e’tibor qaratiladi» – Aix-Marseille universiteti doktoranti bilan suhbat

Foto: Xabar.uz

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyularni davom ettiramiz. Navbatdagi suhbatdoshimiz Feruza Mahmasobirova Toshkent shahrida tug‘ilgan.

Hozirda u Fransiyaning nufuzli Aix-Marseille universiteti doktorantura bosqichida tahsil oladi.

Yaxshi o‘qishga va shaxsiy rivojlanishga harakat qilganman

Poytaxtimizdagi fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabida, so‘ng Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi Shayxontohur akademik litseyida o‘qiganman.

Litseyda o‘qib yurgan paytlarimda tarix fanini o‘rganishga qiziqish uyg‘ongan va shu sababli aynan shu sohada o‘z yo‘limni davom ettirishi niyat qildim. 2014-2018 yillar Toshkent islom universitetida «Islom tarixi va manbashunosligi» yo‘nalishida davlat granti asosida tahsil oldim. Universitetda ham yaxshi o‘qishga va shaxsiy rivojlanishga harakat qilganman. Shu boisdan bo‘lsa kerak, o‘qish davomida Imom Buxoriy nomidagi Davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdim.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi (avvalgi Toshkent islom universiteti)dagi o‘qish sharoitlari, talabalarga yaratilgan imkoniyatlar va sevimli ustozlarimning borligi sabab, magistraturada o‘qishimni davom ettirish uchun o‘zim tahsil olayotgan akademiyani tanladim. Magistraturaning birinchi kursida tahsil olish vaqti, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazida ilmiy xodim sifatida ham faoliyat olib bordim. Aynan ushbu markazda ilmiy xodim sifatida ishga olinishim va  unda o‘z soham bo‘yicha ishlay olganim hayotimdagi eng katta yutuqlarimdan biri deb o‘ylayman.

Fransiyada magistratura bosqichida tahsil olaman deb o‘ylamaganman

Rostini aytsam, fransuz tilini maktab davrida o‘rganib, bu tilga alohida mehr qo‘ygan bo‘lsam-da, aynan Fransiyada magistratura bosqichida tahsil olaman, deb o‘ylamagandim. Chunki, litsey va universitetda ingliz, arab va fors tillarini o‘rganganman. Magistraturaning 1-bosqichida tahsil olayotgan davrim Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Fransiyada tahsil olish imkoniyatini beruvchi grant loyihasi e’lon qilinganligini eshitdim. Akademiya Xalqaro bo‘limi ko‘magida aynan shu grantni qo‘lga kiritish uchun harakatni boshladim. Bir necha bor Fransiya elchixonasida suhbatdan o‘tdim. Keyin hujjatlarimni grant berayotgan tashkilot Fransiya tashqi ishlar vazirligiga yubordik. Va vazirlikdan ijobiy javob oldim.

Oldimda turgan vazifa universtitetlarga hujjat yuborish va ularga qabul qilinishimni kutish edi. Bu uchun esa, Fransiyadagi eng katta universitetlardan biri Aix-Marseille universitetining «Art, Langues, Lettres et sciences humaines» («San’at, til, adabiyot va ijtimoiy fanlar») fakultetiga hujjatlarimni yubordim va ushbu yo‘nalishda 2-bosqichda tahsil olish imkoniyatini qo‘lga kiritdim. Universitetga hujjatlarni yuborish, onlayn suhbatlardan o‘tish davomida ota-onam, ustozlarim va hamkasblarimning qo‘llab-quvvatlashlari juda katta yordam bo‘ldi.

Men tahsil olayotgan oliygoh 2012 yil 1 yanvarda tashkil topgan. Asosiy qarorgohi Fransiya janubidagi Marsel shahrida joylashgan. Aix-Marseille universitetida 80 000, shu jumladan 10,000 xalqaro talabalar va 1000 ga yaqin milliy va universitet darajalari, kasbiy yo‘naltirish va integratsiya xizmati, uzluksiz o‘qitish xizmati, eng yirik tashkilotlar bilan bog‘liq bo‘lgan 120 ta ilmiy tuzilmalar va uning 12 ta doktorlik maktablari mavjud.

Musulmonlar hayoti, hozirgi davr va islomni o‘rganishga katta e’tibor qaratiladi

Fransiyada ko‘p sonli musulmonlar istiqomat qiladi. Shu sababdan ham islom dini, islom tarixi, musulmonlar hayoti, hozirgi davr va islomni o‘rganishga katta e’tibor qaratiladi. «Arab-musulmon va homiy-somiy xalqlar dunyosi»  yo‘nalishida tahsil olish davomida juda ko‘plab sohalarda bilimlarga ega bo‘ldim. Eng muhimi, magistraturada tahsil olish davrida bizda fanlarni tanlash huquqi bor edi. Asosiy va majburiy 2 ta fan va qolgan fanlarni tanlash huquqi talabalarda bo‘lib, shu asosiy fanlarda arab-musulmon dunyosi madaniyati, adabiyoti,  tarixi, siyosati haqidagi maxsus kurslarda ishtirok etdim.

Men ham islomshunoslik, tarix, tarixiy antropologiya va fors tili fanlarini tanladim. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishim joizki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida olgan bilimlarim islomshunoslik kurslarida juda qo‘l keldi.

«Arab musulmon, homiy-somiy xalqlar dunyosi» yo‘nalishi juda keng qamrovli mavzularni o‘zida mujassamlashtirgan yo‘nalishlardan. Magistraturadagi kursdoshlarim zamonaviy islom davlatlarida ayollar huquqi, ijtimoiy-diniy psixologiya va islom tarixiga oid mavzularda magistrlik ishlarini himoya qildi.

Hozirgi kunda dunyoda islomofob kuchlar paydo bo‘layotgan, radikalizm kuchayayotgan bu davrda sof islom g‘oyalarini ko‘rsatib beruvchi ilmiy ishlarning amalga oshirilishi juda muhim ahamiyatga ega deb hisoblayman.  Men tanlagan mavzu esa bevosita O‘zbekiston bilan bog‘liq edi. Yurtimiz qadim sivilizatsiyalar vujudga kelgan makon, dunyoga ko‘plab olim-u fuzalolarni yetishtirib bergan mamlakatlar qatoriga kiradi. Fransiyalik professor o‘qituvchilarim o‘zbek talaba sifatida aynan O‘zbekiston va islom tarixiga oid mavzuda ilmiy ish sifatida olishimni maslahat berishdi. Va men Yevropa uchun hali o‘rganilishi kerak bo‘lgan yurtimizdagi qadimiy shaharlardan biri bo‘lgan Termiz shahrini tanladim. Mavzu doirasida asosiy vazifa shahar tarixini yoritish emas, balki uni islom sivilizatsiyasi rivojidagi ahamiyati, shaharning Amudaryo bilan aloqasi va shahar rivojida daryoning o‘rnini aniqlash, bu yurtdan yetishib chiqqan diniy va dunyoviy ulamolar merosini tadqiq qilishdan iborat. Shu kabi masalalar yoritilgan magistrlik ishimni himoya qildim va himoya jarayonida hakamlar tomonidan berilgan tavsiyalarga asosan hozirgi kunda shu mavzuni kengaytirgan holda PhD doktorlik ishimda ham davom ettiryapman.

Ijtimoiy himoya qilish borasida ancha ilgarilab ketgan

Fransiyada yashash davomida uni haqiqatdan ham Yevropadagi eng rivojlangan davlatlardan biri ekanligiga guvoh bo‘ldim. Albatta, har bir davlatda bo‘lgani kabi Fransiyaning ham ichki va tashqi muammolari ko‘p. Lekin hozir o‘z kuzatuvlarim davomida duch kelgan ijobiy tomonlariga to‘xtalib o‘tmoqchiman. 

Fransiya o‘z fuqarolarini, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ham ijtimoiy himoya qilish borasida ancha ilgarilab ketgan. O‘zim talaba sifatida shaxsan bunga guvoh bo‘ldim. Pandemiya sharoitida nafaqat hukumat, balki turli tashkilotlar tomonidan doimiy tarzda ham ma’naviy, ham moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Ya’ni bu davrda ko‘p talabalar o‘z ishlaridan ayrilgan, qaysidir ma’noda qiyinchilikni boshidan kechirayotgan davr edi.

O‘sha vaqt mamlakatda (agar oziq-ovqat sotib olishga imon bo‘lmasa) har hafta birlamchi kerakli oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyenik vositalar bepul muhtojlarga tarqatildi. Talabalar uchun bu yordam universitet hududida yo‘lga qo‘yildi.

Qolaversa, universitet oshxonalarida ovqatlanish uchun qat’iy 1 yevro narx joriy qilindi. Pandemiya sharoitida boshlangan bu ishlar hozirgi kungacha davom etmoqda.

Bu yerda ikki yil yashash davomida shunday xulosaga keldimki, Fransiyada talaba bo‘lgan davrda yashash ancha osonroq. Tibbiy sug‘urta borasida ham talabalarga ko‘plab sharoitlar yaratilgan. Men stependiant sifatida pulli sug‘urta qildirilgan bo‘lsam-da, shuningdek, barcha xarajatlarni qoplaydigan, 100 foiz bepul tibbiy sug‘urta turlari mavjud.

5 yil davomida umuman hech qanday imtihonlarda qatnasha olmaydi

Universitet hayotiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, universitetlarga kirish oson, bitirib chiqish qiyin. Magistratura uchun bizdagi kabi test-imtihonlar bo‘lmaydi. Faqatgina kerakli hujjatlar, baholar va sertifikatlar yuboriladi va shular orqali sizni tanlab olishadi. Ammo, o‘qish davri yuqorida aytganimdek oson emas. Ayniqsa, imtihonlar.

Dastlab imtihonlar men uchun juda qiyin bo‘lgan edi. Sababi har bir savol (ayniqsa islomshunoslik kursida) mantiqiy tuzilgan bo‘lib, bir savolga javob toppish uchun butun kursni o‘qigan bo‘lish kerak bo‘lardi. Ba’zi bir kurslarda davomat muhim sanalsa, ba’zilarida davomat muhim emas. Lekin  bir kursni sababsiz 3 marotabadan ko‘p qoldirib bo‘lmaydi. Muhimi kurs davomida o‘tilgan mavzularni imtihon paytida ko‘rsatib bera olishdir.

Darslarda erkin, har bir talaba o‘zining mustaqil fikrini bildira oladi.  Fransiya o‘quv tizimida meni juda hayratga solgan bir holat ham bor ediki, agar talaba imtihon paytida telefon orqali qo‘lga tushib qolsa, 5 yil davomida umuman hech qanday imtihonlarda qatnasha olmasligi, hatto avtomobil boshqarish huquqni beruvchi hujjat imtihonlarida ham qatnasha olmasligi va universitetdan chetlatishgacha borishi mumkinligi bo‘ldi. Bu ma’lumotni dugonamdan eshitganimda ta’lim tizim juda qattiq ekanligini tushunganman. 

Diplomni olish muddati bir yilgacha cho‘ziladi

Fransiyaning aksariyat universitetlarida magistratura bosqichini tugatgandan so‘ng, diplomni olish muddati bir yilgacha cho‘ziladi. Buning asosiy sababi bu vaqt davomida hakamlar tomonidan talabaning bahosi, diplom ishlari tekshiriladi. Ammo, keyingi faoliyat to‘xtab qolmasligi uchun ma’umotnoma taqdim qilinadi.

Men ham magistrlik diplomimni aprel oyida qo‘lga kiritdim. Hozirgi kunda Aix-Marseille universitetining 355-raqamli doktorlik maktabida PhD doktorantman. Doktoranturada 1 yil tahsil olish davomida o‘zim uchun yangi bilim va metodologiyalarni o‘rgandim. 1 kurs doktorantlar uchun aynan tadqiqot olib borish metodologiyasi va ilmiy izlanish olib borish qoidalari haqida maxsus kurslar tashkil qilinib, yakunida imtihonlar bo‘ldi. Fikrimcha, bunday kurslarning mavjud bo‘lishi ilmiy ishini boshlayotgan doktorantlar uchun juda kerakli va qulay deb o‘ylayman.

Shuningdek, har oy har bir sohaga oid master klass kurslar tashkil qilinadi. Har bir doktorant o‘zi xohlagan kursida bemalol qatnashishi mumkin. E’tiborlisi, doktorantlarning holatini kuzatib turish uchun maxsus platforma yaratilgan. Biz qanday kurslarda qatnashyapmiz, dastlabki imtihonlarimiz bahosi qanday, qatnashgan konferensiyalarimiz, bularning barchasi shu platformada aks etgan va bu bizni ortiqcha hujjat yoki hisobotlar tayyorlashimizdan ozod qiladi.

Fransiya o‘quv tizimining men uchun eng yutuqli deb hisoblagan tomonlarimdan biri bu juda boy onlayn kutubxona tizimining mavjud ekanligi. Bu, ayniqsa, pandemiya sharoitida juda qo‘l keldi. Biz universitet tomonidan berilgan ID kartamiz orqali, butun dunyo kutubxonalaridagi ma’lumotlardan bepul tarzda foydalana olish imkoniga ega bo‘ldik.

Shu bilan birga, biror talabaning ilmiy izlanishi uchun kerakli hujjat boshqa kutubxonada bo‘lsa, kutubxonalar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan xizmat orqali shu kitob sizning kutubxonangizga ham keltirilishi mumkin.

Fransiyalik ustozlarimning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda

Hozirgi paytda PhD doktaranturaning birinchi yilini tamomlash arafasidaman. Dissertatsiya ishim O‘zbekiston bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli ham 2-yilida O‘zbekistonda turib tadqiqotimni davom ettirishni mo‘ljallaganman. Bu orada fransiyalik ustozlarimning ham O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. O‘zbekistonga qaytganimdan so‘ng dissertatsiya mavzuim bilan shug‘ullangan, o‘z ishimni davom ettirishni, ya’ni O‘zbekistondagi islom sivilizatsiya markazida ishlashni niyat qilganman.

Bu menga har tomonlama o‘z ustimda ishlash, Fransiyada olgan bilimlarimni amaliyotda qo‘llash imkonini beradi. Kelajakda shu markazning ilmiy xodimi sifatida Fransiyadagi ilmiy tadqiqot institutlarida stajirovka o‘tash va bir necha yildan so‘ng dissertatsiya ishimni Fransiyada himoya qilishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring