Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Aqlimni tanibmanki, musofirlikdaman» — pasportiga Turkiston deb bitilgan yozuvchi bilan suhbat

«Aqlimni tanibmanki, musofirlikdaman» — pasportiga Turkiston deb bitilgan yozuvchi bilan suhbat

Foto: «Xabar.uz»

Sobir Sayxon 1931-yili Marg‘ilon shahriga yaqin bo‘lmish Varzak qishlog‘ida tug‘ilgan. Avvalo, sho‘rolar tazyiqi, qolaversa, ocharchilik, notinchlik tufayli u endigina o‘ttiz kunlik chaqaloq mahali bobo-buvisi, ota­onasi, qarindosh-urug‘lari muhojirotga ketishga majbur bo‘lishgan.

Ancha muddat Afg‘onistonning Kobul, Mozori Sharif shaharlarida, keyin esa Iroq, Eron, Suriya va Pokistonda yashashgan, nihoyat 1950-yili Turkiyaga ko‘chib o‘tishgan. 1974-yili unga birinchi marta vataniga kelish uchun izn berilgan. O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyingina kindik qoni to‘kilgan muborak zaminga emin-erkin kelib-ketmoq baxtiga muyassar bo‘ldi. Ziyoli, taniqli adib Sobir Sayxonning o‘ndan ortiq nasriy asarlari mamlakatimizda chop etilgan. Uning qalamiga mansub qissalari asosida video, hujjatli filmlar ishlangan.

Sobir aka, ota yurt, ona Vatanga xush kelibsiz?

– Tashakkurlarim bo‘lsin sizlarga!

Xo‘sh, bu galgi tashrifingiz nechanchisi endi?

– 33-bora kelishim, birodar. Ikki marta sovetlar hukmronligi paytida zo‘rg‘a ruxsat olganman. Rahmatli bobomiz Asomiddinxo‘ja va buvimiz, padari buzrukvorimiz Xolmuhammadxo‘ja hamda volidai muhtaramamiz Ulug‘poshsha umrlarining so‘nggi lahzasiga qadar Vatan, Vatan deb yurak bag‘ri to‘lib, ko‘zlarida yosh bilan o‘zga ellarda dunyodan o‘tib ketdi. So‘nggi vasiyatlarida ham «O‘g‘lim, jigarbandim, toki tanangda joning bor ekan, ona tilingni unutma, yurtga talpin, O‘zbekistonga qayt!» deya nola qilganlar. Ozgina fursat topsam bo‘ldi, shukrki, hali ham sog‘lig‘imdan shikoyat qilmayman, darrov Vatanga qanot bog‘lab uchib kelaman.

Ko‘nglingizga olmasangiz, aytaman bir gapni...

– Bajonidil!

– 92 yoshdasiz, salkam bir asr umr degani. Ko‘z tegmasin, haliyam tetik va bardamsiz. Masalan, bizda 70 ga yetib-yetmagan, hatto sizning o‘g‘lingiz tengi ba’zi qariyalar uydan chiqmaydi, gohi asabi chatoq, gohi salomatligidan noliydi, siz esa dunyoni kezib yuribsiz. Buncha kuchni qayerdan olyapsiz yo biror sir-sinoati bormi?

– Xudoyimga shukr, O‘zi qo‘llayapti, kuch-qud­rat beryapti. Lekin meni suyab, tirgak bo‘lib turgan kuch, bilasizmi nima, bu ona tuproq sog‘inchi, Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat! Bilaman, ayrimlarga bu gaplarim balandparvoz, erish tuyular. Lekin bor haqiqat shu!

Xorijda yurgan ba’zi bir vatandoshlarimizning siz ko‘zda yosh bilan ta’kidlayotgan ana shu muqaddas tuyg‘uga oshno bo‘lib yashayotganiga andakkina shubham ham yo‘q emas-da, Sobirjon aka!

– Ko‘rdingizmi, xuddi mening ko‘nglimdagi ishtibohni aytdingiz siz ham. To‘ppa-to‘g‘ri. Sababi, turli taqdir o‘yinlari tufayli ona Turkistondan chiqib ketganlar orasida menga o‘xshab yoshi 80-90 ga borib qolgan ayrim qondoshlarimning yo‘rig‘i bo‘lak: ular uchun Vatan ulug‘ bir ma’voga o‘xshaydi. Negaki, ota-bobolari, ona-buvilari mening ajdodlarimdek bir kaftgina yurt tuprog‘iga zor bo‘lib o‘tishgan. Bularni men haqiqiy vatansevarlar, deyman. Keyingilar-chi? Bu toifadagilar ham har xil siyosiy, ijtimoiy sabablar tufayli xorijga chiqib ketgan. Ko‘plari bilan uchrashganman, gaplashganman, ammo ular orasida ham qarashlari, mafkurasi turfa xildagilari ko‘p. Vatan, Turkiston, O‘zbekiston desangiz, ensasi qotadiganlari ham yo‘q emas. Go‘yoki bundaylar uchun yer yuzining istalgan nuqtasi Vatan. Yo‘q, jigarim, avvalo, sening avlod-ajdoding ko‘z ochgan, kindik qoni tomgan zamin muqaddas va tillolarga topilmaydigan boylik, desangiz kulib qo‘yadi. Jahlim chiqadi shundaylarni ko‘rsam. Bular robotga o‘xshagan temiryurak odamlar. Demak, bilingki, hissiyot o‘lib boryapti. Dahshatli ko‘rgulik emasmi bu? Mayli, hammalarining boshlari omon bo‘lsin, faqat hech kimning qismatiga vatansizlik degan qora tamg‘a bosilmasin. Alloh asrasin!

Ana endi o‘tmishga qaytsak, shuncha o‘lmas xotiralarni qanday eslab qolgansiz?

– Aqlimni tanibmanki, musofirlikdaman axir, oilamizdagi kattalardan faqat yurt qadri, millat ozodligi, turkiy xalqlar tarixi haqida hikoyalar eshitib ulg‘aydim. Hozir mening qariyb 70-80 yil burungi voqea-hodisotlar bilan bog‘liq xotiralarimni eshitgan yoshlar ishonmaydi. Nahotki, shuncha azobu uqubatlar, talotumlarni ko‘rgan odam qanday qilib bir asr umr ko‘rishi mumkin, deb hayratlanib savol beradi. O‘lmagan qul yashayverar ekan-da. Biz ko‘rgan kunlar odam bolasining tushlariga kirmasin deb duo qilaman.

Tarixni o‘zgartirib, tuzatib bo‘lmaydi, to‘g‘rimi? Mening sardaftarimni ochib qo‘ydingiz, endi sizga yana bir sirni ochayin: bu gapni maqtanish uchun aytmayapman, noto‘g‘ri tushunmang tag‘in. Aytishlaricha, oppoqdadamiz Asomiddinxo‘ja mingboshi Farg‘ona vodiysida taniqli shaxslardan biri bo‘lgan. Ya’ni, istiqlol davriga kelibgina tan olingan milliy ozodlik harakatining dovrug‘li namoyandalaridan Shermuhammadbek, Madaminbek, Nurmatbek, Xolxo‘ja kabi o‘nlab insonlar bizning Varzak qishlog‘idagi hovlimizda turli mashvaratlarga yig‘ilib turishganini keyinchalik otamiz aytib berardi. Hatto, o‘sha mahallarda 7-8 yoshlarda bo‘lgan rahmatli Kimyo opamdan ham bu haqda eshitganman...

Qachon Vatanga kelsam, avval to‘g‘ri vodiyga boraman. Toshloq tumani hududidagi Bekto‘pi mahallasini, keyin Marg‘ilondan 15-20 chaqirim uzoqlikda joylashgan, chor askarlariga qarshi kurashda shahid bo‘lib ketgan necha yuzlab qahramon bobolarim, vatanparvar g‘oziylar qoni to‘kilgan Garva, ayrimlar Karbobo deydi, tepaligini ziyorat qilaman.

Hech esimdan chiqmaydi: 1974 yili 43 yoshimda uzoq ayriliqdan so‘ng ilk marta O‘zbekistonga kelganimda qarindoshlarimdan meni o‘sha tepalikka olib borishlarini o‘tinib so‘radim. Nega desangiz, ota-bobolarim aytib bergan dahshatli voqealarni unutolmaganman-da. Borsak, bir guruh odamlar o‘sha joyda loy qorib, xom g‘isht quyayotgan ekan. Ayanchli holatni ko‘rib o‘zimni tutib turolmadim. 43 yoshlarda edim, haligilarga baqira ketdim: «Hoy, insoflaring bormi o‘zi, bu yerga kimlar ko‘milganini bilasizlarmi, sening, mening bobom, otalarimizning muborak hoki yotibdi-ku axir, shularning ruhi haqqi to‘xtatinglar bu sharmandali ishni!» desam, bir barzangi yigit chiqib, qo‘limdan mahkam ushladi-da, «Kimsan o‘zi, qayerdan kelding, tez yo‘qol», deb urmoqchi bo‘ldi. O‘z yurtimda ham musofir edim o‘shanda, jimgina yig‘lab ortga qaytib ketdim...

Bu noxush voqea haqida ko‘p yillar o‘tgach, qadrdon do‘stim, taniqli jurnalist, o‘sha paytlari «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi bosh muharriri bo‘lgan Ahmadjon Meliboyevga aytib berdim. U kishi og‘ir iztirobga tushdi va gazetada jiddiy tanqidiy maqola e’lon qilganidan keyin Garvadagi buzdi-buzdilar to‘xtatildi. Hozir esa ziyoratgoh bo‘lsa arziydigan tepalik ko‘pchilikning esidan ham chiqib ketdi. Baribir noumid emasman, o‘z bag‘rida tarix sirlari ko‘milgan bu tabarruk joy qachonlardir obod bo‘lajak!

Yana bir tarixiy voqea haqida aytib bersangiz: sizlar Afg‘onistonda muhojirotda yashagan mahal otangiz Buxorodan qochib ketgan Amir Said Olimxon bilan ko‘rishgan ekan, shu rostmi?

– Rost, albatta. Bundan avval bobomiz Asomiddinxo‘ja boshiga tushgan musibatni aytib berayin. U paytda Kobulda yashardik. Turli chaquv va tuhmatlar bilan avval otamni, keyin bobomizni afg‘onlar qamoqqa olishadi. Ishonasizmi, hech ko‘z oldimdan ketmaydi, otam besh yilcha bo‘ynida zanjir bilan uy qamog‘ida yashadi, bobomni esa zaharlab o‘ldirib yuborishadi...

Darvoqe, Amir Olimxon bilan uchrashuvi haqida otamdan eshitganman. Aytishlaricha, Kobuldan o‘n chaqirimcha uzoqlikdagi amir oilasi va uning hamrohlari uchun in’om etilgan Qal’ai Fotuh bog‘ida yashagan. Otam bilan ko‘rishganida Said Olimxon amirlikda ro‘y bergan talotumlar, turkiylarning birlashmagani Turkistonni parchalashga sabab bo‘lib, alaloqibat bu bo‘linish chor armiyasiga qo‘l kelgani, ayniqsa, o‘zining amirlikdagi jadidlar partiyasi – «Yosh buxoroliklar» yo‘liga g‘ov bo‘lgani, yangicha islohotlarni umuman qabul qilolmagani jiddiy xatoliklarga duchor etganini afsus-nadomat bilan so‘zlaydi...

Sobirjon aka, keling, endi bugunga qaytaylik. Salkam yarim asrki, Turkiyada yashayapsiz. Mustaqillik davrida, aytish mumkinki, keyingi besh-olti yil ichida bu qondosh davlat bilan o‘zaro bordi-keldilar, turli sohalardagi hamkorliklarimiz yanada kuchaydi. Shaxsan mening o‘zim ham ikki marta bu, turkiy xalqlarni o‘z bag‘riga ohanrabo yanglig‘ tortguvchi go‘zal diyorga sayohat va ziyoratga borib keldim. Xo‘sh, sizday bir tabarruk yoshdagi inson ikki qardosh davlat o‘rtasidagi ishonchli hamkorlik aloqalarini qanday baholaydi?

– Gurungimiz orasida aytdim sizga, bu yil ona Vatanimga o‘ttiz uchinchi marta kelib ketyapman. Ayolim Hafizaxon ham to‘qsonni qoralab qoldi. U ham qachon O‘zbekistonga boraman, desam, ko‘zlari mo‘ltirab turadi, qaniydi, sog‘ligim ko‘tarsa, ona tuproqni ko‘zlarimga to‘tiyo aylar edim, deb xo‘rsinadi. Farzandlarim esa bizdan ko‘ra jahongashtaroq, shundog‘am dunyoni aylanib yuribdi. Har kuni bog‘lanib, taassurotlarimni aytib beraman.

Mehmonning kelishi oson, ketishi qiyin deydilar-ku, shu ma’noda mening yurtga qadam ranjida qilishim qarindoshlarim, do‘st-birodarlarim uchun o‘zgacha bayramga aylanadi. Avvallari ozgina ovoragarchiliklar bo‘lardi, to‘g‘risini aytishim kerak-da. Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka saylangach, Vatan darvozalari kengroq ochilganiga guvohman. Turkiya bilan O‘zbekiston hamkorligida juda ko‘p qo‘shma korxonalar ochildi, turkiyalik sarmoyadorlar ishtirokida sanoat, to‘qimachilik, qurilish sohalariga katta investitsiyalar kiritilyapti. Yoki ayni pandemiya kuchaygan paytda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi shafeligida «Xavfsiz turizm» loyihasi asosida yuzlab jurnalistlar, ijodkorlar bu jannatmonand o‘lkaga sayohat qilishdi. Hozir esa ikki davlat o‘rtasida turizm rivojlantirish bo‘yicha qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilyapti.

E’tirof etsam arziydi, yurtimda o‘nlab kitoblarim chop etildi, minglab o‘quvchilarim bor. Qayerga borsam, quchoq ochib kutib olishadi, izzat-ikrom ko‘rsatishadi. Bundan ortiq yana qanday ehtirom kerak menga. Tilagim, ikki davlat o‘rtasidagi qardoshlik, do‘stlik, birodarlik ko‘prigi hamisha mustahkam bo‘laversin! Bu tuproqda men o‘zimni mehmonman, deb his qilmayman, mezbonman. Yana shuni ham aytishim kerakki, yetmish yildan oshdi Turkiyada umrguzaronlik qilayotganimga. Bu mamlakatda inson qadriga munosabat masalasi juda yuksak darajada shakllangan. Dunyoning qancha o‘lkalarini ko‘rdim, ziyorat qildim. Lekin biror joyda Turkiya va O‘zbekistonimdagidek e’zoz va ehtiromni ko‘rmadim. Og‘ir zamonlarda biz kabi musofirlarga bag‘rini ochgan, non-tuz, rizq-nasiba, joy bergan turk xalqiga bir umr ta’zim qilaman!

O‘zbek ziyolilari, yozuvchi-shoirlaridan Mirzakalon Ismoiliy, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Jamol Kamol, Nurali Qobul, Mahkam Muhamedov, Ahmadjon Meliboyev, Abdusaid Ko‘chimov, Sirojiddin Sayyid, Ro‘ziboy Qo‘ldoshev bilan og‘a-inidek bo‘lib ketgansiz...

– Darvoqe, necha o‘n yillarki, qo‘limdan kelgunicha boshimdan o‘tgan xotiralarni qoralab yuraman. Ko‘pchilik qalamkashlar bilan salom-aligim bor. Bir zamonlar Odil Yoqubovning «Ulug‘bek xazinasi»ni turkchaga tarjima qildim va Aziz Nesin bilan bu asar haqida gaplashdik. U bilan juda qalin do‘st edik. Ammo dovrug‘i baland bo‘lgani, vaqti tig‘izligi bois yozuvchini topish, gurunglashish har kimga ham nasib etavermasdi. Lekin men bilan ko‘rishishga imkon topardi har qanday vaziyatda ham. Aziz Toshkentga kelganida televizorga intervyu bergan va gapining orasida «Ulug‘bek xazinasi» haqida gapirib, men Sobir Sayxonning kitobini chiqaraman, deb va’da qilgan ekan. Ammo haligacha bilmayman, turli bahonalar bilan o‘sha kitob chop etilmadi. Orada Aziz Nesin ham dunyodan o‘tib ketdi. Keyin bu tarjimani Turkiyada yashaydigan vatandoshimiz, davlat arbobi Ahad Andijoniyga berdim. Uning ham qo‘lidan kelmadi...

Nega endi, o‘sha davrlarda ba’zi tushunmovchiliklar sabablimi yoki Odil Yoqubov haqida u yoqdayam biror gap bo‘lganmikan?

– Balki, kim biladi, Ulug‘bek bobomizni sovetlar xush ko‘rmagani uchunmi yoki mening o‘zimda biror «savol» bo‘lganmi, noma’lum...

So‘nggi savolim: pasportingizda tug‘ilgan joyingiz Turkiston deb bitilgan ekan. Hozir bunday hudud yer yuzida yo‘q, faqat ayrim manbalar, shahar va qishloqlar nomidagina saqlanib qolgan-ku?

– Bizning avlod-ajdodimiz ota yurtdan badarg‘a bo‘lib ketgan mahallari Turkiston degan ulug‘ nom ostida turkiy xalqlar farzandlari birlashgan, mushtni bir joyga qo‘yib, milliy ozodlik yo‘lida jon olib, jon bergan. Ming afsuski, o‘sha davrda erk bo‘g‘ilgan, millat oydinlari, jadid vatanparvarlari qatag‘on qilingan, xalqning haq-huquqlari ayovsiz toptalgan, xullas, yuqoridagi atama bosqinchilarni qo‘rquvga solgan va u yog‘ini butun dunyo biladi bugun...

Men yuragimda yashayotgan bu muborak nomni insonligimni isbot etuvchi bosh hujjatimga muhrlatishga muvaffaq bo‘lgan yagona o‘zbek, turkiy millat farzandi bo‘lsam kerak deb o‘ylayman. Yana bir narsa, mening taxallusim Sobir Sayxon bo‘lib ketgan, aslida Sayxun bo‘lishi kerak edi. Ya’ni, o‘zimizning Jayxun va Sayxunga ishora bo‘lsin, deganman. Ko‘rmaysizmi, biz tomonlarda ham sizlardagidek hujjatlarni chalkash yozadiganlar bor-da. Tushunmagani uchun Sayxon deb qo‘ya qolgan. Ammo Turkiyada ham Sayxon va Jayxon degan daryolar borligi uchun shunday yozib yuborgandir, deb o‘zimga ba’zan taskin beraman. Turkiston esa hammamizning yuragimizga, qonimiz va jonimizga bitilgan abadiy bitikdir.

Norqobil Jalil gurunglashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring