Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Boshida koronavirus faqat o‘pkani zararlaydi, deb o‘yladik. Lekin adashibmiz... (video)

Hozirgi kunda tibbiyotning eng dolzarb muammolaridan biri bu koronavirus infeksiyasidir. Bugunga kelib jahon miqyosida koronavirus bilan zararlangan bemorlar soni 40 milliondan oshgan. Undan jiddiy aziyat chekkan, ya’ni katta yo‘qotishlarni boshdan kechirgan davlatlarning aksariyati yana karantin qoidalarini kuchaytirishga majbur bo‘lmoqda.

Barchamizga ma’lum, ruhiyati, asab tizimi sog‘lom inson har qanday kasallikni yengishga qodir. Biroq ushbu tizimlarga ham chang solayotgan tojsimon virus nafaqat sizu bizni, balki soha mutaxassislari, olimu tadqiqotchilarni-da chuqur o‘yga toldirmoqda. Muxbirimizning oliy toifali nevropatolog, tibbiyot fanlari nomzodi Nigora Inog‘omova bilan bo‘lgan suhbati aynan shu mavzuda bo‘ldi.            

– Ayting-chi, koronavirus inson ruhiyati va asab tizimiga qanday ta’sirlar o‘tkazyapti?

– Britaniyalik olimlarning aniqlashicha, koronavirus jiddiy nevrologik o‘zgarishlarga olib keladi. Tadqiqotlar paytida Covid-19 bilan og‘rigan 40 dan ortiq bemorlarda jiddiy nevrologik asoratlar: 9 nafarida – o‘tkir tarqoq ensefalomiyelit (ko‘proq bolalarda uchraydi va uni virusli infeksiyalar qo‘zg‘atadi), o‘nlab bemorlarda markaziy asab tizimining yallig‘lanishi, ruhiy o‘zgarishlar, insult, Giyen-Barre sindromi, ya’ni asablarni zararlovchi va falajlikka olib keluvchi immun reaksiyasi kuzatilgan.

– Boshida biz bu virus faqat o‘pkani zararlab, zotiljam, ya’ni pnevmoniyani keltirib chiqaradi deb o‘yladik. Lekin adashibmiz, shunday emasmi?..

– To‘g‘ri aytasiz, Covid-19 – nafaqat virusli pnevmoniya, balki qon tomirlarning tizimli yallig‘lanishidir. Buni Shveysariyaning Syurix universiteti olimlari aniqlashdi. Aynan shu nega koronavirusning bunchalik ko‘p yurak-qon tomir muammolarini keltirib chiqarayotganini va hayot uchun muhim a’zolarning shikastlanishiga olib kelishini izohlashi mumkin. Avvaliga bemorlar asosan pnevmoniyadan aziyat chekkan bo‘lsa, keyinchalik u bilan bog‘liq bo‘lmagan holda yurak-qon tomir xastaliklari va poliorgan yetishmovchiliklar kuzatila boshladi. Olimlar kuzatuviga ko‘ra, yallig‘lanish jarayoni turli a’zolarning qon tomir endoteliysini, ya’ni ichki qavatini qamrab oladi. Virus endoteliy hujayralarida aniqlangan bo‘lib, nafaqat hujayralarni, balki to‘qima va a’zolarni ham shikastlaydi. Yana bir xulosaga ko‘ra, virus immun tizimiga o‘pka orqali emas, aynan endoteliy devoridagi retseptorlar orqali hujum qilib, barcha a’zolarning qon tomir tizimiga ta’sir ko‘rsatadi.

– Aynan qaysi a’zolar ko‘proq zararlanyapti?

– Koronavirus qon tomir tizimining yallig‘lanishi bilan kechgani sabab asosan o‘pka, yurak, bosh miya, buyrak va hatto ovqat hazm qilish tizimini ham zararlayapti. Bu esa o‘z navbatida jiddiy o‘zgarishlarga, masalan, mayda qon tomirlarda qon aylanishi (mikrotsirkulyasiya) buzilishi, o‘pka emboliyasi, miya insulti, oshqozon-ichak tizimida mikrotromblar hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

– Koronavirusni bolalar va yoshlar yengilroq, kattalar esa og‘irroq o‘tkazishi sabablariga hamda og‘ir asoratlariga ham to‘xtalsangiz...

– Yosh bemorlarda endoteliy o‘zini yaxshi himoya qila olsa, kattalarda va keksalarda, ayniqsa, yondosh kasalliklari bo‘lgan, ya’ni qandli diabet, gipertoniya, yurak-qon tomir xastaliklarida endoteliy funksiyasi pasayishi hisobiga organizm virusning ko‘payishiga qarshilik ko‘rsatolmaydi. Shuning hisobiga ularda kasallik og‘irroq o‘tadi. Bir guruh olimlar tadqiqot natijalariga ko‘ra, Covid-19 bilan kasallangan bemorlarda buyrak xastaligi, markaziy va periferik asab tizimi, bosh miya xastaliklaridan insult, ensefalit, miyelit, Giyen-Barre, tirishish sindromlari kuzatilgan. Bundan tashqari, ichak zararlanishi, diareya, jigar va ko‘z kasalliklari ham virus asorati sifatida namoyon bo‘lgan. Koronavirusning o‘tkir davrida markaziy va periferik asab tizimi, mushak skelet tizimi bilan bog‘liq o‘zgarishlar bemorlarning taxminan 1/3 qismida uchragan.

– Asab tizimining zararlanishi qanday belgilar bilan kechadi?

– Markaziy asab tizimi zararlanishi belgilari: bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, harakat muvozanati (koordinatsiyasi) buzilishi, tez charchash, mushaklarda og‘riq, tirishish sindromi bo‘lishi mumkin. Ba’zi bemorlarda gemorragik ensefalopatiya, meningit va ensefalit ham aniqlangan. Xitoy shifokorlarining ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 6% bemorlarda insult rivojlangan. Ayrim hollarda bir necha periferik asablarning, yana bosh miya kranial asablarning zararlanishi ham kuzatilgan. Shuningdek, mushaklarning virusli zararlanish holatlari qayd etilgan. Ko‘pincha virus yuqtirib olgan bemorlar hid sezish va ta’m bilishdan shikoyat qilishadi. Bu yuqori nafas yo‘llaridagi shish va yallig‘lanish yoki virusning hid biluv neyronlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri neyrotrop ta’siri natijasi bo‘lishi mumkin.

– Virus asab tizimini to‘g‘ridan-to‘g‘ri zararlaydimi yoki asorat sifatida rivojlanadimi?

– Yo‘q, asab tizimining zararlanishi birlamchi emas, chunki bosh miya gematoensefalik (barer) to‘siq orqali himoya qilinadi. GEB – bosh miya, markaziy asab tizimini virus, bakteriya, yot oqsillar va immun hujayralaridan saqlaydi. Qo‘riqchi vazifasini esa kapillyar tomirlarning ichki qavatidagi endoteliy bajaradi. Lekin bir qancha holatlarda meningit va ensefalit bilan og‘rigan bemorlarning orqa miya suyuqligida (likvor) virus aniqlangan. Bu esa GEB ning o‘tkazuvchanligi oshishi, ya’ni endoteliy funksiyasining buzilishi tufayli ro‘y beradi. Endoteliy virus bilan zararlanib, himoya vazifasini to‘la ado etolmaydi. Shunda bosh miyaning ikkilamchi zararlanishi kelib chiqadi. Birinchidan, kapillyarlarda qon aylanishi buzilishi oqibatida miya kislorodga to‘yinmaydi. Ikkinchidan, bosh miya gipoksiyasi o‘pkaning o‘tkir zararlanishi sabab nafas yetishmovchiligidan kelib chiqadi. Bunda hujayra mitoxondriylarida yoqilg‘i, ya’ni energiya beruvchi, moddalar almashinuvida ishtirok etuvchi – ATF ishlab chiqarilishi pasayishi kuzatiladi. Bosh miya kislorod tanqisligiga (gipoksiyaga) juda sezgir bo‘lib, natijada bosh og‘rig‘i, hush buzilishi, jiddiy holatlarda koma rivojlanishi mumkin.

– Surunkali nevrologik kasalligi bor bemorlar uchun Covid-19 qanchalik xavfli?

– Koronavirusga chalingan bemorlarda surunkali nevrologik kasalliklar xuruji kuzatilishi mumkin. Ayniqsa, insult, tarqoq skleroz, Parkinsonizm, tutqanoq (epilepsiya), asab mushak xastaliklari shular jumlasidandir. Bemorlarning aksariyatida og‘ir depressiya, xotira va tafakkur susayishi holatlari ham aniqlangan. Lekin ko‘pchiligi to‘liq muolajalardan so‘ng o‘z mehnat faoliyatlariga qaytishmokda.

Bu yangi virus ekanligini hisobga olsak, hozircha uning kelgusida qanday nevrologik oqibatlarga olib kelishi to‘liq o‘rganilmagan. Shu bois kasallikni erta muddatlarda aniqlab, vaqtida to‘g‘ri va tegishli choralar ko‘rilsa, albatta ijobiy natijaga erishiladi.       

Shohida Isroilova suhbatlashdi     

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring