Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bu bizning fikrimiz edi, sizniki qanday?..

Bu bizning fikrimiz edi, sizniki qanday?..

Har bir yangi qadam mamnuniyat bilan qarshi olinadi

Oxirgi yillarda mamlakatimizda «elektron hukumat»ning rivojlanishi yaqqolroq ko‘zga tashlanib, u nafaqat davlat tashkilotlari, balki aholi va tadbirkorlarning ham ishonch nuqtasiga aylanib bormoqda. Shu qisqa davr ichida sohada amalga oshirilgan ishlar, turli yirik loyihalar, o‘tkazilgan tadbirlar hamda innovatsion yechimlar bugunga kelib o‘z samarasini bera boshladi.

Jumladan, davlat tashkilotlari va fuqarolar o‘rtasidagi qog‘oz-hujjatlar bilan bog‘liq ishlar bosqichma-bosqich elektronlashib, natijada vaqt va harajatlar sarfi keskin kamaydi. Turli manfaatli kelishuvlarda inson omilining cheklanishi hisobiga esa korrupsion holatlar hamda byurokratik to‘siqlarga barham berilmoqda. Mamlakat taraqqiyotida eng katta to‘siq sanalgan ushbu illatlarga qarshi kurashishda elektron hukumatning o‘rni katta va hozirgi natijalar sa’y-harakatlarning besamar ketmayotganidan dalolatdir.

Takomillashib borayotgan Yagona portal

Elektron hukumat infratuzilmasining muhim tashkiliy qismi hisoblangan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali davlat xizmatlaridan elektron foydalanishning yagona nuqtasidir. Portalga kunning istalgan vaqtida sutkasiga 24 soat davomida kirish mumkin. Soha mutaxassislari aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga qulayliklar yaratish maqsadida yangi xizmatlar ustida tinimsiz izlanmoqda. Bugungi kunda portal orqali aholiga 260 dan ziyod elektron xizmatlar ko‘rsatib kelinyapti. Shundan 190 tasi aynan tadbirkorlik sub’yektlariga mo‘ljallangan. Portal orqali joriy yil boshidan beri 2 milliondan ortiq arizalar qabul qilingan.

Aholining keng qatlami va yoshlar ehtiyojini hisobga olib, elektron davlat xizmatlarining mobil ilovasi ham yaratilgan. Hozirgi kunda undan 35ta xizmat o‘rin olgan.

Shuningdek, Yagona portal platformasidan foydalangan holda viloyat va tumanlar, shuningdek, chekka hududlardagi 500 dan ortiq pochta ob’yektlarida 17 turdagi elektron hukumat xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

Shuni bildikki, endi biz Elektron hukumat tufayli davlat tashkilotlari eshigi yonida sarg‘aymaymiz, bir talay qog‘ozlarni ko‘tarib, navbatlarda turmaymiz, hujjat ishlarini hatto uydan chiqmagan holda bitiramiz. Buning uchun birgina kompyuter tugmasi yoki smartfon ustida barmoqlarimizni yurgizsak kifoya.

Hammasi o‘zgarib ketibdi

– Yaqinda kvartiramizni sotuvga qo‘yib, kerakli hujjatlarni to‘plash uchun avval soliqqa, keyin «BTI»ga boradigan bo‘ldim. Oldi-sotti shartnomasi bilan bog‘liq hujjatli kelishuvlarga 10 yil oldin ishim tushgandi. Lekin bugunga kelib hammasi o‘zgarib ketibdi, – deydi tibbiyot xodimi Shoira Qobilova. – Oldinlari uy sotgan odam mahalladan, kommunal xizmatlardan, soliqdan qarzi yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnomalar yig‘ish uchun har bir tegishli tashkilotga borishga majbur edi. Gaz, elektr, issiq suvdagi navbatlardan holdan toyib, zo‘rg‘a biriktirilgan xodimga uchrasang,  to‘lovlar bilan bog‘liq chalkashlik va tushunmovchiliklardan asablaring «qaynardi». Bu tomonini bitirgandan keyin «BTI»ga, pasport stoliga qayta-qayta qatnashga to‘g‘ri kelardi. Agar tanishingiz bo‘lmasa, o‘zlari qilgan xato jabrini siz ko‘rib, 2-3 hafta yugurardingiz. Oxiri hamma hujjatlarni yig‘ib, yana navbat kutib, notariusga kirsangiz, hujjatlardagi kamchiliklar ro‘yxati qo‘lingizga tutqazilib, eshikma-eshik sarson bo‘lishlar davom etardi. Xullas, salkam bir oy uy sotish muammosi bilan olishardik…

Bu safar birinchi borgan tashkilotimning o‘zidayoq deyarli hamma ishim bitdi. Xushmuomala xodima qiz kompyuter orqali hech qanday qarzdorligim yo‘qligini bilib berdi. Keyin «Agar uyingizda internetga ulangan kompyuter yoki noutbuk bo‘lsa, Yagona portal orqali buni o‘zingiz ham bilib olishingiz mumkin», dedi va kichkina qog‘ozchaga my.gov.uz manzilini yozib, jilmaygancha qo‘limga tutqazdi.

O‘shandan beri Yagona portal mening eng yaqin yordamchim. Barcha hujjatli ishlarimni u orqali oson va qulay bitiraman. Shu kunlarda o‘zim va xo‘jaynimning ish haqi, qaynonamning pensiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish, abituriyent o‘g‘limning hujjatlarini onlayn rasmiylashtirish, nevaralarimni bog‘chaga ro‘yxatga qo‘yish kabi elektron davlat xizmatlaridan uydan chiqmagan holda foydalandim…

100 mln.dan ortiq axborot almashinuvi

Elektron hukumatning takomillashtirilgan Idoralararo integratsiya platformasi orqali bugungi kunda 120 dan ortiq davlat organlarining axborot tizimlari va xizmatlari o‘rtasida oyiga o‘rtacha 100 milliondan ziyod axborot almashinuvi amalga oshirilmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlar 2020 yilga ko‘ra, 2 baravar, 2019 yilga nisbatan esa 7 baravar ko‘pdir.

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri», Elektron soliq xizmatlari portali (my.soliq.uz), «Raqamli bojxona», «Tez tibbiy yordam», «Elektron kundalik», Ma’muriy huquqbuzarliklar (E-ma’muriy ish), E-XSUD, «Shaffof qurilish» axborot tizimlari, Oliy sudning Interaktiv xizmatlar portali (my.sud.uz) kabi bir qator yirik loyihalarning amaliyotga joriy etilishi mamlakatimizda elektron hukumatni rivojlantirish yo‘lidagi izchil chora-tadbirlar natijasidir. 

Mazkur loyihalarning barchasi inson omili ishtirokini kamaytirib, korrupsiyani yo‘qotishga, adolat va shaffoflikni ta’minlashga yordam beradi.

Ishimizga katta yengillik berdi

– Yangi ishga tushirilgan «Ye-ma’muriy ish» yagona axborot tizimi nafaqat Ichki ishlar xodimlari, balki fuqarolarga ham katta yengillik berishi shubhasiz, – deydi mas’ul xodimlardan biri. – Endi bu tizim yordamida ma’muriy huquqbuzarliklarni qayd etishdan tortib, to sud qarorigacha bo‘lgan jarayonlarni elektron tarzda amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Hatto ma’muriy ishni sudda ko‘rib chiqish ham huquqbuzarning sud binosiga borib o‘tirmay, o‘z mahallasidagi profilaktika inspektori xonasidan turib bajarish imkonini beradi. Bu esa qog‘ozbozlik, ortiqcha sarf-xarajat, uzoq masofani bosib o‘tish va behuda vaqt yo‘qotilishining oldini oladi. Yana huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning uzviy bog‘liqligini ham ta’minlaydi. Rasmiylashtirilgan hujjatlar elektron holatda saqlanadi va ularning yo‘qolish xavfi kamayadi. Eng asosiysi, fuqarolar o‘zlariga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar holatini to‘liq nazorat qilib borishi mumkin. Chaqiruvlar esa avvalgidek xonadonma-xonadon yurib emas, balki pochta yoki CMC xabarnoma orqali yuboriladi.

Id.gov.uz – yagona «kalit»

Elektron hukumatda ko‘plab markazlashgan axborot tizimlari mavjud. Ulardan biri Yagona identifikatsiya tizimi, ya’ni ONE ID hisoblanadi. Bu vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va davlat xizmatlariga kirish uchun yagona «kaliti»dir. Tizimda 1 milliondan ziyod foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, unga 70dan ortiq axborot tizimlari integratsiya qilingan.

Foydalanuvchilarning ro‘yxatdan o‘tishini soddalashtirish maqsadida 2021 yilda tizimning imkoniyatlari kengaygan, texnologiyasi, arxitekturasi, tezligi o‘zgargan va nisbatan xavfsizroq bo‘lgan talqini ishga tushirildi. Bugungi kunda Yagona identifikatsiya tizimi quyidagi qulaylik va imkoniyatlarni taqdim etmoqda:

  • Elektron hukumatning barcha tizimlaridan foydalanish uchun har biridan alohida ro‘yxatdan o‘tishga hojat yo‘q. ONE ID birgina login va parol yoki elektron raqamli imzo orqali barcha axborot tizimlaridan erkin foydalanish imkoniyatini yaratadi;
  • ONE ID foydalanuvchi haqida asl ma’lumot (ism, familiya, manzil va hokazolar)ni taqdim etadi. Ya’ni foydalanuvchi o‘zining noma’lum kimsa emas, balki aniq jismoniy yoki yuridik shaxs ekanini tushunadi;
  • ONE ID foydalanuvchi identifikatorini elektron hukumatning har bir tizimiga uzatadi. Masalan, bitta tizim boshqasidan foydalanuvchi haqidagi har qanday ma’lumotni avtomatik tarzda qabul qilishi mumkin.

Buni uddalaganimdan rosa quvondim

– Yaqin-yaqingacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan ro‘yxatdan o‘tolmaganim uchun oddiy bir ma’lumotnoma yoki bolamning bog‘chaga navbati holatini tekshirish uchun ham alohida vaqt ajratib, Davlat xizmatlari agentligiga borardim, – deydi uy bekasi Muxlisa Ayupova. – Oxirgi safar 1-sinfga chiqadigan o‘g‘limning hujjatlarini rasmiylashtirishga borganimda esa ham issiq havo, ham navbat kattaligi sabab juda xafsalam pir bo‘ldi. Uyga keldimda kompyuterni yoqib, onlayn ro‘yxatdan o‘tdim. Buni uddalaganimdan rosa quvondim. Jarayon men o‘ylaganchalik qiyin ham emas ekan. Endilikda elektron davlat xizmatlaridan ham uydan chiqmagan holda istagan paytimda foydalanishim mumkinligini tushunib yetdim.  

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, bugun o‘qimishli, dunyoqarashi keng, zamon bilan hamnafas fuqarolarimiz «elektron hukumat»ni keng joriy etishga tayyor. Ular har bir yangi qadamni mamnuniyat bilan qarshi olishadi. Chunki rasmiy shaxslarning qabul kunini kutib, har birining eshigi yonida navbatda turgandan ko‘ra, ishni davlat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lgan «elektron hukumat» (internet) orqali bitirgan ma’qul…

Biroq mamlakatni to‘liq axborotlashtirish bilan bog‘liq muammolar ko‘lami kengligini inobatga olsak, elektron shakldagi davlat xizmatlarining yaqin istiqboliga hali ko‘pchilik ishonchsizlik bildirishi shubhasiz.

Lekin dunyo tajribasi shuni ko‘rsatdiki, elektron hukumat bu – qulayliklar, shaffoflik va adolat manzilidir. Shunday ekan, ushbu imkoniyatdan o‘rinli foydalanaylik!

Bu bizning fikrimiz edi, sizniki qanday?..

Shohida Isroilova

Manba: e-gov.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring