Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ismoil Safarov: O‘n yillardan keyin, nafaqat talabalar, maktab o‘quvchilari ham dasturlashni yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishadi

Ismoil Safarov: O‘n yillardan keyin, nafaqat talabalar, maktab o‘quvchilari ham dasturlashni yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishadi

Foto: «Xabar.uz»

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘z innovatsiyalari bilan mamlakatimiz iqtisodiyotiga hissa qo‘shayotgan talabalar ko‘p. Ulardan biri axborot texnologiyalarini ta’lim jarayonlariga tatbiq etib kelayotgan Ismoil Safarovdir. Ismoil TATUning dasturiy injiniring fakulteti talabasi, universitet Yoshlar ittifoqi kengashining AKT sohasini rivojlantirish yo‘nalishi yetakchisidir. Qahramonimiz o‘zining "Masofaviy ta’lim" loyihasi bilan AT-mutaxassislari nazariga tushgan.

— Bugun TATUning faol talabalaridan birisiz, aytingchi, universitetga o‘qishga kirishingizga kimlar yoki qanday omillar sababchi bo‘lgan?

— Qishloq maktabida o‘qigan bo‘lsam-da, informatika faniga, aniqroq aytsam, kompyuterga qattiq qiziqar edim. Sababi, imkoniyatlari yoki o‘ziga xos yangiligi emas, balki uning qo‘l bilan ushlab bo‘lmas virtual dunyosi meni o‘ziga rom etgan edi. Ko‘p vaqt o‘tmay uyimizdan shaxsiy kompyuter ham o‘rin oldi. Uni foydalanish jarayonida juda ko‘p marotaba buzib qo‘yganman va shu buzishlar katta tajriba bo‘lib ham xizmat qildi aslida. Keyinchalik shaharda o‘qishimni davom ettira boshladim. Yaqinlarim menga o‘z kompyuterlarini tuzatib berishni iltimos qilishganida, hech qo‘rquvsiz bunga kirishardim, lekin to‘g‘rilayman, deb buzib qo‘ygan vaqtlarim ham ko‘p bo‘lgan. Bu tegishli xulosalar chiqarishimga va TATUga o‘qishga kirishimga sabab bo‘ldi.

— Dasturlash qiyin bo‘lganligi uchun hamma ham bu sohani tanlayvermaydi, lekin siz bu sohada bir qancha muvaffaqiyatlarga erishgansiz.

— Katta yutuqlarga erishdim, deb ayta olmayman. Yaratganning bizlarga bergan idroki va aqli tafakkur qilishga undaydi. Yagona muvaffaqiyatim shuki, men o‘z sohamga, ya’ni axborot texnologiyalariga juda qiziqaman. Mana shu qiziqish bugun bilim olish va tajriba to‘plashimga va kelajakda men maqsad qilgan, jamiyat istagan muvaffaqiyatlarga sabab bo‘lishiga ishonaman. Inson vaqt o‘tgan sayin, aslida hech narsani bilmasligini tobora tushunib boraverarkan.

— Sizningcha, muvaffaqiyat siri nimada?

— Taniqli bo‘lish yoki boshqalar sizni hurmat qilishini istash ko‘pincha insonni muvaffaqiyatga qarama-qarshi harakatlantiradi. Bunday jihatlar insonni moddiyatga yetaklaydi, xolos. Agar inson umri qisqaligini his qilsa, faqat pul to‘plash yoki obro‘ topishdan ko‘ra ustunroq ishga qodirligini tushunib yetadi. Bu har birimizning ruhiyatimizda bor fazilat. Faqat ana shu fazilatgina muvaffaqiyatimizga va haqiqiy boy, obro‘li bo‘lishimizga o‘z-o‘zidan sababchi bo‘ladi!

— Ismoil, Distudy loyihasini Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda targ‘ib etib kelyapsiz. Loyihaning maqsadi va istiqboli haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

— Loyihaning asosiy maqsadi, insonlarga zamonaviy, yangi o‘qitish metodikasi asosi bilan boyitilgan va qulay ta’lim tizimini ishga tushirish. Ya’ni, bugungi kun talabiga asoslangan holda masofadan turib ta’lim berish texno-logiyasini O‘zbekiston hududida joriy qilish hisoblanadi.

Loyihaning istiqboli katta, vaqtni tejash, sarf-xarajatni 75 foizga kamaytirish, bir vaqtning o‘zida millionlab yoshlarga sifatli ta’lim berish va minglab insonlarni o‘z mehnatlari evaziga daromad olishiga bo‘lgan katta istiqbol yotadi buning ortida.

— Bugun o‘zingizning telegram kanalingiz (@iSpeakUp) orqali ham masofadan foydalanuvchilarga bilim berib kelyapsiz, qolaversa, bir qancha videokurslar muallifisiz. Ijtimoiy tadbirlarda ham faolsiz. Barchasiga ulgurish qiyin bo‘lmayaptimi?

— Gap vaqt masalasida ketar ekan, shu borada bir narsani aytishni o‘rinli, deb bilaman. Bugun biz uddalayotgan ishlar tariximizda ota-bobolarimiz doimiy qilib yurgan ishlarining yuzdan biriga ham to‘g‘ri kelmaydi, deb qo‘rqaman. Sababi u zotlar uchun vaqt qadri yo hayot, yo mamot masalasi bo‘lib xizmat qilgan. Afsuski, biz har doim ham vaqtning qadriga yetavermaymiz.

— Universitetdagi tahsil va turli loyihalaringizdan tashqari yana qanday qiziqishlaringiz bor?

— Ko‘pgina qiziqishlarim bor, albatta. Veb-ilovalar tayyorlash, sport bilan shug‘ullanish, o‘zim yaxshi bilgan sohalarda videokurslar tayyorlash va dizayn bilan mashg‘ul bo‘lish men uchun maroqli.

— Kelgusi rejalaringiz.

— Ular juda ham ko‘p va aniq tartibga solib olganman. Eng kattalaridan biri, O‘zbekiston hududiga masofaviy ta’limni joriy qilish. Buning aniq reja va strategiyasini tuzib chiqqanmiz.

— Yosh dasturchi sifatida O‘zbekiston milliy dasturiy mahsulotlar bozorida keyingi 10 yillikda qanday darajaga erishadi, deb o‘ylaysiz?

— Bu men uchun qiyin savol. Taxminimcha, o‘n yillardan keyin, nafaqat talabalar, maktab o‘quvchilari ham dasturlashni yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishadi va axborot texnologiyalari sohasida yuqori bilimli yoshlar juda ko‘p bo‘ladi.

Shuningdek, elektron maishiy mahsulotlar bozorida o‘sish yuqori bo‘lsa kerak. Bozorga borib mahsulot xarid qilishdan ko‘ra, onlayn xaridlar afzalligini ko‘pchilik tushuna boshlaydi. Bundan tashqari, xalqning bilimlilik darajasi 75 foizdan yuqori bo‘lishini ham masofaviy ta’lim tizimini ishlab chiqish davomida aniqladik.

 Gulnoza Turobova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring