Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Koronavirus pandemiyasi: vino-aroq o‘rniga antiseptik vositalar

Koronavirus pandemiyasi: vino-aroq o‘rniga antiseptik vositalar

Foto: zik.ua

Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash butun dunyoda, shu jumladan O‘zbekistonda ham davom etmoqda hamda antiseptik vositalarga bo‘lgan talab oshib bormoqda.

Yaqinda O‘zbekiston matbuotida Moliya vazirligi fuqarolarning antiseptik vositalariga bo‘lgan talabini oshishi hamda ushbu vositalar taqchiligiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida etil spirti sotuvi ustidan bilvosita nazorat o‘rnatayotgani ma’lum qilindi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, antiseptik vositalarga bo‘lgan talab butun dunyoda oshib bormoqda va ko‘p mamlakatlarda ushbu vositalar taqchiligiga yo‘l qo‘ymaslik yo‘lida tadbirkorlar o‘z xalqiga va davlatiga katta yordam bermoqda.

Bir qator mamlakatlarning pivo, vino va boshqa alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalari koronavirus infeksiyasi tarqalib borayotgan vaziyatda dezinfeksiya vositalari ishlab chiqishga o‘tishlarini e’lon qildilar. Bunday kompaniyalar orasida Bacardi, Pernod Ricard USA, Amber Beverage Group (ABG), BrewDog, Corby Spirit i Wine Limited va boshqa yirik ishlab chiqaruvchilar bor.

Bir murojaat tarixi

Joriy yilning 16 mart kuni AQShlik Melissa Xensvort i Tara Engel koronavirus (COVID-19) kasalligining tarqalishi tufayli talab alohida yuqori bo‘lgan antiseptik qo‘l yuvish vositalari va sovunlarning do‘konlarda tanqisligi sababli Fransiyaning «Pernod Ricard» alkogol mahuslotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyasining aroq-vino zavodlarini ushbu vositalarni ishlab chiqarishga vaqtincha moslashtirish taklifi bilan kompaniyaning AQShdagi mintaqaviy rahbari Enn Muxerdjiga murojaat qildilar va kompaniya rahbariyati bu taklifni qo‘llab-quvvatladi.

Keyinchalik, Enn Muxerdji «Pernod Ricard» kompaniyasining aholi salomatligi loyihasi haqida gapirganida bu ikki ayolning ushbu loyihani amalga oshirilishida asosiy sababchilaridan ekanini e’tirof etadi.

Tadbirkorlardan «labbay»

20 martga kelib «Pernod Ricard» kompaniyasining Arkanzas shtati Fort-Smit shahrida joylashgan va odatda «Malibu» kokos romi va «Seagram’s» djini ishlab chiqaradigan zavodi 1 000 dona qo‘l uchun dizenfeksiya vositasini ishlab chiqardi. Ertasi kuni, AQSh prezidenti Donald Tramp matbuot anjumani davomida «Pernod Ricard» kompaniyasining bunday harakatlari biznes koronavirusga qarshi kurashda qanday ishtirok etishining yorqin namunasi ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Pernod Ricard kompaniyasi xabariga ko‘ra dezinfeksiya vositalari kompaniyaning barcha zavodlari va boshqa ishlab chiqarish maydonlarida tayyorlanadi. Tayyor mahsulotlar kasalxonalar va boshqa joylarni antiseptik vositalari bilan ta’minlash uchun davlatga taqdim etilishi xabar qilingan. Bundan tashqari, Pernod Ricard  antiseptik vosita ishlab chiqarish uchun zarur bo‘ladigan 70 000 litr spirtni Fransiyaning «Cooper» labaratoriyasiga hadya qildi. Aprel oyida ushbu laboratoriyada 1 800 000 shisha antiseptik vositasi ishlab chiqarilishi kutilyapti.

 Keyinchalik, AQShdagi ko‘plab alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavodlar, mayda viski ishlab chiqaruvchi zavodlardan to Puerto-Rikodagi yirik «Bacardi» kabi rom ishlab chiqaruvchi zavodlargacha dezinfeksiya vositalari ishlab chiqarishga qayta ixtisoslashgan zavodlar qatoridan joy olishdi. Jumladan, Bacardi 1 700 000 dona antiseptik vositalari ishlab chiqarishini e’lon qildi.

«Guinness» pivosi, «Smirnoff» arog‘i va «Johnnie Walker» viskisi brendlariga ega bo‘lgan Buyuk Britaniyaning Diadjio (Diageo) alkogol ichimliklar ishlab chiqaruvchisi sog‘liqni saqlash tizimiga yordam berish uchun qo‘llarni dezinfeksiya qilish vositasini ishlab chiqarishga 2 000 000 litr spirt ajratishini ma’lum qildi. Natijada, 8 250 000 shisha antiseptik vositasi tayyorlash mumkin bo‘ladi.

          Litvaning alkogol ishlab chiqaruvchi yirik Vilniaus degtinė ham dezinfeksiya vositalari ishlab chiqarishni boshlagan. Latviyada ham alkogol ishlab chiqaruvchi bir nechta zavodlar antiseptik vositalariga bo‘lgan katta talabni qondirish maqsadida ushbu vositani ishlab chiqarishga ixtisoslashmoqda.

Amerika qo‘l hunarmandchiligi assotsiatsiyasining bergan ma’lumotga ko‘ra, ushbu mamlakatning o‘zida alkogol ishlab chiqaruvchilarning 3/4 qismi hozirgi kunda dizenfeksiyalash vositalari sifatida foydalanishga mo‘ljallangan spirt mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda.

Kanadada joylashgan «Corby Spirit and Wine Limited» alkogol ishlab chiqaruvchi kompaniyasi antiseptik vositalar taqchilligini bartaraf  qilish bo‘yicha mamlakat hukumati bilan aloqada  ishlayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston tadbirkorlariga murojaat

O‘zbekistonda ham 60 dan ortiq vino-aroq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud.

Koronavirus infeksiyasi bo‘yicha kasallanish ko‘rsatkichining tobora ortib borayotgan bugungi sharoitda biz ham O‘zbekistonning vino-aroq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni aholi va tibbiyot tashkilotlarini antiseptik vositalar bilan ta’minlashga o‘z hissalarini qo‘shishga chaqiramiz.

A.Madaminov,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy
siyosat tadqiqot instituti direktori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring