Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Majlisbozlik anatomiyasi»: Ichkarida nima gap?

«Majlisbozlik anatomiyasi»: Ichkarida nima gap?

Illyustrativ foto

«Afsuski, bunday rahbarlar aholi kutayotgan hayotiy muammolarni hal qilish o‘rniga keraksiz qog‘ozbozlik va natijasiz majlislar o‘tkazish bilan ovora bo‘lib qolmoqda».

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning
2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan

Vaqtida aytilgan, asosli tanqid. Majlislarni «yaxshi ko‘radigan» rahbarlar bo‘lmaganida bu gap aytilarmidi?! Hech qanday natija bermaydigan majlislar xodimlarning foydali ishga sarflanajak qanchalab vaqtini o‘g‘irlayotgani, ortiqcha xarajatlar, asabbuzarliklar-ku alohida mavzu.


Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi «Byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori (PQ–4546-son) bilan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida yig‘ilishlar sonini kamaytirish, dam olish va bayram kunlari yig‘ilishlarni o‘tkazish amaliyotini bekor qilish belgilangan.


Majlisbozlik ancha jiddiy muammo — Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti 2020 yil dekabr oyida sotsiologik tadqiqot o‘tkazib, bunga yana bir bor amin bo‘ldi.

Tadqiqotda qatnashganlar: 14 ta tuman (shahar) hududida faoliyat olib boruvchi 15 ta davlat tashkiloti rahbarlari (maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, tibbiyot, bandlik va mehnat munosabatlari bo‘limlari, banklar). Jami 208 nafar respondent.

208 kishi — uncha ko‘pmas, lekin oz ham emas, bemalol kattagina viloyatning «majlisbozlik portreti»ni chizsa bo‘ladi.

Kunlik «norma» — 4 tagacha va undan ko‘p, bo‘lmasa hisobmas...

Yuqoridagi respondentlarning 61,1 foizi ba’zida bir kunda o‘rta hisobda 2-4 va undan ortiq marta majlislarda qatnashishini (!), 62 foizi esa majlislar bir-biriga ulanib ketishini (!) bildirgan.

Respondentlarning 52,4 foizi ish vaqtidan tashqari soatlarda yig‘ilishlar o‘tkazilayotganligini ma’lum qilishgan.

Hududlarda davlat tashkilotlari tomonidan dam olish kunlarida yig‘ilishlar o‘tkazish amaliyoti yuqori foizlarda saqlanib qolmoqda.

Xususan, quyidagi diagramadan ko‘rish mumkinki, hududlarda respondentlarning 72,6 foizi dam olish kunlarida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda qatnashganligini bildirgan. Shundan 39,9 foizi bir oyda o‘rta hisobda 1-2 marta; 20,7 foizi o‘rta hisobda 3-4 marta; 8,2 foizi o‘rta hisobda 5-6 marta; 3,8 foizi o‘rta hisobda 7-8 marta dam olish kunlari majlislarda ishtirok etgan.

Umr va asab egovi

Respondentlarning 73,5 foizi bitta majlis 1-3 soat davom etishini, 12,5 foizi esa o‘rta hisobda 4 soat va undan ko‘proq vaqt davom etishini bildirgan.

(Kuniga 4 tagacha va undan ham ko‘p majlislar o‘tkazilib, har biriga o‘rtacha 2 soatdan sarflanganda ham bir kunda — 8 soat! (eng kamida). Izohga ojizmiz — tahr.).

Majlis majlisdek o‘tishi uchun qancha odam kerak?!

Tadqiqotda yig‘ilishlardagi davlat organlari va tashkilotlardan ishtirokchilar soni ham tahlil qilindi.

Majlislarning 51,9 foizi 10-30 nafar shaxs, 45,2 foizi 30-100 nafar shaxs, 2,4 foizi 100 nafardan ko‘proq shaxslar ishtirokida o‘tmoqda. Respondentlarning 0,5 foizi ushbu savolni javobsiz qoldirgan.

Yig‘ilishlarning 45,2 foizi, hozirgi pandemiya sharoitiga qaramasdan, 30-100 kishilik qilib o‘tkazilmoqda!

Amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan yig‘ilish o‘tkazish amaliyotiga chek qo‘yish kerak: yig‘ilishlarda faqatgina tashabbuskorlarning o‘zlari yoki o‘ziga kerakli ma’lumot olmoqchi bo‘lgan xodimlar ishtirok etishi maqsadga muvofiq.

Toshkentga rostlanamiz...

Respondentlarning 49,0 foizi yig‘ilishlarni yuqori tashkilotlar, ya’ni respublika darajasidagi tashkilotlar tashabbuskor sifatida tashkil etishini, 23,6 foizini viloyat hokimligi, 3,8 foizini boshqa tashkilotlar o‘tkazishini bildirishgan...

Muammo majlisga sababchimi yoki majlis muammoga?..

Ammo eng g‘alati jihat — majlislarning mavzusi. Respondentlarga ko‘ra, yig‘ilishlarning 26,1 foizi ijtimoiy masalalarda; 21,3 foizi qishloq xo‘jaligi; 10,6 foizi tadbirkorlik; 1,4 foizi xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar; 12,6 foizi boshqa masalalarda o‘tkaziladi.

Paradoks shundaki, mamlakatimiz, xalqimizni qiynayotgan asosiy muammolar shular aslida. Biz (tahr.) uchun esa bir savol ochiq qolmoqda: majlislar ko‘pligi muammolar ko‘pligidanmi yoki aksincha?..

Kuzatuv: Davlat organlari va tashkilotlaridagi yig‘ilishlarning eng ko‘pi (26,1 foiz) ijtimoiy masalalarda o‘tkazilmoqda. Eng qizig‘i, yig‘ilishlarda ishtirok etayotganlarning 27,5 foizi buni aniq ayta olmasligini bildirgan. Ya’ni aksariyat hollarda ishtirokchilar yig‘ilishlarda muhokama qilinadigan masalalar yuzasidan yetarli ma’lumotga ega emas...

Majlis kimniki?

Ushbu diagrammaga e’tibor bering-a. Respondentlarning 33,2 foizi majlislarning taxminan 40-50 foizi, 29,8 foizi majlislarning taxminan 20 foizi, 21,2 foizi majlislarning taxminan 30-40 foizi, 13,5 foizi esa majlislarning 40 foizdan ko‘prog‘i bevosita o‘zining ish faoliyati yo‘nalishi bilan bog‘liq emasligini bildirgan. Respondentlarning 2,3 foizi savolga javob bermagan.

Respondentlarning 54,4 foizi (!), ya’ni yarmidan ko‘pi bevosita o‘z ish faoliyati yo‘nalishi bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlarda qatnashishga majbur!

Kelsang ham kelasan, kelmasang ham...

O‘tkazilayotgan yig‘ilishlar majburiy xarakterga ega, 47,6 foiz respondentlar yig‘ilishlarga vaqtida kelmagan yoki umuman qatnashmaganlarga nisbatan chora ko‘rish amaliyoti joriy qilinganligini bildirib o‘tishgan.

Zamonaviy majlis

Tadqiqotlar davomida respondentlar bilan og‘zaki so‘rovlarda yig‘ilishlar asosan an’anaviy tarzda umumiy yig‘ilish ko‘rinishida, ba’zi hollarda esa onlayn dasturlar («Zoom») orqali ham o‘tkazilishi aytib o‘tildi.

Ushbu tizimdan keng foydalanish yig‘ilish ishtirokchilarining barchasini ish joylaridan uzoqlashmasdan ularning maksimal darajada ish joylarida turib ishtirok etishlari bilan bir qatorda ish unumdorligi va samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

O‘tkazilgan tadqiqot asosida davlat boshqaruvi tizimida yig‘ilishlar o‘tkazish amaliyotini tartibga solish yuzasidan quyidagi taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi:

1. Yig‘ilishlarni o‘tkazish sohasini tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va unda quydagilarni belgilash maqsadga muvofiq:

  • yig‘ilishlarni o‘tkazishda zamonaviy texnologiyalardan, jumladan, videokonferensiya («Zoom») aloqa ko‘rinishidan foydalanishni kengroq joriy etish;
  • yig‘ilishilarni o‘tkazishda mehnat qonunchiligi talablariga qat’iy rioya qilishni tashkil etish borasida aniq chora-tadbirlarni belgilash;
  • yig‘ilishlarni o‘tkazish tartib-qoidalari buzilishi holatlari to‘g‘risida ishonchli xabar berish bo‘yicha maxsus mexanizm ishlab chiqish;
  • yig‘ilishlarni tashkil etish, ishtirok etadigan tashkilotlar va unda ko‘riladigan masalalar yuzasidan davlat organi va tashkilotlari rasmiy saytlarida oldindan e’lon qilib borish amaliyotini joriy qilish.

2. Yig‘ilishlarni o‘tkazish amaliyoti holati, muammolarini o‘rganishga qaratilgan so‘rov va tadqiqotlarni tizimli ravishda o‘tkazib borish uchun maxsus reja-dastur ishlab chiqish;

3. Yig‘ilishlarni tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan jamoat nazoratini kuchaytirish, shuningdek, televideniye va internet vositalaridan ko‘proq foydalanish.

N.Norbayev,
R.Nurmatov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimlari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring