Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘qituvchilar maoshi, tizimdagi korrupsiya va boshqa og‘riqli masalalar. Sherzod Shermatov bilan eksklyuziv suhbat (video)

O‘qituvchilar maoshi, tizimdagi korrupsiya va boshqa og‘riqli masalalar. Sherzod Shermatov bilan eksklyuziv suhbat (video)

Foto: Yoshlar telekanali

Yoshlar telekanali muxbiri xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bilan o‘qituvchilar mavqei, maoshi, tizimdagi korrupsiya va boshqa masalalar bo‘yicha eksklyuziv suhbat tashkil qildi.

O‘qituvchilar mavqei haqida

Oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri jamiyatda o‘qituvchilar mavqeini oshirish va umuman, xalq ta’limi tizimi xodimlari obro‘yini oshirish. Afsuski, bir necha yillar davomida ushbu tizimda ishlayotgan xodimlarga «ko‘psonli armiya» sifatida qaralib, «shuncha oylik olyaptimi, mana bu ishni ham qilishsin» qabilida munosabatda bo‘lib kelingan. Natijada turli ortiqcha ishlar bilan ovvora bo‘linib, ta’lim esdan chiqib qolgan. Oxiri shu darajadaga borib yetganki, «bitta shu ta’lim berishdan ozod etishsa, qolgan hamma topshiriqlarni vaqtida bajaramiz» qabilidagi hazilomuz gaplar paydo bo‘lgan. Endi bunga kulishniyam, hayron bo‘lishniyam bilmaysiz. Vaziyat shu darajaga kelib qolgandi. Buni Prezidentimiz ham tanqidiy ruhda o‘tkazilgan majlisda bir necha bor ta’kidlab o‘tdi. O‘qituvchilarni hech qanday yig‘inlarga, o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilmaslik bo‘yicha prokuraturaga qat’iy topshiriq berildi. Endi joylarda shunday holatlar kuzatilsa, prokuratura chora ko‘radi.

Maktabning boshlanish vaqti haqida

Hozirgi axborot texnologiyalari davrida mish-mishlar tez tarqaladigan bo‘lib qolgan. Unda tarqalgan «maktab ertaroq boshlanadi» degan gap-so‘zlar o‘rinsiz. Maktab har yili qanaqa boshlangan bo‘lsa, shu vaqtda boshlanadi.

O‘qishning birinchi kuni o‘zgarmaydi. Ta’lim maskanlarida o‘qish 2 sentyabrda boshlanadi.

O‘qituvchilar maoshi

O‘qituvchilar maoshini ko‘tarish masalasida Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda alohida topshiriq berilgan. Hozirda bizning mutaxassislarimiz moliya vazirligi bilan shu masalada ishlayapti. Albatta, bu oson emas. Chunki tizimda 580 ming xodim ishlaydi. Moliya vazirligining ham o‘z o‘lchovlari bor. Shuning uchun ikki tomon ma’lum bir to‘xtamga kelishi kerak. Prezident devoni xodimlari ham bu borada katta yordam beryapti: yakunda to‘g‘ri yechimga kelib, buni davlat rahbariga kiritishimiz kerak. Qani edi, o‘qituvchilar maoshi bir necha baravarga oshirilsa, ammo davlat budjetining ham bugungi holati bo‘yicha o‘ziga yarasha masalalari bor. Shuning uchun imkoni boricha ko‘proq oshirtirishga harakat qilamiz.

Korrupsiya haqida

Maktablardagi eng yomon narsa — korrupsiya. Uzoq yillar davomida tizimda oylikning pastligi, majburiy mehnat, turli yig‘imlar va boshqa-boshqa sabablar hisobiga, afsuski, tizimdagi ko‘plab xodimlar, men ularni oqlash niyatim yo‘q, shunaqa yo‘llarga o‘tib qolishgan. Ya’ni, shu tizimda ishlab qolish uchun, juda ko‘pchilik holatlarda shunaqa yo‘l tutishga majbur bo‘lishgan. Buning natijasida mayda korrupsiya holatlari juda keng avj olib ketgan. Aynan mayda korrupsiya jamiyatning kelajagiga katta tahdid soladigan illat. Ayniqsa, ta’lim sohasida bu insonlarning ma’naviyatini buzadi. Afsuski, biz shunga yo‘l qo‘yib berganmiz. Bola bilan o‘qituvchi, ota-ona bilan o‘qituvchi o‘rtasida pulli munosabatlar bor. Biz imkoni boricha bu munosabatlarni yo‘qotish yo‘llarini ishlab chiqmoqdamiz. Jumladan, bunga maktablarda korporativ boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish, boshqaruv kengashi tomonidan maktab direktorlarini saylash, shaffoflikni ta’minlash orqali erishishimiz mumkin.

Suhbat davomida xalq ta’limi vaziri yana bir qator masalalarga to‘xtalgan. Jumladan, maktablarda erkak o‘qituvchilarning kamayib ketish sabablari, ta’lim tizimida xorij tajribasi, malakali kadrlar masalalari haqida so‘z boradi. Yakunda tizim xodimlariga murojaat qilingan. Suhbatning to‘liq variantini quyidagi videolavha orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring