Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjon taassurotlari: turkiy mamlakatlar elektron hukumatni qanday qurishmoqda? (video)

O‘zbekiston Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi vakillari yaqinda Ozarbayjonda o‘tkazilgan maxsus forumda ishtirok etib qaytishdi. Markaz xodimlari — Nig‘matulla Sharofiddinov hamda German Stimban u yerda nimalarni o‘rganishdi? Tafsilotlar bugungi suhbatimizda.

Safar sizda qanday taassurot qoldirdi? Umuman, Ozarbayjonga tashrifdan ko‘zlangan maqsad nima edi?

Nig‘matulla Sharofiddinov: Ozarbayjonga ushbu mamlakat taklifiga binoan bordik. Turkiy davlatlar kengashi a’zolari, xususan, axborot texnologiyalari, elektron hukumat sohasi vakillari uchun yig‘ilish, press-tur tashkil etildi. Maqsad Ozarbayjon va forumda qatnashgan mamlakatlarning elektron hukumat qurish amaliyotini o‘rganish, tajriba almashish, kelgusida transchegaraviy davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘nalishida ishlarni tashkil qilish edi.

German Stimban: Safar davomida nafaqat Ozarbayjon, balki Turkiy davlatlar kengashiga a’zo boshqa mamlakatlarning elektron hukumat yo‘nalishidagi ish tajribalari bilan ham yaqindan tanishdik, albatta, kelgusida bu ko‘nikmalardan foydalanamiz.

Aynan Ozarbayjon tajribasiga to‘xtalishdan asosiy maqsad nima?

Nig‘matulla Sharofiddinov: Ochig‘i, Ozarbayjon tomonining taklifi biz uchun kutilmaganda bo‘ldi. Borib, tashkilotchilar bilan gaplashganimizda, ushbu g‘oya qirg‘izistonliklar tomonidan ilgari surilganini aytishdi. Ya’ni ular Ozarbayjon tajribasiga qiziqishgan, o‘rganishgan. Yaqinda O‘zbekistonga Qirg‘iz Respublikasi bosh vaziri tashrifi davomida bizning elektron hukumat yo‘nalishida qilayotgan ishlarimizga ham juda katta qiziqish bildirishgandi. Ozarbayjonliklar ushbu qiziqishlardan kelib chiqib, barchani bir joyga taklif qilishgan.

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: Xo‘sh, biz Ozarbayjondan elektron hukumat yo‘nalishida nimalarni o‘rganishimiz mumkin? Ular qaysi sohalarda bizdan oldinda?

German Stimban: Ayrim yo‘nalishlarda ustunligimiz bor, ba’zi sohalarda ulardan ortda qolyapmiz. Birinchi navbatda, qonunchilik sohasida. Ozarbayjonlar Raqamli kodeks ishlab chiqishgan. Bizda esa fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari hanuz huquqiy baholanmagan. Shaxsiy ma’lumotning qiymatini aniq bilmaymiz. Ozarbayjonda shu yo‘nalishda ancha tajriba to‘planganiga guvoh bo‘ldik.

Ikkinchidan, texnik yangiliklar. Ozarbayjonda mobil raqamlar ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan: barcha mobil operatorlar ma’lumotlari yig‘ilgan, ular umumlashtirib bir joyda saqlanadi. Biz esa bunday bazaga ega emasmiz.

Elektron hukumat doirasida shaxsiy ma’lumot bo‘yicha qilingan ishlar ham yaxshi taassurot qoldirdi. Masalan, ozarbayjonlik foydalanuvchi o‘z shaxsiy kabinetiga kirib, bemalol shaxsiy ma’lumotlari bilan tanisha oladi. Qaysi mobil operator, bank yoki deylik mehmonxona qachon uning ma’lumotidan foydalangan — barchasini ko‘ra oladi. Qisqa qilib aytganda, foydalanuvchi o‘z shaxsiy ma’lumotlaridan kimlar qanday maqsadlarda foydalanayotganini bilish imkoniyatiga ega.

Nig‘matulla Sharofiddinov: Hamkasbim to‘g‘ri ta’kidlaganidek, Ozarbayjondan o‘rgansak bo‘ladigan jihatlardan biri shaxsiy ma’lumotlarning qiymatlangani. Har bir kishi o‘ziga tegishli ma’lumotdan qaysi davlat organi yoki tashkilot foydalanganini ko‘rib turadi.

Bundan tashqari, Ozarbayjonda ma’lumotlardan foydalanish, ularni qayta ishlashda bulutli texnologiyalar joriy etilishi boshlangani, ochig‘i, biz uchun yangilik bo‘ldi. Umuman olganda, Ozarbayjonda elektron davlat xizmatlari soni bizdagidan ancha ko‘p. Aholi soniga nisbatan, joylashuvi, hududlarni qamrab olish bo‘yicha yaxshi ko‘rsatkichlarga erishishgan.

Yana bir e’tirofli jihati, ular juda ko‘p ma’lumotlarni raqamli ko‘rinishga o‘tkazib bo‘lishgan. Shuning uchun ham kompleks davlat xizmatlarini, proaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ilgarilab borishyapti.

German Stimban: Ozarbayjonda chegaralararo elektron hujjat aylanishi ishga tushirilgan. Hozir Turkiya, Ruminiya, Belarus bilan elektron hujjat almashishmoqda. Bu hujjatlar odatiysi bilan birdek yuridik kuchga ega. Bu mamlakatlarga borgan Ozarbayjon fuqarolari bemalol elektron hujjatlardan foydalanishlari mumkin.

Ozarbayjon elektron hujjatlar sohasida ham ancha ilgarilab ketgan. Masalan, mobil pasport. Ya’ni fuqaro shaxsiy pasporti yoki ID-kartasini o‘zi bilan olib yurishi ham shartmas, mobil telefondagi dastur orqali ma’lumotlarini ko‘rsatadi, xolos, bir xil yuridik kuchga ega.

Forumda qatnashganlar asosan rivojlanayotgan mamlakatlar. Xususan, turkiy davlatlar elektron hukumat qurishda qaysi jihatlarda bizdan ustun, ulardan nimalarni o‘rganishimiz mumkin?

Nig‘matulla Sharofiddinov: Ushbu forumda mezbon — Ozarbayjon juda ham qiziqarli, istiqbolli takliflarni ilgari surdi. Xususan, elektron hukumat, axborot texnologiyalari sohasida Turkiy davlatlar alyansini tashkil etish g‘oyasini o‘rtaga tashlashdi. Alyansga a’zo mamlakatlarda xizmatlar ko‘rsatish, hujjat almashish jarayonlari o‘zaro tan olinadi, ya’ni bir davlat hududida tasdiqlangan elektron hujjat boshqa davlatda ham birdek kuchga ega bo‘ladi. Hozirda ushbu tashkilotni tuzish bo‘yicha ishlar ketmoqda.

Shu o‘rinda turkiy mamlakatlar orasida elektron hukumat yo‘nalishida Qozog‘iston erishgan yutuqlarga alohida to‘xtalishni istardim. Hozirgi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, Qozog‘istondagi davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi markazlarning eshiklari to‘liq yopilgan. Ammo xizmatlardan foydalanish to‘xtagan emas, faqat elektron shaklda. Hatto pandemiya chekingan paytda ham markazlarni ochishmadi. Buning sababini o‘zlaridan so‘raganimizda: «Davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlarini ochdik, lekin xizmat ko‘rsatmadik, buning o‘rniga odamlarga elektron davlat xizmatlaridan qanday foydalanish kerakligini o‘rgatdik», deyishdi. Shuning uchun ham elektron xizmatlardan foydalanishda muammolar deyarli kuzatilmayotgan ekan.

German Stimban: Ozarbayjon forumida to‘rt mamlakatdan — Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston vakillari qatnashgani uchun asosan shu uch mamlakatda yo‘lga qo‘yilgan yangiliklar va tajribalarni o‘rgandik.

Shaxsiy ma’lumot, elektron hujjat yo‘nalishida menga, ayniqsa, Qozog‘iston tajribasi ma’qul keldi. Masalan, havo yo‘llari orqali parvoz qilishda sizdan pasport yoki ID-kartani ko‘rsatish talab qilinmas ekan. Mobil telefondagi ilovani ochib, mobil-ID ni ko‘rsatsangiz kifoya. Politsiya xodim to‘xtatganida ham shu ilova shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat o‘rniga o‘tadi. Bizda ham buni yo‘lga qo‘yish kerak.

Ushbu mamlakatlarning qaysi tajribalarini o‘zimizda amalga oshirsak yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladi?

Nig‘matulla Sharofiddinov: Ozarbayjon elektron hukumat yo‘nalishida qilayotgan ishlar bizni hayratlantirdi. Misol uchun, «ABAD» loyihasi. Bu loyiha butun mamlakat bo‘ylab kichik tadbirkorlar — o‘zini o‘zi band qilganlar, hunarmandlar, shaxsiy tomorqasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni qamrab olgan. Ya’ni ularning mahsulotlari «ABAD» brendi ostida «ABAD» supermarketlarida yoki boshqa supermarketlarda, aeroportlardagi «ABAD» peshtaxtalarida  sotilmoqda.

Deylik, asalarichilik bilan shug‘ullanuvchi xonadonga «ABAD» markazi xodimlarining o‘zlari borib, mahsulotni ekspertizadan o‘tkazishadi, qadoqlab, peshtaxtagacha yetkazib, sotishadi. Sotuvdan tushgan pulni shartnoma aaososida ishlab chiqaruvchi bilan o‘zaro taqsimlab olishadi. Milliy hunarmandchilik, turli esdalik buyumlari sotishda ham shu usuldan foydalanishadi. O‘rgansa bo‘ladigan, juda ibratli tajriba. Buni o‘zimizda ham joriy etish bo‘yicha takliflarni tayyorlayapmiz.

German Stimban: Bu safar birinchi qadam bo‘ldi. Ozarbayjonda atigi uch kun bo‘ldik. Chuqur tajriba o‘rganish uchun juda kam vaqt. Shuning uchun bunday tajribalarni ko‘paytirish, ko‘proq mamlakatlar bilan hamkorlik qilish, ularni ham o‘zimizga taklif etishni rejalashtiryapmiz.

Ozarbayjonda davlat xizmatlari yaxshi yo‘lga qo‘yilishi sabablaridan biri ularning targ‘iboti yaxshiligida — televideniye, radio, gazetalar orqali juda ko‘p ma’lumot berisharkan. Xizmatlar haqida fuqarolari yaxshi xabardor. Shuning uchun ham bu xizmatlardan foydalanishda faol.

Bizda 200 dan ziyod xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Lekin foydalanish darajasi sust. Chunki odamlar uncha xabardor emas.

Forum qatnashchilari bizda amalga oshirilgan ishlarga ham qiziqish bildirishdimi?

Nig‘matulla Sharofiddinov: Bizning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida qo‘llangan arxitektura qozog‘istonliklarni qiziqtirib qo‘ydi. Ma’lum bo‘lishicha, ular biron bir jiddiy o‘zgartirish kiritishayotganida, masalan, yangi xizmatlarni joriy etishayotganida butun platforma to‘xtab qolarkan. Bizda esa bironta xizmatni ishga tushirish yoki takomillashtirish davrida portal to‘xtamaydi: qolgan xizmatlar ishlashda davom etadi.

Qolaversa, bizdagi ma’lumotlarning idoralararo integratsiyalashuvi platformasi ham qiziqish uyg‘otdi. Ular qanday himoyalangan, qanday tashkil etilgan, bu borada kelgusida hamkorlik qilinadi.

Tashrifdan qanday xulosa chiqardingiz? Rejalar qanday?

Nig‘matulla Sharofiddinov: Yuqorida ta’kidlanganidek, bu hamkorlik tomon dastlabki qadam. Endigi vazifalar hamkorlikni huquqiy jihatdan mustahkamlab, rasmiy ko‘rinishga olib chiqish. Maqsadimiz, «ishonchli uchinchi tomon» tamoyiligi o‘tish, ya’ni bir davlatdagi bir markaz yoki xizmat tomonidan taqdim etilgan hujjatlar, elektron raqamli imzolar boshqa bir davlatda ham tan olinishiga erishish. Shu tamoyil asosida fuqarolarimiz ko‘p boradigan Turkiya va Qozog‘iston bilan hujjat almashishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hozircha og‘zaki kelishuvlarga erishildi. Asosiy maqsadimiz shuning qonuniy asoslarini yaratish.

German Stimban: Albatta, o‘rganadigan, foydalansak bo‘ladigan jihatlar ko‘p. Ular va bizdagi elektron hukumatlar arxitekturalari, markazlashgan ma’lumot bazalari, axborot tizimlari o‘xshash, funksionalligi juda yaqin. Kamchiliklarimiz nimada, qanday xatolarga yo‘l qo‘yyapmiz — o‘zaro muloqot va hamkorliklarda yaxshiroq namoyon bo‘ladi. Shu asosda axborot tizimlarimizni yangilab, takomillashtirib boramiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring