Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Porox solingan bochka». Turkiya Shom zaminida uchinchi bor harbiy operatsiya o‘tkazadimi?

«Porox solingan bochka». Turkiya Shom zaminida uchinchi bor harbiy operatsiya o‘tkazadimi?

Suriyada 2011 yildan buyon davom etayotgan fuqarolik urushida 465 ming kishi halok bo‘ldi, 12 million kishi boshpanasiz qoldi.

Foto: AFP

So‘nggi oylarda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bir necha bayonotida Turkiya qurolli kuchlari Suriya shimolida harbiy operatsiya o‘tkazishi mumkinligi haqida gapirdi. Xo‘sh, turk qo‘shinining Shom tuprog‘iga kirish ehtimoli qanchalik haqiqatga yaqin? Rasmiy Anqaraning ushbu qarori Suriyani geosiyosiy kurash maydoniga aylantirgan ikki yirik davlat – AQSh hamda Rossiya tomonidan qanday qabul qilinmoqda?

Milliy xavfsizlikka tahdid

Yaqingacha mintaqaning gullab-yashnagan mamlakatlaridan biri sanalgan Suriya 2011-yildan buyon davom etayotgan fuqarolik urushi tufayli xomtalash bo‘ldi, parokandalikka yuz tutdi. Mamlakatning katta qismi prezident Bashar Asad nazoratida. Paymonasi to‘layozgan «Islom davlati» terrorchi to‘dasi bir necha kentu qasabada jon saqlayotir. Yana ayrim shaharlar mo‘tadil qarashdagi muxolif guruhlar boshqaruvida. Turkiya bilan chegaradosh kattagina hududni esa PYD (Demokratik ittifoq partiyasi), YPG (Xalq mudofaasi otryadlari) kabi guruhlar egallagan. Turkiya rahbariyati PKK (Kurdiston ishchi partiyasi) terrorchi tashkilotining qo‘sh qanoti sanalgan mazkur ikki guruhni mamlakat xavfsizligiga asosiy tahdid deb biladi.

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on. Foto: Anadolu Ajansı 

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ko‘pdan buyon Suriya shimolini kurd jangarilaridan tozalash va Furot daryosi sharqida xavfsiz hudud tashkil etish lozimligini talab qilib kelmoqda.

Rasmiy Anqara rejasiga ko‘ra, Suriya bilan chegaradosh mintaqada uzunligi 450 kilometr, eni 30 kilometr bo‘lgan xavfsiz hudud tashkil qilinishi va u yerda bir million qochqinning tinch-osoyishta hayoti ta’min etilishi lozim (Turkiya hozirga qadar 3,6 million qochqinni bag‘riga olgan bo‘lib, ularning asosiy qismi suriyaliklardir).

Turkiya yetakchisi so‘nggi bayonotlarida xavfsiz hudud masalasi sentyabr oyi oxiriga qadar hal etilishi lozimligini ta’kidladi. Bu borada Suriya urushida faollik ko‘rsatayotgan Moskva va Vashington ham ogohlantirilgan. Prezident Erdo‘g‘onning qayd etishicha, ushbu ikki mamlakat bilan Suriya shimolini kurd jangarilaridan tozalash va xavfsiz hudud tashkil etish borasida kelishuvga erishilmasa, Turkiya mustaqil holda harbiy operatsiyaga o‘tkazishga majbur bo‘ladi.

«Turkiya xavfsizligi bu NATO hamda butun mintaqa xavfsizligi demakdir», – deb ta’kidlagan Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.  

Anqara – Moskva – Vashington: taranglashayotgan munosabat

Suriyada turli maqsad, turli ilinjda jang qilayotgan katta-kichik guruhlar buni ehtimol anglamayotgandir, ammo bugun Shom tuprog‘i yirik saltanatlar uchun o‘zaro hisob-kitob maydoniga aylangani achchiq haqiqat. Katta siyosiy o‘yinlarda esa tinch aholi hayoti sariq chaqalik ahamiyat kasb etmasligi ma’lum.

Mo‘’tadil qarashdagi muxolifat qariyb yarim asrdan buyon hukmfarmolik qilib kelayotgan Asadlar oilasini hokimiyatdan chetlatib, yangi demokratik davlat qurish umidida. Mutaassiblik yo‘lini tutgan to‘dalarning muddaosi kundek ravshan. AQSh va Rossiya esa o‘z ko‘mochiga kul tortish bilan ovora. Suriya kelajagi, jangari to‘dalarga qarshi kurash va qurolli ziddiyatni bartaraf etish borasida davlatlarning nuqtai nazarlar turlicha. Deylik, Rossiya rahbariyati Bashar Asadni hokimiyatda saqlab qolish uchun jon olib jon bermoqda. Kreml istiqbolda ham rus harbiy kontingenti Suriyada qolishi va mintaqadagi jarayonlarga faol ta’sir ko‘rsatishini istaydi.

Rasmiy Vashington o‘z xalqiga qarshi kimyoviy qurol qo‘llagan Bashar Asadni hokimiyatdan chetlatish tarafdori. Qo‘shma Shtatlar, ayni choqda, Suriyadagi kurdlar ko‘proq siyosiy hokimiyatga ega bo‘lishi hamda muxtoriyat tashkil etishiga xayrixoh. Bu esa mamlakat hududiy yaxlitligini savol ostida qoldiradi.

Turkiya rahbariyati ham «qo‘li qonga botgan» prezident Asadning iste’fo berishini yoqlaydi. Ammo Anqara Vashingtonning Suriyadagi terrorchi kurd guruhlarini dastaklashini aslo qabul qila olmaydi. Turkiya ko‘pdan buyon AQShdan qo‘llovni to‘xtatishni talab qilib keladi. Turk rahbariyati, shuningdek, Suriya shimolini jangarilardan tozalash bo‘yicha Qo‘shma Shtatlarga hamkorlik taklif etgan.

Turk harbiylari bunga qadar Suriyada «Furot qalqoni» va «Zaytun novdasi» operatsiyalarini o‘tkazgan. Foto: Anadolu Ajansı

«Qo‘y terisini yopingan bo‘ri»

Turkiya qariyb 40 yildan buyon terror balosiga qarshi kurashib kelmoqda. Eng ashaddiy terror guruhi sanalgan PKK (Kurdiston ishchi partiyasi) mamlakatda va xorijda yuzlab begunoh inson hayotiga zomin bo‘lgan.

Tadqiqotlarga qaraganda, PYD (Demokratik ittifoq partiyasi) – Kurdiston ishchi partiyasining Suriyadagi shoxobchasidir. YPG (Xalq mudofaasi otryadlari) esa PYDning jangovar qanoti hisoblanadi. Xavotirli jihati shundaki, Shom o‘lkasidagi boshboshdoqlik bois PYD va YPG jangarilari o‘z faoliyatini qonuniylashtirishga urinayotir. Turk tahlilchilari mazkur ikki guruhni «qo‘y terisini yopingan bo‘ri» deb ataydi.

AQSh va Yevropa Ittifoqi «PKK»ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan. Ammo G‘arbning ayrim mamlakatlari Suriyadagi kurdlar tomonidan tashkil etilgan PYD hamda «YPG»ni goh oshkora, goh yashirin qo‘llab-quvvatlaydi.

Furot bo‘yidagi janglar

Rasmiy Anqara Suriya muammosini harbiy operatsiyasiz, hamkor davlatlar bilan bir yoqadan bosh chiqarib hal etishga urinmoqda. Joriy yil 8 sentyabrdan Turkiya va AQSh harbiylari Suriya shimolida birgalikda kuzatuv amaliyotini boshladi. Ammo Furot daryosi sharqida xavfsiz hudud tashkil etish rejasi ortga surilaversa, prezident  Erdo‘g‘on ta’kidlaganidek, turk qo‘shini Suriya shimolida mustaqil harbiy operatsiya o‘tkazishi ham mumkin.

Turkiya bunga qadar Suriyada ikki yirik harbiy operatsiyani o‘tkazgan. 2016-yil 24-avgustdan  2017-yil 29-martga qadar davom etgan «Furot qalqoni» (Fırat Kalkanı) amaliyotidan so‘ng Halab muzofotidagi bir necha ming chaqirim hudud jangarilaridan tozalangan.

Terror o‘choqlarini yo‘q qilish maqsadida 2018-yil 20-yanvarda boshlangan «Zaytun novdasi» (Zeytin Dalı Harekâtı) amaliyoti ham turk harbiylari g‘alabasi bilan yakunlangan. Xususan, Afrin shahridan jangarilar siqib chiqarilgan va xavfsiz hudud tashkil etish yo‘lida navbatdagi qadam tashlangan. Ushbu amaliyotda 3606 terrorchi o‘ldirilgan, 50 ga yaqin turk askari halok bo‘lgan. Rasmiy Anqaraga ko‘ra, Turkiya qo‘shni BMT Xavfsizlik Kengashining terrorizmga qarshi to‘g‘ridagi rezolyusiyasi hamda BMT Nizomining 51-moddasiga tayanib harakat qilgan.

Yaqin tarixda Bolqon yarimoroli «porox solingan bochka» deb atalgan edi. Keyingi sakkiz yil ichida ko‘hna Shom zamini Bolqon kabi urush o‘chog‘iga aylandi. Foto: AFP

Quyoshi botgan o‘lka

Ayni paytda xalqaro hamjamiyat Suriyaning Idlib muzofotidagi jarayonlarni diqqat bilan kuzatmoqda. 2018-yil 17-sentyabrdagi kelishuvga ko‘ra, Suriya ziddiyati ishtirokchilari Idlib muzofotida o‘t ochishni to‘xtatishi lozim edi. Ammo hozirga qadar mazkur kelishuv bir necha marotaba buzildi. Bashar Asad nazoratidagi kuchlar Rossiya qo‘llovi bilan Idlibdagi guruhlarga qarshi qurolli hujumlar uyushtirdi. Suriya havo kuchlari, shuningdek, 19-avgust kuni Turkiya harbiy karvoniga zarba berdi. 31-avgust kuni esa AQSh havo kuchlari Idlibdagi jangari guruhlarga qarshi aviazarbalar yo‘lladi. BMT hisob-kitobiga ko‘ra, so‘nggi uch oyda o‘t ochishni to‘xtatish bitimiga rioya etilmagani oqibatida muzofotda 781 nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, tomonlar zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatmasa, hududda gumanitar inqiroz yuzaga kelishi aniq.

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring