Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkiyadagi holat global moliyaviy inqirozga sababchi bo‘lishi mumkinmi?

Turkiyadagi holat global moliyaviy inqirozga sababchi bo‘lishi mumkinmi?

Foto: «Dailytimes.com.pk»

Hozir dunyo ahli bor diqqatini Turkiyaga, uning milliy valyutasiga qaratgan. Turk puli juda keskin qadrsizlanib ketdi. 2018-yilda lira dollarga nisbatan 40 foizdan ko‘proq qiymatini yo‘qotdi. Taniqli jurnalist, tarixchi va sharhlovchi Vijay Prashad «Asia Times»ga yozgan maqolasida asosan chet el sarmoyasiga ko‘z tikkan Turkiyadagi bu holatni global darajadagi xavf deb atadi. Uning mulohazalariga quloq tutamiz.

Katta qarz va AQSh tomonidan bo‘layotgan bosim Turkiyani jarga itarmoqda. Turkiyadagi iqtisodiy inqiroz Yevropa ittifoqi va boshqa mamlakatlarga ta’sir qiladimi? Turkiyada hozir kuzatilayotgan vaziyat 2007-2008-yilardagidan-da xavfli yangi global iqtisodiy inqirozdan darak bermayaptimi?

Global inqiroz tugagan emas

Aslida 2007-2008-yillardagi kredit inqirozi tugagani yo‘q. AQShdagi turarjoylar bozoridagi sinish va keyinchalik jahon bank sektoridagi qarz muammolari bilan bog‘liq muammolar hanuz yechimini topgan emas. Bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasi, Qimmatbaho qog‘ozlar bo‘yicha xalqaro tashkilot komissiyasi va Sug‘urta nazoratlari xalqaro uyushmalari bergan bergan juda muhim tavsiyalarning ko‘pi qog‘ozda qolib ketdi. Moliya sektorida haqiqiy islohotlar o‘tkazish o‘rniga, AQSh hukumati o‘z foiz stavkasini nulda saqlab turib, moliya tizimiga dollar oqimini kuchaytirish bilan shug‘ullandi.

«Sovun ko‘pigi»

Turkiya kabi mamlakatlarda xususiy kompaniyalar o‘z faoliyatini moliyalashtirish uchun xalqaro moliyaviy muassasalardan dollarlarda katta miqdorda kredit, hatto spekulyativ investitsiyalarni jalb qila boshlashdi. Mamlakatga dollar oqimi kuchaydi. Xorijlik tovlamachilar bu pullarni mahalliy valyutaga, jumladan, davlat sektori qimmatbaho qog‘ozlariga sarmoya sifatida tikishdi.

Xalqaro moliya instituti ma’lumotlariga qaraganda, o‘rtacha daromadli mamlakatlarga dollar oqimi bir necha yillar saqlanib turdi. 2011-yil oxiriga kelib 30 ta eng yirik rivojlanayotgan mamlakatning qarzdorligi ularning yalpi ichki mahsulotining 163 foizini tashkil qildi. Aslida 2007-2008-yillardagi moliyaviy inqirozdan chiqish qarzga moliyalashtirilgan iqtisodiy o‘sish hisobiga bo‘lib, oxirgi yillarda turli shakllardagi «sovun ko‘piklari» yuzaga kelishiga ham zamin yaratgandi.

Global qarzning umumiy miqdori hozir — 247 trln. dollar.

Bu shunchalik katta va jiddiy raqamki, o‘ylanmaslikning iloji yo‘q. Bu qarzning katta qismi ishlab chiqarish va ijtimoiy foydali sektorlarni moliyalashtirishga emas, balki moliya sektorini kengaytirishga sarflab yuborilgan. Bu iqtisodiy o‘sishning shunday modeliki, unda moliyalashtirish uzilmasligi uchun qarz ustiga qarz olish talab etiladi (xuddi qimor o‘yiniga o‘xshaydi — oldingi qarzingni yopib ulgurmay, yana qarzga botib boraverasan — tahririyat izohi).

Katta ehtimol bilan global qarzning «sovun ko‘pigi» yaqin oylar ichida yorilib ketishi mumkin. Chunki Argentina, Braziliya, JAR va Turkiya kabi mamlakatlarning umumiy qarzdorligi $1 trln.ga yaqinlashmoqda. Ular qarzining katta ulushini dollarlarda uzishiga to‘g‘ri keladi. Ular amaldagi kreditlarini yangilariga almashtira oladilarmi? Jar yoqasida (ehtimol) turgan mamlakatlarga kim qarz beradi?

Bu birinchisi emas

Turkiya moliyaviy inqirozlarni birinchi marta ko‘rayotgani yo‘q. Mamlakatda 1994-yil aprelida va 2001-yil fevralida yirik inqirozlar kuzatilgan. Har ikki holatda ham Turkiya YaIM va valyuta zaxiralarining salmoqli qismidan mosuvo bo‘lgan. Tiklanishda Xalqaro valyuta jamg‘armasining «Kuchli iqtisodiyotga o‘tish» dasturi yordam bergan. XVJ dasturi Turkiyani «kapital qo‘yishni liberallashtirish»ga antiqa usulda yondashishga undadi: turk banklariga xalqaro kapital bozorlaridan dollarlarda qarz olib, pulni mahalliy investorlarga milliy valyuta — lirada berish taklif qilindi. Turkiya hukumati qisqa muddatli nobarqaror kapitalni besamar loyihalarga sarfladi. Oqibatda mamlakat kattagina tashqi qarzini yopish uchun yetarlicha eksportni ta’minlay olmadi.

Umid bor edi

Biroq 2001-yilda Turkiyaga hali hammasini joyiga qo‘yish mumkindek tuyulardi. Turkiya Yevropa ittifoqiga kirish bo‘sag‘asida, AQSh bilan munosabatlar har doimgidan zo‘r, turk tadbirkorlari Livan, Suriya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Shimoliy Afrikaga ko‘z tikishardi. Suriyadagi urush mintaqadagi siyosiy muvozanatni buzib yuborganidan so‘ng arab dunyosiga turk eksporti pasayib ketdi, mamlakat qochoqlar mummosi bilan yuzma-yuz keldi, bu yoqda kurdlar muammosi...

Trampning boji

Keyin esa AQSh hukumati tepasiga kelgan Donald Tramp Turkiyaning alyuminiy va po‘lati importiga boj joriy etdi. Turkiyaga pul berib kelayotgan banklar shok va vahimaga tushib qolishdi. Bularning barchasi liraga qattiq zarba bo‘ldi. Turkiya xususiy sektori yil davomida 220 mlrd. dollar qarzini uzishi kerak. Mabodo turklar bu pullarni to‘lay olishmasa va lira yana bir bor pastlaguday bo‘lsa, Yevropada inqiroz boshlanib ketishi va jahon moliya bozorlariga tarqalishi mumkin. Xuddi AQSh da 2007-yilda boshlanib ketgan ipoteka inqirozi kabi, Turkiyadagi hozirgi vaziyat yangi global inqirozga asos bo‘lishi hech gap emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring