Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abituriyentlarga yengillik beriladi – DTM test sinovlari haqida

Abituriyentlarga yengillik beriladi – DTM test sinovlari haqida

Davlat test markazi abituriyentlarga test sinovlariga fanlar bo‘yicha darsliklar hamda 2019-yil chop etilgan «Test topshiriqlari to‘plami» asosida tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya qildi.

Shuningdek, 5 ta fanning qisqartirilishi to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.

«Koronavirus pandemiyasi sharoitidagi karantin abituriyentlarimizning o‘qishga kirish tayyorgarligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ana shunday cheklovlar davrida abituriyentlarimiz o‘zlari xohlaganlaridek tayyorgarlik ko‘ra olmadilar. Bu nafaqat abituriyentlarga, balki o‘quvchi, talabalarga ham tegishli holat. Ta’lim muassasalarida masofaviy ta’limga o‘tildi, joriy imtihonlar, bitiruv ishlarini himoyasi ham masofadan amalga oshiriladigan bo‘lib turibdi. Bunaqa paytda ularga yordam berish, yengilliklar yaratish, faqat bitiruvchilar uchun emas, balki abituriyentlar uchun ham foydalidir.

Bu yil abituriyentlarning uyidan chiqmagan holda ro‘yxatdan o‘tishini tashkil etish, test topshiriqlarini soddalashtirish, kirish test sinovlarini sodda shaklda va qisqa vaqt ichida o‘tkazish kabi yengilliklar yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Albatta, bu ishlarimiz oliy ta’limning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozim.

Joriy yilning 30-aprel kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar va tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik, idora, tashkilotlar tomonidan kiritilgan takliflar asosida hamda abituriyentlarni qiynab qo‘ymaslik maqsadida faqat 2020-2021-o‘quv yili uchun istisno tariqasida qabul test sinovlari majburiy fanlarsiz, 2 ta mutaxassislik fanlaridan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu 2 ta mutaxassislik fanlari 2019-yil dekabr oyida belgilangan tartibda tasdiqlanib, keng jamoatchilikka e’lon qilingan edi.

Alohida ta’kidlash kerakki, infeksiya butunlay bartaraf etilmagan sharoitda abituriyentlarning 1000 o‘rinlik binolarda 3-4 soat qolib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Bu bejizga emas, albatta. Shuning uchun ham mazkur o‘quv yilida test sinovlari o‘tkaziladigan binolarda ko‘pi bilan 700 tagacha o‘rin tayyorlanadi, har bir abituriyent uchun kamida 3 kv.m joy ajratiladi, sanitariya-gigiyena talablariga binoan, ularda niqob, qo‘lqop bilan testda ishtirok etishi ta’minlanadi. Abituriyentning tana harorati o‘lchangach, binoga kiritiladi. Binolar kamida 4 marotaba dezinfeksiya qilinadi. Bularning bari test topshiruvchilar, guruh nazoratchilari va jarayonga jalb etilgan boshqa shaxslarning salomatligini himoyalash maqsadida amalga oshiriladi.

Qayd etilgan ushbu jarayon ham karantin cheklovlari butunlay olib tashlangandan so‘ng amalga oshiriladi.

Amalga oshiriladigan ishlar va jarayonlar bo‘yicha keng jamoatchilikka ma’lumot berib borilmoqda.

Keyingi o‘quv yilidan boshlab, hamma jarayon belgilangan tartib-qoidalar asosida bo‘lishini takroran eslatib o‘tamiz», deyiladi DTM xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring