Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bepul onlayn oromgohga start berildi

Bepul onlayn oromgohga start berildi

Butun dunyo noxush pandemiya davrini boshdan kechirayotganiga qaramay, raqamli iqtisodiyotni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish zamon talabi ekanini, uni barcha jabhaga tatbiq etish esa kun masalasiga aylanganini aslo unutmasligimiz kerak.

Buni anglagan mutasaddilar har daqiqani g‘animat bilib, turli loyihalar ustida bosh qotirishmoqda.

Bugun yoshlarimizda AKT sohasiga bo‘lgan qiziqishning kundan-kunga kuchayayotgani quvonarli albatta,deydi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashgan maktab direktori Hilola Umarova.Ammo boshimizdan kechirgan va shu kunlarda ancha yumshatilgan karantin davrida ayni o‘qib-o‘rganish pallasidagi o‘quvchi yoshlarimizning ma’lum bir videodarslar bilan cheklanib qolgani e’tiborli masala.

Yaqin ikki yillikda muhtaram yurtboshimiz hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining raqamli texnologiyalarni davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy soha rivojiga keng joriy etish yo‘lidagi jadal sa’y-harakatlaridan ruhlanib, biz ham Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashgan maktab tashabbusi bilan ilk bor Digital Generation Uzbekistan — nodavlat notijorat muassasa qoshida Online Digital Camp — «Raqamli avlod — 2020» loyihasini amalga oshirishni niyat qildik.

Online Digital Camp «Raqamli avlod — 2020» — bu bepul onlayn oromgoh bo‘lib, unga ro‘yxatdan o‘tganlar zamonaviy texnologiya bo‘yicha bilimlarini yanada mustahkamlash imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Besh kun (24 — 28-avgustgacha) davom etuvchi ushbu loyihada yoshlarga AKT sohasi rivojining zamonaviy tamoyillari haqida ma’lumotlar berilib, ishtirokchilar quyidagi yo‘nalishlarda ta’lim olishadi: Veb-dasturlash, Mobil-dasturlash, Desktop-ilovasi dasturi, Raqamli media va marketing, Dizayn, Robototexnika hamda Frilans.

Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad yoshlarga eng zarur dars va ko‘nikmalarni berish hamda ularni ish bilan band etib, pul ishlab topishga ham tayyorlashdirdeydi Hilola Umarova.Ishtirokchilarga 5 kun davomida 4 soatdan onlayn dars o‘tib, yana ish bilan ham band etamiz. Bir kunlik rejamiz quyidagicha: ertalab 2 soat dars, tushlikdan so‘ng frilanserlik bo‘yicha ochiq dars, ya’ni bunda qanday va qaysi saytlar orqali daromad topish yo‘llari o‘rgatiladi. So‘ngra yo‘nalishlar bo‘yicha yana 2 soat dars o‘tiladi. Kechki paytga esa maxsus mehmonlar taklif etilgan. Ular orasida IT sohasi bo‘yicha ilg‘or tadbirkorlar, investorlar, o‘z startaplari bilan katta yutuqlarga erishgan mahalliy va xorijiy spikerlar ham bor. Mehmonlarimiz o‘z ma’ruzalari va tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarni qiziqtirayotgan savollarga javob berishadi. Xullas, jarayonning qiziqarli kechishi aniq. Rag‘bat sifatida sovg‘alar ham tayyorlab qo‘yganmiz.

Ha, raqamli avlod loyihasi o‘z oldiga ulug‘ maqsadlarni qo‘ygan: yoshlarga bilim berish, yigit-qizlarni ilm olishga chorlash, ilg‘or IT texnologiyalarni jamiyatga tatbiq etishga ko‘maklashish, soha bo‘yicha to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, ta’lim berish, qolaversa, ish bilan ta’minlash, yo‘nalishni a’lo darajada o‘zlashtirganlardan guruh tuzib, ularning IT kompaniyalar rezidenti bo‘lishiga yordamlashish, qo‘llab-quvvatlash va, yana bir muhim jihati, ushbu sohada qizlar ulushini ham kuchaytirishdir.

Onlayn maktabning o‘z platformasi bor,deydi Hilola Umarova. — Unga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tgan o‘quvchilargina tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha dars olishlari mumkin. Shu bois biz onlayn oromgohga yoshlarning maqsadli kelishlarini, ya’ni bu yo‘nalishda ozgina bo‘lsa ham qiziqishi va bilimi borlarning ishtirok etishini xohlardik. Chunki biz ro‘yxatdan o‘tgan faol ishtirokchilarimizga «Raqamli avlod — 2020» raqamli sertifikatlarini topshiramiz. Lekin frilans bo‘yicha ochiq darslarimiz va kechki paytga taklif etilgan mehmonlar ma’ruzalarida barcha xohlovchilar ishtirok etishi mumkin.

Maktab rahbarining aytishicha, oldinda bu kabi loyihalarning bir nechtasi rejalashtirib qo‘yilgan. Tashkilotchilarga ushbu maqsadli qadamning bardavom bo‘lishini tilab, navbatdagi loyihalar xabarini intiqlik bilan kutib qolamiz.

Shohida ISROILOVA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring