Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Bir yoqadan chiqmayotgan boshlar

Bir yoqadan chiqmayotgan boshlar

Foto: «uznews.uz»

OTM saytlarida abituriyentlarga kerakli barcha ma’lumotlar ham yo‘qligi haqidagi postim ko‘pchilikka yoqmagani aniq. «Ishimiz ko‘p paytda endi saytimizni ham yangilashimiz kerakmi» degan e’tirozlardan ham bilsa bo‘ladi buni.

Shu abituriyentlar Sizlarning ertangi talabangiz, ularning hisobidan maosh olasiz, ular bir umrlik shogirdingizga aylanadi, 4 yil Sizning ta’limingizni olishadi. Demak, bundan Siz ko‘proq manfaatdorsiz, DTM yoki boshqalar emas.

Afsuski bizda davlat ta’limga shu darajada ko‘p aralashganki, aksariyat OTMlarga kim talaba bo‘lib kelishi uncha qiziqmas, kvota to‘lsa bo‘ldi. U joy kimlar bilan to‘ladi, aqllilar bilanmi yoki tavakkalchilar bilan, bu uncha o‘ylantirmaydi. Chunki har qanaqa darajadagi abituriyent o‘qishga kirsa ham, 4 yilda amallab bitirib ketadi (bu eng og‘riqli joyimiz).

Bizda seleksiya degan ishlar MUTLAQO yo‘q, chunki rektorda o‘zi istagan bilimli yoshni o‘z OTMiga qabul qilish vakolati yo‘q. Qishloqlarda qanchadan qancha bilimli yoshlarimiz bor, shularning iqtidorini aniqlab, ularni tezda o‘z talabasiga aylantirish orzusi bizda bo‘lmagan. Chunki tizim bunga yo‘l bermaydi.

G‘arbda chekka hududdagi maktablarda birorta iqtidorli o‘quvchi chiqib qolganini eshitishsa, darrov turli ta’lim muassasalari vakillari yetib keladi va o‘ziga olib ketishni istaydi. Mahalliy olimpiadalar yoki tanlovlarni sinchiklab kuzatib borishadi. Kadr uchun jiddiy kurash ketadi. Chunki bilimli bitiruvchi OTMning yuzi, uning obro‘si va reytingi demakdir.

Tovba, bizda esa abituriyentlar uchun saytlarni yangilab qo‘yaylik deyilsa, shundoq ham ishimiz ko‘p, ana DTM e’lon qilsin, deyishadi.

OTMlar to‘laqonli mustaqil bo‘lmaguncha, oliy ta’lim tizimi ma’muriy buyruqbozlikdan  bozor iqtisodiyotiga o‘tmaguncha katta siljish kutmaslik kerak.

Boshqa tomondan DTMga qaratilgan e’tirozlar ham o‘rinli. Imtiyozlilar haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilish qiyin ishmasku. Bazadagi bor ma’lumotni ekranga chiqarish texnik tomondan katta mashaqqat talab etmaydi axir.

Yoki barcha OTMlar uchun bitta vidjet yasab bersa ham bo‘ladi (API bersin demayman, mayli). Ob-havo saytlariga kirsangiz, istalgan shaharning ob-havosini o‘z saytingizga joylashtiradigan qilib vidjet yasab olishingiz mumkin. Yoki o‘z saytingizga Markaziy bank bazasidan valyutalar kursini ko‘rsatuvchi panel joylash juda oson ish.

Xuddi shunaqa qilib har bir OTM o‘ziga kerakli ma’lumotni saytiga yo‘naltiruvchi mexanizm yaratish shunchalar qiyinmi? 21-asrning 20-yiliga yaqinlashganimizda saytlarni qo‘lda yangilash sharmandali emasmi?

Agar DTM dasturchilarining vaqti bo‘lmasa, unda autsorsing orqali dasturchilarni yollashsin, taxminan 5 mln so‘mga yaratib berishadi. 50 nafar o‘tgan yili bitirgan abituriyentlarning to‘lovi ketsa ketar...

Xullas, hamma bir-biriga tashlaydi, bu uning ishi, bu buning ishi, deb bahona qilishadi. Bir qarasang, NAPU DTMni ayblaydi, DTM DXAning xatolari haqida gapiradi, DXA DTMni aybini qidiradi...

Hamma birikadigan, bir yoqadan bosh chiqarib ishlaydigan murakkab bir vaziyatda boshboshdoqlik bo‘lishi ko‘ngilni xira qilyapti...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring