Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bog‘cha tarbiyachilari pedagogika oliy o‘quv yurtlarida bepul qayta tayyorlanadi

Bog‘cha tarbiyachilari pedagogika oliy o‘quv yurtlarida bepul qayta tayyorlanadi

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.

Foto: «Tdpu.uz»

O‘zbekistondagi barcha pedagogika oliy o‘quv yurtlarida bog‘cha tarbiyachilarini bepul qayta tayyorlash kurslari faoliyat boshladi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligining «Feysbuk»dagi sahifasida xabar berildi.

2018-yilning 22-fevral kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida maktabgacha ta’lim muassasalarini yuqori malakali defektolog (logoped), amaliy psixologiya va maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi qayta tayyorlov kurslariga qabul qilingan ilk tinglovchilar uchun o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Mazkur qayta tayyorlov kursiga Toshkent shahar Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi tomonidan 816 nafar oliy ma’lumotli talabgorlar jalb etildi.

Shuningdek, xabarda qayd etilishicha, 22-fevraldan boshlab respublikaning barcha viloyatlardagi universitet va pedagogika institutlari bazasida bog‘chalarning pedagog va nomutaxassis kadrlari uchun bepul qayta tayyorlash kurslari minglab tinglovchilarni qabul qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 14-fevralida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarining saviyasi, bilimi va ko‘nikmalari masalasiga alohida e’tibor qaratgan edi. Tizimda faoliyat yuritayotgan qariyb 60 ming tarbiyachining atigi 21 foizi oliy ma’lumotli, 79 foizi esa o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekani qayd etilgandi.

«Bolalar tarbiyasi jarayoniga o‘z ishini puxta biladigan, malakali va har bir bolaga individual yondasha oladigan pedagog-kadrlarni jalb qilgan holda, ularni go‘dakligidan ongi va tafakkurini to‘g‘ri shakllantirib bormasak, kelajakda yuksak saviya, bilim va ma’naviyatga ega bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalash qiyin bo‘ladi», — degan edi davlat rahbari.

Bu boradagi o‘rganishlar natijasida kelgusi 3 yilda maktabgacha ta’lim tizimida 47 ming 300 dan ziyod oliy ma’lumotli pedagog kadrlar, jumladan, 28 ming 300 nafar tarbiyachi, defektolog, psixolog, musiqa rahbariga ehtiyoj paydo bo‘lishi aniqlangan. Shu bois, joriy yil mart oyidan boshlab, viloyatlardagi universitet va pedagogika institutlari bazasida bog‘chalarning pedagog va nomutaxassis kadrlari uchun yarim yillik o‘quv dasturlari asosida qayta tayyorlash kurslari tashkil etilishi belgilangandi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring