Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Har bir qaror ortida bolalar taqdiri turadi — «Imkon» haqida

Har bir qaror ortida bolalar taqdiri turadi — «Imkon» haqida

Bektursun Alimov tug‘ilgandanoq muammolar girdobida qoldi, u tug‘ma nogiron edi. Bolakay to‘rt yoshigacha to‘shakka mixlanib qoldi, kun bo‘yi unga onasi qarardi. Kunlar, oylar, yillar shu tahlit o‘tdi. Toki «Imkon» ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim dargohi ishga tushmagunga qadar.

Biz ko‘pincha qayerdadir yangi muassasa ochilgani haqidagi xabarlarni shunchaki o‘tkazib yuboramiz. Bu dargoh qanchadan-qancha oilalarning dardiga darmon bo‘lishini o‘ylab ham ko‘rmaymiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 avgustdagi qaroriga muvofiq Orolbo‘yi mintaqasi bolalari uchun tashkil etilgan «Imkon» reabilitatsiya markazi mana shunday muassasalardan biridir.

120 o‘rinli tashkilot Orolbo‘yi bolalarining hayot tarzini yaxshilash, sog‘ligida nuqsoni bor o‘g‘il-qizlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordam turlarini kengaytirish, ularni ijtimoiy hayotga faol moslashtirishga ko‘maklashadi.

Hozirgi kunda maktabgacha ta’lim tashkilotida tayanch-harakat tizimi, psixik va nutqiy rivojlanishi va eshitishida nuqsoni bor 120 nafar bola ta’lim-tarbiya olib sog‘lomlashtirilmoqda. Shuningdek, reabilitatsiya markaziga 2 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar qatnab davolanadiyu 537 nafar bola tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya yullanmasi bilan ro‘yxatdan o‘tgan va shu kungacha jami 846 bola reabilitatsiya kurslarini oldi.

O‘tgan davr ichida jami 47 bola sog‘ayib, oddiy davlat bog‘chalariga va maktablarga o‘tkazildi hamda 32 qatnab davolanuvchi bolalarda ijobiy o‘zgarishlar qayd etilgan.

Reabilitatsiya markazida audio sinf, sezish muolaja xonasi, fizioterapiya, massaj, jismoniy mashqlar, musiqa va ertak bilan davolash, ijtimoiy moslashuv xonalari, basseyn mavjud. Nevropatolog, psixonevrolog, ortoped, pediatr, okulist, defektolog, psixolog kabi tor mutaxasislar bolalardagi nuqsonlarni aniqlab, ularga zarur tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

Janubiy Koreyadan keltirilgan zamonaviy oshxona uskunalari ekologik toza idishlar bilan ta’minlangan bo‘lib, bolalar sog‘lom ovqatlanish me’yorlariga qat’iy amal qilingan holda va maxsus menyu asosida kuniga 5 mahal ovqatlantiriladi.

Biz ko‘pincha biror film ko‘rar ekanmiz, u «Happy and» ya’ni, yaxshilik bilan tugashini juda istaymiz. «Imkon»dagi bolalarning hayoti ham xuddi o‘sha kinolardagi qahramonlarnikidek, qiyinchilik ustiga qurilgan. Oddiygina qo‘l uzatish yoki qadam bosish ham ba’zan ular uchun mashaqatdan iborat.

Ularning hayoti baxt ustiga qurilishi uchun «Imkon» imkon qadar harakat qilmoqda. Umr yo‘ling baxtga to‘lsin, bolajon!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring