Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kadr va qadr. Yoki vazirlik «parol»ni tushunmabdimi?

Kadr va qadr. Yoki vazirlik «parol»ni tushunmabdimi?

Bugun qaysi jabhani qaramang — asosiy muammo bitta: malakali kadr tanqis. Ayniqsa, ta’lim sohasida! Chunki, o‘qituvchi-pedagoglar mavqe kattaroq kompaniya qorovulidan ham past bo‘lgach, sohada malakali kadr qolarmidi?!

Shukrki, bugun vaziyat o‘zgacha. Ta’lim «yo hayot, yo mamot» ekani, nihoyat, anglab yetildi. Va shunga monand harakatlar boshlandi. Shunga qaramay, aynan ta’lim tizimida kadrlarni joy-joyiga qo‘yishda g‘alati-g‘alati «o‘yin»lar ko‘zga tashlanmoqdaki, shularning bittasi haqida so‘z yuritamiz. Unutmaylik: birniki — mingga, mingniki — tumanga, degan hikmat bejiz aytilmagan.

Yangiariqlik Gulruh Ibragimova — pedogog-psixolog. O‘z mutaxassisligi bo‘yicha 11 yillik malakaga ega. Umumta’lim maktablarida psixolog, direktor o‘rinbosari vazifalarida ishlab,  orttirgan tajribalari bois 2019-yilning oktyabrida Yangiariq tuman xalq ta’limi bo‘limiga metodist-defektolog lavozimiga ishga qabul qilinadi.

Ma’lumki, defektolog — nutqida nuqsoni mavjud bolalar bilan ishlovchi mutaxassis sanaladi. Metodist-defektolog esa ana shu xodimlar yo‘riqchisi bo‘lib, ularning faoliyatida psixologiya suv bilan havoday zarur.

Gulruh Ibragimova shu lavozimda chakki ishlamadi. Unga bo‘ysunib ishlovchilar ham haqiqiy mutaxassis – psixologlar edi-da. Qars ikki qo‘ldan,  axir?!.

Biroq ularning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Xalq ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i bilan tuman xalq ta’limi bo‘limidagi ayrim sho‘’balar tugatildi, ayrimlari esa boshqa nom ostida qayta tashkil qilindi. «Tizimga kelgan to‘y»dan Gulruh ham «benasiba» qolmadi: unga 2019-yilning 28-oktyabrida 28-dekabrga qadar o‘ziga boshqa ish topishi haqida «Ogohlantirish xati» berildi.

Bu xat aslida unga tutqazilgan patta ekanini Gulruh kech angladi.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, vazirlikdan G.Ibragimova rahbarlik qilayotgan sho‘’ba aslicha qolgani va faqat proforiyentator lavozimi qisqarishga tushib, defektolog-metodist lavozimining nomi psixolog-metodist sifatida o‘zgarganligi haqida mujda keldi. Bundan Gulruhning ko‘ngli taskin topganday bo‘ldi. Har holda qisqartirishga tushmaydi, issiq joyi sovumaydi... Bugungi kunda yosh ona uchun ishsiz qolish hazilakam muammomi?!

— Tuman xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Davron Boltayev bizning bo‘limdagilarga o‘z vazifamizga qayta tayinlanishimiz uchun nomzodlar ro‘yxati Xalq ta’limi vazirligiga yuborilganini aytib qoldi, — deydi G.Ibragimova. — Oradan ko‘p vaqt o‘tmay psixolog-metodist lavozimiga Akmal Yuldashev, metodist lavozimiga esa Iqbol Sa’dullayeva tasdiqlanganini eshitdim.

Xo‘sh, nima bo‘pti, dersiz?

Gap shundaki, psixolog-metodist lavozimiga loyiq ko‘rilgan Akmal Yuldashev asli mutaxassisligi kimyo-texnologiya muhandisi bo‘lib, 4 oylik o‘quv kursida o‘qib, psixolog sertifikatini olgan ekan. Sertifikat haqiqiy mutaxassislik diplomi o‘rnini hech qachon bosolmasligi kunday ravshan. Kulgili jihati shundaki, vazirlik tomonidan taqdim qilingan hujjatga ko‘ra, haqiqiy mutaxassis Iqbol Sa’dullayeva nomutaxassis kadrga bo‘ysunuvchi qilib tasdiqlangan. Vaholanki, vazirlikning 2019 yilning 1 noyabrdagi 06-06/1-3117 sonli xatida ushbu lavozimga 5 yildan kam bo‘lmagan ish stajiga ega sof pedogog psixologlar nomzodini berish so‘ralgan.

Biz bilan suhbatda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Davron Boltayev nomzodlar ro‘yxatida Gulruh Ibragimovaning ham ism-familiyasi bo‘lganligi, biroq nima uchun Akmal Yuldashevning bo‘lim boshlig‘i qilib tasdiqlanganligiga izoh berolmasligini ta’kidladi. Biroq gapini tasdiqlovchi hujjat ham taqdim eta olmadi.

Bundanam qizig‘i — mudirning keyingi aytgan gaplari bo‘ldi. Bir quloq tuting-a: «Men Gulruhning ism-familiyasini ro‘yxatga kiritib, albatta shu nomzodni tasdiqlanglar, degan ma’noda uning bir chekkasiga nuqta qo‘yib jo‘natganman. Vazirlikdagilar nega bunga ahamiyat berilmaganidan bexabarman...».

Kim bilsin, rostanam o‘sha «nuqta» – «parol»ni vazirlik mas’ullari tushunib yetmagan yoki boshqa familiya yoniga yana boshqa birov «nuqta» emas, «undov» qo‘yib yuborgani uchun Gulruhning omadi chopmadimikan?

Nima bo‘lgandayam mudirning gapi juda kulgili va... achinarli ham!

Kadrlar joy-joyiga qo‘yishda uning salohiyatiga emas, hujjatlar chetiga qo‘yiladigan «belgilar»ga  qaralar ekan, hali beri tizimda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi mahol...

Xullas, Yangiariq tuman xalq ta’limi bo‘limida nomutaxassis psixolog-metodistlikka loyiq ko‘rildi. Malakali mutaxassis Iqbol Sa’dullayeva esa oddiy uslubchiga aylandi, o‘n besh yillik tajribaga ega Gulruh ishsiz qoldi. Ustiga-ustak uning voyaga yetmagan 4 nafar farzandi bor. Mavjud mehnatga oid qonunlarga ko‘ra, 3 yoshgacha farzandi bor onalar maxsus imtiyozlardan foydalanishi kerak. Bu imtiyozlar orasida ishdan o‘rinsiz bo‘shatilishi ham borligini eslatish ortiqchalik qilmaydi...

...Xalq ta’limi vazirligiga salomlar bo‘lsin!

Erpo‘lat BAXT, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring