Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Ko‘pkari» yoxud «uloqdagi» maktab

«Ko‘pkari» yoxud «uloqdagi» maktab

Ikki yil ilgari Pastdarg‘om tumanidagi 3-umumtalim maktabiga ishga kirish maqsadida bordim, — deb yozadi Past darg‘omlik Talant PRIMOV marifat.uz saytida. — Ona qishlog‘imdagi bu maktab uyimdan uchta uy narida joylashgan.

Shunga qaramay, direktor bilan uchrashish mushkul edi. «Yangi direktor — Hafiza malimga uchrashing», deyishsa-da, sudma-sud yurgani bois uni topolmadim. Keyinroq borsam, direktor «Jamshid malim»ga o‘zgargan ekan. Undan kelasi oyda dars berish mumkinligini bilib izimga qaytdim. Aytilgan vaqtda esa «diriktirimiz Ahmad malim bo‘ldilar», degan gapni eshitib, kapalagim uchib ketdi. U bilan mahalladagi saylov jarayonida ko‘rishib qoldim. Ahmad aka ish berishga rozi bo‘ldi, faqat kelasi o‘quv yili boshida...

Oradan vaqt o‘tib, maktabga bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, Shodiyor aka direktor etib tayinlanibdi. Ta’lim tizimida kundan kunga o‘zgarishlar va yangi islohotlar amalga oshirilayotgan davrda bir qishloq maktabida rahbar almashtirishdan boshqa muammo yo‘qmikan, deya o‘ylab qoldim. Atrofdagilarning fikriga quloq tutdim: bunday nomutanosiblik va befarqlikning sababi nomunosib mutaxassislar mansabga o‘tirishi bilan ishni o‘z manfaatini ko‘zlashdan boshlashi, «chapaqay yozuvchi»larning esa tinmay shikoyat yozishida ekan. Shu bir-ikki yil ichida rahbarlar adolat bilan ishlash o‘rniga kimnidir ishga olish, yana birovga dars berish-bermaslikdan boshqa vazifa bilan shug‘ullanmaydi. Oqibatda ta’lim muassasasi hovlidagi gullar-u o‘quvchi formasi, teraklarning nega kesilayotgani, qishda ko‘mir qayerga tashib ketilayotgani, «Alifbe»ni tugatgan bolalarning ota-onalari pul yig‘ib, o‘qituvchiga qimmatbaho sovg‘a-salomlar ulashishi kabi mish-mishlar muhokama qilinadigan maydonga aylanib qolgan, afsus. Bunday muhit o‘quvchining bilim olishi, psixo-fiziologik rivojlanishiga ta’sir yetmay qolmaydi. Masalan, maktabga ilk bor qabul qilingan bolakay endigina birinchi ustoziga o‘rganganida, ya’ni 2-sinfga ko‘chganda boshqa o‘qituvchi dars berayotganidan noxush kayfiyatga tushadi. Fan o‘qituvchilari orasida esa bir xil ma’nodagi savollar odatga aylangan: «Direktorimiz endi kim bo‘ladi? Nega xonamiz sovuq? U muallim ishdan ketibdi, endi darsni kim o‘tadi? Bugun ham darsdan qochamizmi?».

— Shodiyor aka, men shu maktabda a’lo baholarga o‘qib, ta’lim-tarbiya oldim, — dedim yangi o‘quv yili boshlangan kuni direktor xonasiga kirib. — Bugun universitetdan yo‘llanma va ariza bilan mutaxassisligim bo‘yicha 10 soat dars berishingizni so‘rab keldim. Bundan tashqari, shaxmat, adabiyot, stol tennisi to‘garaklari faoliyatini yurita olaman. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar uchun pul talab qilmayman, aksincha, bolalarni tanlovlarga tayyorlab ko‘pchilikka tanitmoqchiman. Yaqinimda o‘zim o‘qigan maktab turib, boshqa muassasadan ish qidirib yurmasligim uchun yordam bersangiz.

U iltimosimni rad etmadi. 8 avgust sanasi bilan ishga qabul qilinganim haqida buyruq tayyorlab, 4 sentyabrda shartnoma tuzilishini aytdi. O‘sha kuni maktab, dars, darsxona — muqaddas dargoh tomon hayajon bilan yo‘l oldim. O‘quvchilarga qanday bilim berish, yangilikka qo‘l urish haqida rejalar tuzdim. Muassasa hovlisida rang-barang sharlar osilib, mehmonlar ishtirokida tadbir o‘tkazilayotgandi. Tuman hokimligidan vakillar kelgan. Tadbir tugagach, bayroqni o‘qituvchilar xonasiga kiritib qo‘yish-qo‘ymaslik haqidagi mojarolar boshlandi. Aslida, bu bayroq men o‘qigan maktabning peshtoqiga osig‘liq turadigan bayroq!

Direktor xonasi oldida o‘qituvchilar turnaqator bo‘lib navbatda turibdi. Bir chetda iste’fodagi direktorimizning ham navbat kutayotgani menga erish tuyuldi. Meni ishga olgan direktor bo‘shabdi. O‘rniga boshqasi kelibdi. U menga: «Darslar taqsimlab bo‘lingan, shartnomangiz yo‘q. Iloji ham yo‘q, hujjatlarni kimga bergan bo‘lsangiz, o‘shanga boring», dedi. Indamay chiqdim. Haqiqiy mojaro o‘qituvchilar xonasida bo‘layotgan ekan. Go‘yo bu yerda ko‘pkari ketayotgan edi. Nimaga asoslanib dars bo‘linayotganini so‘rash befoyda, tayinli javob yo‘q. Kim olg‘ir bo‘lsa, marra o‘shaniki. Bu holatdan g‘azablangancha, bo‘g‘ilib chiqdim.

Nahotki, katta ilm dargohidagi ahvol ko‘pkari maydonidagi tortishuvdan ham battar bo‘lsa?! Mas’ul mutasaddilar e’tiboridan chetda qolib, tuman xalq ta’limi bo‘limi va yangi-yangi rahbarlar orasida xarob bo‘layotgan o‘quv maskaniyu, bilim olishga sarflanishi lozim bo‘lgan bebaho fursatni boy berayotgan o‘quvchilar tashvishga soladi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring