Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

Ko‘zoynak «lupa»sida KAAATTA bo‘lib ko‘rinayotgan 400 ming so‘m...

Ko‘zoynak «lupa»sida KAAATTA bo‘lib ko‘rinayotgan 400 ming so‘m...

Kollaj: Muhiddin Soliyev /«Xabar.uz»

Kurrai zamin charxpalagi bizning ruxsatimizsiz ham aylanaveradi. Bu bizning xohish-irodamizga bog‘liq emas. Ammo bog‘liq bo‘lganlariga ham beparvo qarayotgandekmiz. Oliy ta’lim tizimidagi ba’zi so‘nggi yangiliklar esa bizni rosa «xursand» qilmoqda.

Aholi faqat shaharlarda yashamasligini hisobga olsak, talabalarning yarmidan ko‘pi qishloq hududlaridan shaharlarga o‘qish maqsadida keladi. Universitetlar esa talabalarning hatto yarmini ham yotoqxona bilan ta’minlay olmaydi (o‘sha «peshonasi yaltiragan»lar ham yotoqxona uchun to‘lov qilishadi). Turarjoylarning narxi oshdi, kontraktlar oshdi, stipendiyalar oshdi(?!), bir so‘z bilan aytganda, hamma narsa oshdi. Kamiga poytaxt hududida ijaraga uy topish ham muammo. Yashasa bo‘ladigan kvartiralarning narxi eng kamida 200$ dan 350$ gacha. Shunaqa — Toshkentda ijara haqini dollarda hisoblashadi. Buyoqda dollarning oshgani-oshgan.

Kresloda o‘tirib, ko‘zoynakni qo‘ndirib, qilayotgan ishi faqat yaxshilikka ekani haqida turli ertaklar to‘qish mazza. Boy kambag‘alni, baxtli baxtsizni tushunmaydi deyishadi. Rostan ham, bunday qaror chiqarayotganlarning pulga muhtoj emasligi aniq. Shunday ekan, qayerdan ham bilsin oddiy talabaning holini.

Nahotki o‘sha ko‘zoynakning «lupa»sida KAAATTA bo‘lib ko‘rinayotgan 400 ming so‘m talabaning eng zaruriy ehtiyojlari yarimini ham qoplay olmasligini tushunib yetishmasa?! Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oshadi-yu, stipendiyalar…

Shu paytgacha shu pul bilan yashagan qancha talaba bor deyishadi. Ha, ular «3»ga yopaverishgan. Diplom qo‘lga kelsa, bo‘ldi-da. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 634 880 so‘m-u, stipendiya 400 000 so‘m. «Mantiq» ana shu yerdami deyman, axir talaba mehnat qilmayapti, o‘qiyapti.

Mayli, talabaning qo‘lidan nima ham kelardi. Endi «3»lik stipendiya olish uchun, «3» olmaslik uchun tirishadi. Harna 400 000 so‘m. Diplom olish uchun 4 yil chidaydi-da! Aksari majbur — kelajakda yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun emas, shunchaki yashash uchun kurashadi. Qorin och qolganida ishlaydi… Ishlaydimi yo o‘qiydi? Kerak bo‘lsa, hammasini bajaradi. Yaxshi kadr bo‘lish uchun o‘qish kerak. O‘qish uchun esa yeyish kerak. Yeyish uchun... Ha mayli, yemay, ichmay o‘qiydi-da, nachora.


Mavzuga oid: Stipendiyaning tushirilishi: adolatli qarormi yoki «shum kashfiyot»?


Bo‘lajak kadrlarni, ularning o‘qishiga har tomonlama qulaylik yaratish o‘rniga, narxlarni oshirib, stipendiyani tushirib kutib olmoqdamiz. O‘tgan semestrni «4» yoki «5»ga yopgan, avgustdagi oyliklarning oshirilishidan quvonib, turli rejalar bilan yangi mavsumni boshlagan talabalar, endi zarurati uchun qo‘shimcha pul kerakligini tushunib, asta-sekin ish izlashga kirishmoqda (koshki edi, propiskasiz talabaga ish o‘lgur osongina topilsa). «Ko‘p gap — ...» (o‘sha maqol). Bir deputatimiz aytganidek, sho‘ring qursin, talaba!

Izohlar 3

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring