Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi dunyoning mashhur universiteti talabasi bo‘ldi

Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi dunyoning mashhur universiteti talabasi bo‘ldi

Foto: «Abiturients.info»

Toshkent shahridagi INHA universiteti mamlakatimizdagi qator Mehribonlik uylari bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, 2020-2021-o‘quv yili davomida ularda tarbiyalanayotgan bolalar uchun matematika, fizika, dasturlash va ingliz tili fanlaridan bepul kurslarni taqdim etdi. Interfaol va zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida amalga oshirilgan onlayn o‘quv mashg‘ulotlari yoshlarda nafaqat chuqur bilim olish balki ularda o‘zlarining aniq sohalarga bo‘lgan qiziqishlarini aniqlashlariga imkon berdi.

Mana shunday kurslarda tahsil olgan Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi va 11-sinf o‘quvchisi Robert Albertovich Nasirovning qalbida kompyuter texnologiyalariga bo‘lgan qiziqish paydo bo‘lib, u dasturiy injiniring mutaxassisligi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lishga qaror qildi. U Toshkent shahridagi INHA universiteti talabalari tomonidan taqdim etilgan kurslarni katta qiziqish bilan o‘rganib, o‘z ustida qattiq ishladi. Universitet talabalari va yuksak maqsadga ishonch bilan intilgan Robertning birgalikdagi sa’y-harakatlari ro‘yobga chiqib, u dunyoning eng nufuzli 100 ta oliygohlari ro‘yxatiga kiradigan Xitoy davlatining Changsha university of science and technology oliygohi talabasiga aylandi.

Toshkent shahridagi INHA universitetining Mehribonlik uylari bilan hamkorligining yorqin mevasi sifatida baholangan Robertning yutug‘i muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan shu yilning 28 iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda alohida qayd etilib, universitet tajribasi mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida keng qo‘llanilishi zarurligi ta’kidlandi.

Toshkent shahridagi INHA universiteti rahbariyati va jamoasi boshlangan ishlarni davom ettirishga tayyor holda, bo‘lajak yetuk mutaxassis Robertni erishgan ulkan yutug‘i bilan samimiy tabriklaydi va uning dunyodagi nufuzli universitetlardan biri bo‘lgan oliygohni muvaffaqiyatli tugatishiga ishonch bildiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring