Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiya — O‘zbekiston: ta’lim hujjatlari va ilmiy darajalar o‘zaro tan olinadi

Rossiya — O‘zbekiston: ta’lim hujjatlari va ilmiy darajalar o‘zaro tan olinadi

Foto: «Xabar.uz»

Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda Rossiya Federatsiyasida 25 000 nafarga yaqin o‘zbek yoshlari ta’lim olmoqdalar va har yili ularning soni o‘rtacha 7500 nafarga oshib boryapti. Ikki davlat yoshlarining mobilligini rivojlantirish, ularga ta’lim olishlari uchun munosib sharoit yaratish, ta’lim hujjatlarini o‘zaro tan olish tizimini yanada soddalashtirish bo‘yicha  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i U.Tashkenbayev boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Fan va ta’lim sohasini nazorat qilish federal xizmati bilan muzokaralar olib bordi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining matbuot xizmati xabar berdi.

Delegatsiya Fan va ta’lim sohasini nazorat qilish federal xizmati huzuridagi Milliy akkreditatsiya agentligi faoliyati bilan yaqindan tanishdi va agentlik tomonidan tashkil etilgan akkreditatsiya ekspertlarining yil yakuniga bag‘ishlangan seminarda ishtirok etdi. Muzokaralar chog‘ida ta’lim muassasalarini akkreditatsiyasi bo‘yicha tajriba almashilib, akkreditatsiya jarayoniga ekspertlarni tanlab olish va jalb etishda Rossiya tajribasidan foydalanish, ikki mamlakat o‘rtasida ekspertlarni o‘zaro almashish orqali akkreditatsiya jarayonlarini birgalikda o‘tkazish hamda qo‘shma akkreditatsiyalangan oliy ta’lim muassasalari filiallari va qo‘shma dasturlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olish amaliyotini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Shuningdek, Davlat inspeksiyasi delegatsiyasi Fan va ta’lim sohasini nazorat qilish federal xizmati va Rossiya Fedaratsiyasi Fan va ta’lim vazirligining mutaxassislari bilan birgalikda «Rossiya Federatsiyasi hukumati hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida ta’lim hujjatlarini, malakaviy va ilmiy darajalarni o‘zaro tan olish bo‘yicha hukumatlararo Bitim» loyihasini ishlab chiqdi. Ishchi guruh uchrashuvi bo‘yicha tegishli bayonnoma rasmiylashtirdi va tayyorlangan Bitim loyihasini diplomatik kanallar orqali har ikkala tomon Hukumatlariga kiritish belgilab olindi.

Shuni ta’kidlash joizki, ushbu xujjatning imzolanishi ikki davlat o‘rtasida ta’lim xujjatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinishi, yoshlarlarni bilim olishlaridagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish (Rossiyada xujjatlarni nostrifikatsiya qilish 45 kungacha vaqtni oladi) va ularning har yili taxminan 800 000 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larini tejashni ta’minlaydi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Fan va ta’lim sohasini nazorat qilish federal xizmati huzuridagi Bosh ekspertiza markaziga tashrif buyurdi va uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Davlat inspeksiyasi va Bosh ekspertiza markazi o‘rtasida muzokaralar olib borildi va o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekiston va Rossiya davlatlari o‘rtasida nostrifikatsiya jarayonlarida mavjud elektron ma’lumotlar bazalardan foydalanish, mutaxassislar malakasini oshirish, seminarlar o‘tkazish va ta’lim xujjatlarini tan olish muddatini 20 foizga qisqartish imkonini beradi.

Shuningdek, U.Tashkenbayev boshchiligidagi delegatsiya vakillari Jahon bankining Moskva ofisida Vashington, Toshkent va Moskva o‘rtasida o‘tkazilgan videomuloqotda ishtirok etdi. Yig‘ilishda O‘zbekistonning 2021-yilda PISA xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Rossiya tajribasidan unumli foydalanish va bu jarayonga rossiyalik ekspertlarni jalb etish masalalari muhokama qilindi. Jahon bankining mutaxassislari ushbu dasturda ishtirok etishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar. 2019-yil fevral oyida O‘zbekistondan 30 ta malakali pedagoglarni Moskva shahrida malaka oshirishlari bo‘yicha amaliy kelishuvga erishildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring