Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

TATU o‘zining shaxsiy mobil aloqa operatoriga ega bo‘ldi (foto)

TATU o‘zining shaxsiy mobil aloqa operatoriga ega bo‘ldi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 14-iyun kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida «Beeline» kompaniyasi homiyligida tashkil etilgan zamonaviy mobil aloqa texnologiyalari o‘quv laboratoriyasining taqdimot marosimi bo‘ldi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «Beeline» kompaniyasi rahbariyati, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

«Beeline»ning Toshkent hududiy filiali mutaxassislari TATU talabalari bilan birgalikda sinovli aloqani amalga oshirdilar va tayanch stansiyalarini ishga tushirdilar.

TATU talabalari endi «Beeline»dan «TUIT Mobile»ning yangi texnologik laboratoriyasida uyali aloqa operatorlari uskunalari bilan ishlashni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.  3G va 4G tarmoqlarida maxsus o‘rnatiladigan tayanch stansiyalar yordamida talabalar TATUning asosiy binosi hududida real vaqt tartibida mobil aloqa xizmatlarini mustaqil ravishda ta’minlay olishadi.

Ushbu korporativ laboratoriyaning tashkil qilinishi nafaqat universitet uchun, balki mutaxassislar uchun «ochiq maydon» sharoitini yaratib beradigan misli ko‘rilmagan natijadir. Universitetning nazariy asoslari ilg‘or ishlab chiqarish amaliyotidan orqada degan fikrlar bor, biroq «TUIT Mobile» talabalarga bugungi kunda eng yetakchi mobil aloqa operatorlari ishlatadigan asbob-uskunalar bilan ishlash imkonini beradi. Ya’ni, ertaga uyali aloqa kompaniyasi xodimiga aylangan universitet bitiruvchilari qo‘shimcha malaka oshirish kurslarisiz o‘zlariga tanish bo‘lgan dasturiy komplekslar bilan ishlay oladilar.

— TATU va «Beeline» kompaniyasi ko‘p yillar davomida hamkorlik qilib keladi, — deydi universitet rektori To‘lqin Teshaboyev. — Mana o‘tgan yili kompaniya tomonidan yangi talabalar turar joyi sovg‘a kilingan edi. «Uchinchi avlod» dasturida ham faol hamkorligimiz davom etmoqda. Albatta, biz uchun bu nafaqat yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashda qo‘shimcha resurslar olish imkoniyati, balki iqtisodiyotning istiqbolli sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan innovatsion, zamonaviy universitetga aylanish yo‘lidagi vektordir. «Unitel» MChJ texnik yo‘nalishdagi mutaxassislarining 30 foizga yaqini TATU bitiruvchilari ekani universitet nafaqat ta’lim poydevori, balki eng yirik uyali aloqa operatorining mutaxassis kadrlar o‘chog‘i tarkibiga kirishini ko‘rsatadi.

— Bugun biz «Beeline» tarmog‘ida ishlatiladigan uskunalarga asoslangan hududdagi birinchi mobil aloqa operatorining ishga tushirilganiga guvoh bo‘ldik, — deydi mazkur loyiha haqida «Beeline Uzbekistan» bosh direktori Dmitriy Shukov. — Boshqacha aytganda, bu o‘quv yoki testlash qurilmasi emas, balki to‘liq texnologik qurilma hisoblanadi. Biz, albatta, qurilmalarni o‘rnatish bilan cheklanmaymiz. Biz uchun bugungi kunda universitet bilan hamkorlikning yangi sahifasi ochilmoqda. Biz muntazam asosda III va IV bosqich talablarini bu qurilmalarda ishlashga o‘rgatish va keyin «Beeline» korxonasida ishga joylashtirishni rejalashtirganmiz. Ta’kidlash jozki, bunday hamkorlik birdaniga ikkita masalani hal etishga imkon beradi: bizga oliy o‘quv yurtidan keyin yosh mutaxassislarni qayta tayyorlash zarurati bo‘lmaydi, TATU esa o‘z bitiruvchilarini ta’lim tugashi bilan ishga joylashishlarini ta’minlaydi hamda mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshiradi.

TATU rahbariyatining so‘zlariga ko‘ra, laboratoriya telekommunikatsiyalar yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan barcha talabalar uchun amaliy o‘rganish joyi bo‘lib qoladi. «Beeline» korxonasi mutaxassislari bilan mashg‘ulotlar esa laboratoriya ishlari formatida bo‘lib o‘tadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring