Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Universitetlar reytingi. Yana bir agentlik bilan hamkorlik qilinadi

Universitetlar reytingi. Yana bir agentlik bilan hamkorlik qilinadi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida THE (Times Higher Education) xalqaro reyting agentligining Rossiya va MDH davlatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Yegor Yablokov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining kelgusida dunyo universitetlari reytingi ro‘yxatiga kirishiga ko‘maklashish masalasi muhokama qilindi.

THE (Times Higher Education) xalqaro reyting agentligi  2004 yildan beri dunyo universitetlari reytingi bilan shug‘ullanib keladi, uning asosiy hamkorlari — Thomson Reuters yetakchi xalqaro axborot agentligi va Elsevier yirik ilmiy nashriyot kompaniyasi hisoblanadi. Ya’ni THE agentligi asosan Thomson Reuters ma’lumotlariga tayangan holda dunyoning 400 ta eng ilg‘or universitetlari reytingini tuzadi va har yili sentyabr-oktyabr oylarida reytingni yangilab turadi.

THE (Times Higher Education) xalqaro reyting agentligi metodologiyasining o‘ziga xosligi shundaki, tanlangan indikatorlar tekshirish uchun juda qulay va oson bo‘lib, mavhum holatlar uchramaydi. Bu bo‘yicha quyidagi 13 ta indikatorlardan foydalaniladi:

  • Xorijiy talabalar ulushi — 2,5 foiz;
  • Xorijiy professor-o‘qituvchilar ulushi — 2,5 foiz;
  • Web of science bazasida xorijlik hammualliflar bilan chiqarilgan maqolalar — 2,5 foiz;
  • Ilmiy tadqiqotlar saviyasi bo‘yicha o‘tkaziladigan so‘rov natijasi — 18 foiz;
  • Ilmiy faoliyatdan olingan daromad — 6 foiz;
  • Bitta professor-o‘qituvchiga Web of science bazasida to‘g‘ri keladigan maqolalar soni — 6 foiz;
  • Iqtiboslar darajasi — 30 foiz;
  • Iqtisodiyotning real sektoridan olingan daromadlar — 2,5 foiz;
  • Ta’lim sifati bo‘yicha o‘tkaziladigan so‘rov natijasi — 15 foiz;
  • Professor-o‘qituvchilar va talabalar nisbati — 4,5 foiz;
  • Ilmiy darajali professor-o‘qituvchilarning ilmiy darajasi yo‘q o‘qituvchilarga nisbati — 2,25 foiz;
  • Hisob yilida ilmiy daraja olganlar soni — 6 foiz;
  • Yil yakunida universitetning jami daromadlari — 2,25 foiz.

Uchrashuvda Davlat inspeksiyasi THE (Times Higher Education) xalqaro reyting agentligi bilan kelgusida amalga oshiriladigan hamkorlik yo‘nalishlarini kelishib oldi. Xususan, O‘zbekiston milliy reyting tizimi metodologiyasini THE bilan hamkorlikda takomillashtirish, THE agentligi tomonidan har yili o‘tkaziladigan sammit a’zoligiga Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini qo‘shish, milliy oliy ta’lim muassasalarini THE metodologiyasi asosida tayyorlash bo‘yicha konsalting xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik olib boriladigan bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring