Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalq ta’limi vazirligi Chiroqchidagi abgor maktab yuzasidan bayonot berdi

Xalq ta’limi vazirligi Chiroqchidagi abgor maktab yuzasidan bayonot berdi

Foto: «Ishonch.uz»

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi «Feysbuk»dagi rasmiy sahifasida Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi holat haqida bayonot berdi.


Mavzuga doir: «To‘rt sinfni jamlagan bir xonali maktab»


«Ommaviy axbort vositalarida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 146-sonli umumta’lim maktabining filialidagi mavjud sharoitlar tanqid ostiga olinib, ko‘plab muhokamalarni keltirib chiqarmoqda. Mazkur masala Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘rganib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorining 20-bandida «olis (tog‘li, cho‘lli) aholi punktlarida yashovchi maktab yoshidagi bolalarning umumiy o‘rta ta’lim olishlarini tashkil etish maqsadida tegishli tuman (shahar) hokimliklarining qarori asosida umumta’lim muassasalarining filiallari tashkil etiladi», — deb belgilangan. Bunda «umumta’lim muassasalarining filiallarida o‘quvchilar soni 100 nafargacha bo‘ladi» deb ko‘rsatilgan.


Mavzuga doir: «Chiroqchidagi xaroba maktab o‘quvchilari boshqa joyga ko‘chirildi»


Chiroqchi tumanidagi 146-maktabning filialida jami 18 nafar o‘quvchi, shundan 8 nafar 1-sinf, 3 nafar 2-sinf, 4 nafar 3-sinf va 3 nafar 4-sinf o‘quvchilari ta’lim oladi. Ularga 3 nafar o‘qituvchi, jumladan, 2 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari Bobomurodov Zoyir va Jumanazarov To‘chi dars beradi. Boymurodov Orziqul haftada ikki martaba asosiy maktabdan kelib ingliz tilidan saboq beradi.

Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qaroriga binoan kam komplektli umumta’lim muassasalarida (filiallarda) boshlang‘ich sinf o‘quvchilari quyidagi hollarda bitta sinfga birlashtirilishi mumkin:

o‘quvchilar soni 8 nafargacha bo‘lgan I — IV sinflar;
o‘quvchilar soni 12 nafargacha bo‘lgan uchta boshlang‘ich sinf;
o‘quvchilar soni 24 nafargacha bo‘lgan ikkita boshlang‘ich sinf (I va III, II va IV sinflar).

Qishloqdagi 16 nafar yuqori sinf o‘quvchilari 5-8-sinflarda asosiy maktabda tengdoshlari bilan birga ta’lim olib kelmoqda. 146 maktabning asosiy binosi va filiali o‘rtasidagi masofa 4 kmni tashkil etadi va shu sabab ota-onalar boshlang‘ich sinf farzandlarini asosiy binoga yubormaydi.

Foto: «Feysbuk» / Xalq ta’limi/Narodnoye obrazovaniye

Bugundan boshlab tuman xalq ta’limi bo‘limi va maktab ma’muriyati tomonidan 18 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun transport vositasi tashkil etilib, ular o‘qishni 146-maktabning asosiy binosida davom ettirishmoqda. Hozirda yangi o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarni asosiy maktab binosiga olib-borib kelish uchun transport vositasini uzluksiz yo‘lga qo‘yish masalasi mahalliy hokimlik va hududiy xalq ta’limi boshqaruv idorasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring