Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalq ta’limi vazirligi: farzand tarbiyasiga yetarli darajada e’tibor bermagan ota-onalar jarimaga tortildi

Xalq ta’limi vazirligi: farzand tarbiyasiga yetarli darajada e’tibor bermagan ota-onalar jarimaga tortildi

Foto:«Xabar.uz»

Internet tarmog‘ida Yunusobod tumanidagi 17-umumta’lim maktabda sodir bo‘lgan janjal tasviri tarqalgan edi. 

Xalq ta’limi vazirligining Huquqiy-nazorat xizmati tomonidan ushbu maktabning 9-sinf o‘quvchisi L.M va 10-sinf o‘quvchisi S.A o‘rtasida yuz bergan nizoli holat o‘rganib chiqilgan.

Aniqlanishicha, joriy yilning 13 aprelida L.M va S.A o‘rtasidagi janjalni shu maktabning 9-sinf o‘quvchisi Sh.Sh uyali telefoni orqali tasvirga olgan hamda videotasmani telegramm ijtimoiy tarmog‘idagi «Do‘stlar» guruhiga, shuningdek, «Gonzo» akkauntiga instagramga tashlagan.

«Mazkur holat 26 aprel kuni Mirzo Ulug‘bek tumani IIB Voyaga yetmagan ishlar bo‘yicha idoralararo komissiya tomonidan ko‘rib chiqilgan. L.M.ning ota-onasi farzand tarbiyasiga yetarli darajada e’tibor bermagani uchun MJtKning 47-moddasi 1-qismiga asosan eng kam oylik ish haqining bir baravariga, ya’ni 202 730 so‘m jarimaga tortilgan.

XTVning Huquqiy-nazorat xizmati tekshiruvi natijasida maktab direktori tomonidan janjalning boshqa ishtirokchilarini hisobotdan yashirgani, tuman va shahar XTB hamda IIBga xabar berilmagani aniqlandi. Xizmatning bevosita aralashuvidan so‘ng ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 2019 yilning 1 may kuni Shayxontohur va Mirzo Ulug‘bek tumanlari IIB Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasiga yuborildi» deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, 10-sinf o‘quvchisi S.A.ning ota-onasi farzand tarbiyasiga befarqligi uchun O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi 1-qismiga asosan eng kam ish haqining ikki barobari, ya’ni 405 460 so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.

Bundan tashqari, tegishli hujjatlar asosida joriy yilning 10-may kuni Mirzo Ulug‘bek tumani Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasi 9-sinf o‘quvchisi Sh.Sh.ning ota-onasi farzand tarbiyasiga befarq bo‘lganligi va Vazirlar Mahkamasining 139-sonli Qarorida belgilangan maktab hududida mobil telefondan foydalanish qoidalarini buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi 1-qismiga asosan eng kam oylik ish haqining uch barobari, ya’ni 608 190 so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g‘risida»gi hamda «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida»gi Qonunlar talablariga qat’iy amal qilinishida ta’lim muassasasida o‘quvchilar tomonidan huquqbuzarlikni sodir etilishining oldini olishga yetarli darajada e’tibor qaratmaganliklari, o‘quvchilar axloqi ustidan nazoratni susaytirganliklari uchun maktab direktori hamda o‘rinbosarlariga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-bandiga muvofiq hayfsan e’lon qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring