Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

XTV: Maktabga to‘lov kategoriyalar asosida amalga oshirilishi haqida ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri emas

XTV: Maktabga to‘lov kategoriyalar asosida amalga oshirilishi haqida ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri emas

Foto: «Google.com»

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi internet tarmog‘ida maktabga to‘lov kategoriyalar asosida amalga oshirilishi haqida ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri emasligini ta’kidlaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Bolalarni davlat umumta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Bolalarni davlat umumta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga ko‘ra, 81 ta umumta’lim muassasalariga bolalar asosiy va qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinadi.

Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan umumta’lim muassasalariga biriktirilgan mikrohududda istiqomat qilayotgan fuqarolarning (tegishli yilning 31 dekabriga qadar 7 yoshga to‘ladigan) farzandlari, otasi yoki onasi I guruh nogironi bo‘lgan hamda yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sonini inobatga olgan holda asosiy kvota shakllantiriladi.

Umumta’lim muassasalarining imkoniyatidan kelib chiqib, mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan (tegishli yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan), shuningdek, umumta’lim muassasalarida ta’lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bolalar uchun qo‘shimcha kvota ajratiladi.

Qo‘shimcha kvota bo‘yicha umumta’lim muassasalariga qabul qilish uchun bir bolaga nisbatan quyida nazarda tutilgan holatlarning har bir bandi bo‘yicha ota-onalarning ixtiyoriy roziligi asosida eng kam oylik ish haqining o‘n baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik yig‘imlar undiriladi:

a) mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi bolalar;

b) mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan, ya’ni tegishli yilning 1 yanvaridan 31 dekabriga qadar 7 yoshga to‘lmaydigan bolalar;

v) umumta’lim muassasalarida (mikrohudud va mikrohududdan tashqari) ta’lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bolalar uchun.

Ta’kidlab o‘tamizki, qo‘shimcha kvota bo‘yicha qabul to‘lov miqdorini Kuzatuv kengashlari belgilaydi. Mazkur mablag‘lar maktabdagi sharoitlarni yaxshilash hamda ta’lim muassasasining rivojlanishiga hissa qo‘shgan maktab o‘qituvchilari va direktorini rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladi.

Umumta’lim muassasalarining 1-sinfiga qabul jarayonlari bevosita Kuzatuv kengashi a’zolari tomonidan nazorat qilib borish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Kuzatuv kengashi a’zolari maktab mablag‘larini to‘g‘ri sarflanishini nazoratga oladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring