Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yagona maktab formasini qayerdan sotib olish mumkin?

Yagona maktab formasini qayerdan sotib olish mumkin?

Foto: Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati

Xalq ta’limi vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yagona maktab formasi bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qarori ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risida videokonferensiya tarzida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan vazifalar va hududlardagi holat bo‘yicha batafsil to‘xtalgan.

2019-2020 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida zamonaviy yagona maktab formasi joriy etilayotgani munosabati bilan ta’lim muassasalari, joylardagi xalq ta’limi bo‘limlari va boshqarmalari rahbarlari maktab formalarini vaqtida ishlab chiqarishni tashkil etish uchun o‘quvchilar soni bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z vaqtida shakllantirishi lozimligi ta’kidlangan.

Bundan tashqari, vazir o‘rinbosari tomonidan maktab direktorlarining maktab formasi xaridi bilan bog‘liq masalalarga aralashishi qat’iyan taqiqlanganligi takror va takror aytilishiga qaramasdan ayrim maktab direktorlari ota-onalarga qaysi ishlab chiqaruvchining maktab formasini sotib olishlari kerakligini «tavsiya» qilib kelayotgani tanqid ostiga olindi. Ta’lim muassasasi xodimlari ushbu jarayonlarga aralashmasligi haqida ogohlantirildi.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi 666-sonli qaroriga ko‘ra, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ro‘yxatini hududlar bo‘yicha shakllantirishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan birgalikda respublikaning har bir tuman (shahar) markazining aholiga qulay joylarida maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shahobchalarini tashkil etishlari, savdo shahobchalarining joylashish manzillarini ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinishi belgilangan edi.

Yig‘ilish yakunida qarorda ko‘rsatib o‘tilgan vazifalar bilan birgalikda maktablarda tashkil etiladigan ota-onalar majlislarida ta’lim muassasalariga maktab formasining afzalliklari to‘g‘risida tushuntirish ishlarini doimiy ravishda olib borish, maktab direktorlari yoki sinf rahbarlari tomonidan yagona maktab formasini sotib olish jarayoniga aralashuvini qat’iyan cheklash bo‘yicha choralar ko‘rish kabi qator vazifalar belgilab berildi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring