Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana bir yosh kitobxon «Spark» yutib oldi

Yana bir yosh kitobxon «Spark» yutib oldi

Foto: Yoshlar ittifoqi

20-30 yoshlar o‘rtasidagi «Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi. Tanlovning  14 nafar qatnashchisi «O‘zbek adabiyoti bilimdoni», «Jahon adabiyoti bilimdoni», «Buyuk mutafakkir va adib» hamda «She’riyat» kabi 4 ta shart bo‘yicha bellashishdi.

Umumiy baholash natijalariga ko‘ra, Toshkent shahridan Toshkent davlat pedagogika universitetining 3-bosqich talabasi Shohsanam Xolboyeva 327,2 ball bilan «Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi «Spark» avtomobili va «Kitob olami» do‘koniga 3 oylik xarid uchun 20 foiz chegirmaga sazovor bo‘ldi.

«Yosh kitobxon» tanlovi respublika bosqichiga tayyorgarliklar davomida 60 dan ortiq kitoblarni o‘qib chiqdim. Mazkur tanlovda g‘olib bo‘lishga ahd qilib, tayyorgarliklarga puxta yondashdim. Uyimizda ota-onam kichik kutubxona yaratib bergan. Bu kabi imkoniyat va shart-sharoitlar uchun ulardan cheksiz minnatdorman. Tanlovgacha tinimsiz o‘qidim, asarlarni tahlil qildim. Yodda qolishi uchun eng muhim nuqtalarni daftarimga qayd etib bordim. Bugun esa ko‘p kitob o‘qib, badiiy savodxonligimni oshirganligim natijasida Prezident sovg‘asi «Spark» avtomobiliga sazovor bo‘ldim», — deydi tanlovning 20-30 yosh toifasidagi ishtirokchilarining mutlaq g‘olibi Shohsanam Xolboyeva. —«Hozirga qadar 400 dan ortiq badiiy asarni o‘qib chiqqanman. Mutolaalarim davomida Usmon Nosir, Lev Tolstoy, Paulo Koelo kabi adiblarning ijodini katta qiziqish bilan mutolaa qildim. Kelajakda eng sevimli, malakali o‘qituvchi bo‘lib, o‘zim kabi yosh kitobxonlar davrasini kengaytirishni maqsad qilganman».

Toshkent viloyatidan Dilnavoz Najimova 264,5 ball bilan 2-o‘rinni egallab, kompyuter jamlanmasi va «Kitob olami» do‘koniga 3 oylik xarid uchun 15 foizlik chegirma bilan taqdirlandi.

Jizzaxlik Dilnavoz Ilhomova esa 259,2 ball bilan 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, 200 ta kitoblar jamlanmasi va «Kitob olami» do‘koniga 3 oylik xarid uchun 10 foizlik chegirmaga ega bo‘ldi.

Tanlovning barcha ishtirokchilari «Dugonalar» va «Yosh kuch» jurnali hamda «Yoshlar ovozi» gazetasiga 1 yillik bepul obuna bo‘ldi.

2018 yilgi «Yosh kitobxon» tanlovining saralash bosqichlarida 20-30 yosh toifasidagi 1128 nafar ishtirokchi o‘z bilimini sinab ko‘rdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring