Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi - 2019» tanlovi videokuzatuv ostida o‘tkaziladi

«Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi - 2019» tanlovi videokuzatuv ostida o‘tkaziladi

Foto: Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati

Joriy yilning 12 aprelidan 1 may kuniga qadar «Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi-2019» respublika tanlovining birinchi (tuman, shahar) bosqichi o‘tkazildi. Tanlovning mazkur bosqichida respublika bo‘yicha 80 ming nafarga yaqin o‘qituvchilar ishtirok etdi. Qizg‘in bahslardan so‘ng ularning 2376 nafari tanlovning ikkinchi bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Joriy yilning 6 may kunidan boshlab 13 ta fan yo‘nalishida tanlovning ikkinchi bosqichiga start beriladi. Tanlov Nizomiga muvofiq, ikkinchi bosqichni o‘tkazish Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari zimmasiga yuklatiladi. Tanlovning ikkinchi bosqichi 3 ta shart asosida bo‘lib o‘tadi.

Tanlovni adolatli o‘tkazish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida test topshiriqlari Respublika ta’lim markazining har bir hududga biriktirilgan mas’ul xodimlari kuzatuvi ostida o‘tkaziladi. Hududiy xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan belgilangan ta’lim muassasalari test jarayonlarini bevosita kuzatib borish maqsadida videokuzatuv vositalari bilan ta’minlangan.

Birinchi shart natijalariga ko‘ra 26 va undan yuqori ball to‘plagan ishtirokchilargina ikkinchi shartda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, tanlov shartlarini bajarish jarayonlarini tasvirga olish tavsiya etiladi.

Tanlovning ikkinchi bosqichida uchta shart bo‘yicha 76 ball va undan yuqori ko‘rsatkich qayd etgan ishtirokchilar orasidan har bir fandan eng yuqori ball to‘plagan bir nafardan 1-, 2-, 3-o‘rinni egallagan sovrindorlar aniqlanadi.

Ishtirokchilarning ballari teng bo‘lib qolgan taqdirda, tegishli fan bo‘yicha qo‘shimcha 10 tadan test savollari berish orqali g‘olib aniqlanadi. G‘olib aniqlanguniga qadar test jarayoni takroriy davom ettiriladi. Bu esa tanlovda sog‘lom raqobatni yanada kuchaytiradi.

Xalq ta’limi vazirligi ikkinchi bosqichni o‘tkazishga mas’ul xodimlarni tanlovni adolatli va shaffof o‘tkazishga chaqiradi hamda barcha ishtirokchilarga omad tilaydi!

Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring