Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

1-sinfga onlayn qabul va boshqa platformalar haqida (video)

1-sinfga onlayn qabul va boshqa platformalar haqida (video)

Abduvali Haydarov

«Qulay hayot» videoloyihasi 1-sinfga onlayn qabul, raqamli kutubxona, ijtimoiy himoya reyestri bilan bog‘liq dolzarb loyiha, boquvchisini yo‘qotgan yetim bolalar manfaatiga xizmat qiluvchi shaffof tizim, 15 ta fan asosida ishlab chiqilgan – o‘yin o‘ynash orqali bilim olishga mo‘ljallangan platformalar haqida Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi bosh direktori Abduvali Haydarov bilan eksklyuziv suhbat tashkil qildi.

– Assalomu alaykum, Abduvali Abdunabiyevich. Bugun xalq ta’limi tizimining raqamlashtirilishi tufayli nafaqat o‘quvchilar va ota-onalar, balki o‘qituvchilar uchun ham yangi imkoniyatlar taqdim etilmoqda. Bu jarayonda siz rahbarlik qilayotgan markazning ham hissasi katta deb o‘ylaymiz. Shunday ekan, keling, suhbatni markaz faoliyati bilan tanishishdan boshlasak.

– Markazimiz Xalq ta’limi vazirligi huzurida tashkil etilgan bo‘lib, faoliyatini 2018 yil 28 noyabrdan boshlagan. Hozirgi kunda vazirlik ko‘rsatmalari asosida 30 dan ortiq loyihalarni amalga oshirib kelyapti.

– Oldinga qo‘yilgan maqsadlar va qisqa davr ichida erishilgan natijalarga ham to‘xtalsangiz?

– Maqsadimiz xalq ta’limi tizimida katta raqamlashtirish ishlarini olib borish orqali aholiga qulayliklar yaratish, ularning sarsongarchiligini kamaytirish, shuningdek, dunyo standartlariga asoslangan onlayn ta’lim platformalarini yaratish, bolalarga bilimni o‘yinlar orqali yetkazish kabi qo‘shimcha resurslarni ishlab chiqishga yo‘naltirilgan.

Masalan, katta loyihalarimizdan biri my.maktab.uz hozirgi kunda Toshkent shahri va bir qator viloyat markazlarida ishga tushirilgan bo‘lib, u orqali 1-sinfga onlayn qabul amalga oshiriladi. Loyihaga 800 dan ortiq maktab qamrab olinib, 100 mingdan ziyod o‘quvchi kvotalari shakllangan. Bundan tashqari, maktab.uz, artshop.itsm.uz, raqamli kutubxona, elektron shahodatnoma, kitob.uz, smartland, Yangi O‘zbekiston ustozlari, ijtimoiy himoya reyestriga ulangan sp.maktab.uz, boquvchisini yo‘qotgan yetim bolalar uchun mo‘ljallangan loyihalarimiz ham bor.

– Shu o‘rinda raqamli kutubxona loyihasining mazmun-mohiyati bilan tanishtirib ketsangiz.

– Ta’lim maskanlarida bosqichma-bosqich joriy etilayotgan ushbu loyiha maktablarda mavjud kutubxonalar tizimiga kiritilmoqda. Bunda o‘quvchining kutubxonadan olgan kitobi QR-kod orqali tizimga biriktirib qo‘yiladi va billing tizimi ishga tushadi. Agar bola belgilangan muddatda kitobni topshirmasa yoki muddatni cho‘zdirib ketmasa, billing tizimi bu haqda xabar beradi. Tizim tufayli kutubxonachi kim, qachon, qaysi kitobni olib ketganidan xabardor bo‘lib turadi. O‘z-o‘zidan o‘quvchilarning tartibli harakati yo‘lga qo‘yiladi. Loyihaning yana bir foydali jihati, kutubxonalarda mavjud kitoblar bazasining shakllanishidir. Agar tizimni maktablararo ulashga muvaffaq bo‘lsak, qaysi maktabda qanday kitoblar ko‘pligi yoki aksincha kamligini bilib olamiz va shu tariqa ularning teng taqsimlanishiga erishishimiz mumkin.

– Bizni maktab.uz onlayn platformasi ham qiziqtirib qo‘ydi. Ayting-chi, u aholiga, o‘qituvchilarga qanday qulayliklar yaratadi?

– Bilasiz, pandemiya davrida bolalarimiz uydan turib, onlayn o‘qishdi. Darslar televideniye orqali uzatildi. O‘shanda ayrim sabablarga ko‘ra darslarni kuzata olmagan o‘quvchilar uchun maktab.uz platformasiga efirga uzatilgan har bitta dars videosi joylab borildi. Natijada qoldirilgan darslarni xohlagan vaqtida va joyida kuzatish mumkin bo‘ldi. Endilikda tizimni yangi imkoniyatlar bilan boyitishni rejalashtirganmiz. Ya’ni har bitta dars uchun test yuklab borilib, o‘quvchi ularni yechish orqali o‘zining o‘zlashtirish darajasini tahlil qilib boradi.

– Ijtimoiy himoya reyestri bilan bog‘liq loyiha ham dolzarb, nazarimda. Unga ham qisqacha izoh berib ketsangiz.

– Ushbu loyiha orqali respublikamizdagi kam ta’minlangan oilalar farzandlari darsliklar, maktab formalarini bepul olish, Barkamol avlod maktablarida yo‘lga qo‘yilgan to‘garaklarga imtiyozlar asosida qatnashish, shuningdek, farzandi ixtisoslashgan maktablarda o‘qiydigan ota-onalar badal pulidan ozod etilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Buning uchun ota-onalar maktabga sarson bo‘lib borib yurishmaydi. Bolaning ijtimoiy himoyaga muhtojligi maktabdagi mas’ul xodimlar tomonidan tizim bazasi orqali ko‘riladi va shu asosida ish yuritiladi.

– Yuqorida boquvchisini yo‘qotgan, ya’ni yetim bolalar manfaatiga xizmat qiluvchi loyiha haqida so‘z yuritdingiz. Bu qanday loyiha?

– Ushbu tizim ikkiga bo‘linib, biri mehribonlik uylari tomonidan kiritib boriladigan ma’lumotlar bo‘lsa, ikkinchisi bola asrab olish bilan bog‘liq. Birinchi qismida bolaning uy-joyga muhtojligi shaffoflikka asoslangan holda ta’minlanadi.

Ikkinchi qismi haqida gapiradigan bo‘lsam, bilsangiz, oldinlari bola asrab olish uchun 7-8 ta tashkilotga qatnash, hujjatlarni norasmiy to‘g‘rilash holatlari ko‘p uchrardi. Natijada ayrim bolalar aziyat chekib qolishardi. Yangi tizimning bir qator vazirlik va idoralarga ulanishi hisobiga endi ma’lumotlar shaffof o‘rganilib, murojaatchi tegishli talablarga javob bersa, uydan turib bola asrab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

– Sizningcha, markaz tomonidan amaliyotga tatbiq etilgan qaysi loyiha odamlar orasida ommalashishga ulgurdi?

– Kitob.uz elektron kutubxona loyihamiz bor. Unga 4000 ga yaqin elektron va audio kitoblar qamrab olingan. Undan nafaqat respublikamizdagi, balki xorijda o‘qiyotgan, yashayotgan bolalar ham foydalanishlari mumkin. Ya’ni o‘zbek tilidagi adabiyotlarni, resurslarni o‘qib-o‘rganish imkoniyatiga ega.

– Bugungi kunda my.gov.uz tizimiga integratsiya qilinishi rejalashtirilayotgan loyihalaringiz ham bormi?

– Albatta, bor. Masalan, ota-onalar my.maktab.uz dan my.gov.uz orqali ham foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bundan tashqari, elektron shahodatnoma loyihasini integratsiya qilish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda ish jarayoni ketyapti. Bu qulaylik amaliyotga joriy etilsa, o‘quvchilar o‘z shahodatnomalarini baza orqali yuklab olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Shuningdek, oliy ta’limga integratsiya qilinishi hisobiga o‘qishga topshirish jarayonida abituriyentlardan shahodatnoma so‘ralmasligiga erishiladi.

– Hozirgi kunda bolalarning gadjetlarga qiziqishi kuchli. Innovatsion ta’limda bu jihat ham e’tiborga olinyaptimi?

– Haqiqatan, bugun bolalarni telefon va gajetlardan ajratish qiyin. Shuni inobatga olib, o‘yin ko‘rinishidagi smartland platformasini yo‘lga qo‘yganmiz. Ya’ni bolalar ham o‘yin o‘ynashadi, ham bilim egallab borishadi.

Platformani internet do‘konlariga chiqarganimizga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramay, qisqa fursatda 20 mingga yaqin o‘quvchi tomonidan yuklab olindi. Undagi o‘yinlarni umumiy 15 ta fan doirasida ishlab chiqqanmiz. Hozircha 136 ta o‘yin, 2008 ta mashq yuklaganmiz... 

Suhbatni to‘liq shaklda videoda ko‘rishingiz mumkin.

Loyiha muallifi: Shohida Isroilova

Boshlovchi: G‘olibnazar Qurbonov

Videomuhandis: Sa’dulla Obidjonov

Operator: Akmal Qudratov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring